Albatta, har bir oilaning o‘z dunyoqarashi, yo‘l-yo‘rig‘i bor. Ammo umumiy qilib oladigan bo‘lsak, negadir o‘zbek erkaklarida ayolga nisbatan hurmat va ehtirom hissi kamdek.
Otalar: - Qiz bola o‘qimasa ham bo‘ladi.
Onalar: - Orasta kelin, sabrli xotin, mehribon ona bo‘lsang yetarli.
Akalar: - Bitta nojo‘ya qadam bossang, o‘lasan.
- Nega bizning xalqimiz orasida og‘irroq xasta bo‘lib qolsa turmushi buzilib ketayotgan ayollar ko‘p?
- Nega farzandi nogiron tug‘ilsa xotini va bolasini tashlab ketadigan erkaklar ko‘p?
- Nega, ko‘chada ketayotgan har qanday qizga yomon va behayo ko‘z bilan qaraydigan, gap otadigan yigit va erkaklar ko‘p?
- Nega qizlarni hurmat qilishdan ko‘ra, kalaka qilishni, bo‘lar-bo‘lmasga ustidan kulib, mazax qilishni qoyil qiladigan yigitlar ko‘p?
- Nega xotini uchun uy ishlarida, bola parvarishida yordamlashadigan erlar kam?
- Nega rafiqasi betob bo‘lganida, o‘zi betob bo‘lganida xotini qilgan parvarishiga yarasha qarzini uzadigan erlar kam?
Bu muammolarda biz ayollarning hissamiz katta deb o‘ylaganmisiz hech? O‘g‘illarimizni har qanday tanish va notanish ayolga, qizga nisbatan hurmat ruhida tarbiyalamaymiz.
Qaynona-qaynotaning kelinga, otasining onasiga, otasining qizlariga qilayotgan muomala va munosabati oilada o‘sib kelayotgan o‘g‘il farzandning qiz va ayollarga bo‘lgan munosabatini shakllantiradi. Qolaversa, onaning o‘g‘illarida uyg‘ota oladigan toza insoniy fazilatlari natijasida yigit kishida jentlmenlik fe’l-atvori shakllanadi.
Shunday ekan, o‘g‘illaringizni bog‘cha yoshidanoq qizlarning sochidan tortish, urish, so‘kish o‘g‘il bolaga xos ish emasligini, uni himoya qilish, yordam berish, yig‘laganida ovutish, kayfiyatini ko‘tarish haqiqiy erkakning ishi deb o‘rgatish kifoya.
Ana shunday oddiy va sodda tushuntirishlarimiz yig‘ilib-yig‘ilib oliy darajadagi fazilat egasini shakllantiradi.