x

Saytimiz kuzatuvchilaridan biri endigina chillasi chiqqan chaqalog'ining haddan tashqari ko'p qayt qilayotganidan xavotir olib, murojaat qildi. Uning aytishicha, chaqaloq ba'zida kuniga o'n martadan ham ko'p qayt qiladi. Ayrimlar oshqozoni kichik bo'lgani uchun shunaqa bo'lyapti degan bo'lsa, boshqalar bunchalik ko'p takrorlanishi mumkin emasligini bildirishgan.
Aslida, chaqaloqning qayt qilishi tabiiy jarayonmi? Bu holatga nimalar sabab bo'ladi? Quyida shu haqida ma'lumot beramiz.

To‘rt oylikkacha bo‘lgan go‘daklarning 65 foizdan ko‘prog‘i kuniga hech bo‘lmaganda bir marta emgan sutini qayt qiladi. Aslida, bu me’yoriy holat hisoblanadi. Chunki go‘daklarning oshqozon-ichak yo‘li tuzilishi va ishlashi qayt qilishga moyil bo‘ladi. Go‘dak oshqozoni gorizontal holatda, qizilo‘ngach qisqa va to‘g‘ri, oshqozonga kirishini berkitib turadigan sfinkter-mushak yetarlicha rivojlanmagani tufayli iste’mol qilingan ovqat osonlik bilan oshqozondan qizilo‘ngachga, undan esa og‘iz bo‘shlig‘iga tushadi. Ovqat hazm qilish uchun javobgar ba’zi fermentlarning yetishmasligi, shuningdek muddatidan oldin tug‘ilgan va kam vaznli go‘daklarda ko‘proq kuzatiladigan nafas olish, so‘rish va yutish jarayonlarining yetarlicha o‘zaro muvofiqlashmaganligi ham qayt qilishga moyillikni oshiradi.
Bola o‘sib borgani sari ovqat hazm qilish tizimi to‘liq shakllanadi. Shundan so‘ng qayt qilish o‘z-o‘zidan kamayadi. Bungacha esa bola garchi sog‘lom bo‘lsada, ovqatlantirish payti, ovqatlantirilganidan so'ng yoki undan biroz o‘tib emgan sutini qayt qilib turishi mumkin. Bunday hol bolaning kayfiyati, umumiy ahvoli va tana vazni ko‘rsatkichiga mutlaqo ta’sir ko‘rsatmaydi.

Me'yordan ko'p qayt qilish kasallikmi?

Nafaqat kasallik alomati, balki noto‘g‘ri ovqatlantirish mahsuli ham bo‘lishi mumkin.
Ovqat hazm qilish tizimi kasalliklari qayt qilishning alomatlari:
– tug‘ma anomaliya: qizilo‘ngach atreziyasi, bunda qizilo‘ngach va oshqozon o‘rtasidagi bog‘lama bo‘lmaydi;
– oshqozondan chiqish yo‘lining o‘ta torligi – pilorostenoz, bunga yallig‘lanish, o‘sma o‘sishi sabab bo‘lishi mumkin;
– pilorospazm (oshqozon mushaklari apparatini boshqarish asab tolalaridagi o‘zgarishlar);
– metiorizm (qorin dam bo‘lishi va ortiqcha gaz to‘planishi) ko‘rinishidagi kasalliklar va qabziyat (ich qotishi), aksariyat hollarda oshqozonosti bezi va yo‘g‘on ichak xastaliklari.

Go‘dakda ich kelishi va axlati xarakteri onaning ko‘krak suti bilan bolasini emizishiga bevosita bog‘liq. Ko‘p miqdorda qo‘shimcha mahsulotlar (nok, xom banan, achchiq choy, guruch), shuningdek, ortiqcha gaz hosil bo‘lishiga sabab bo‘ladigan (mol suti, dukkaklilar) go‘dakda yuqorida aytgan holatlarga sabab bo‘lishi mumkin.

Bolani hadda ziyod ko‘p emizib yuborish hamda emish jarayonida ko‘p havo yutishi ham shunday salbiy holatlarni keltirib chiqaradi. Shu bois, bola emayotgan vaqtda ko‘krakni yaxshi so‘rishi va ko‘krak tugmachasi atrofi va go‘dak og‘zi orasida ochiq joylar qolmasligiga alohida e’tibor qaratish lozim. Bolani emizib bo‘lgandan keyin uni bir muddat tik holatda tutish va shu orqali oshqozonga tushgan havoning tabiiy yo‘l bilan chiqib ketishini ta’minlash muhim hisoblanadi.

To Top ↑
To Top ↑