x

Bugun poliklinikaga borgandim. Meni qabul qiladigan vrach oldida bir ayol, to`g`rirog`i, onaxon o`tirgan ekan. Ayolning xonadan chiqishini kutib, eshik oldiga qo`yilgan divanga o`tirdim. Vrach qog`ozga ayol salomatligi uchun zarur bo`lgan dorilar ro`yxatini yozardi. 

Onaxon shikasta ovozi bilan vrachga yolbordi: 

- Juda ko`p dori yozavermang. Baribir ololmayman. 

- Nimaga ololmaysiz? Shu dorilar sizga kerak. Qand kasalingiz bor, qoningiz quyuqlashgan. Hech bo`lmasa, kindikka 5 ta ukol olishingiz kerak. Avval kelganingizda ham aytgandim. Tahlillarga qarab yozgandim. 

- To`g`ri, yozib beruvdiz, lekin... Ukol dorisi juda qimmat ekanda... Yana 5 ta... Yo`q, yo`q, kuchim etmaydi. Trombass icha qolay. Shunisi menga ma'qul. 

- Onaxon, uch o`g`lingiz bor-ku? 

- Ha, bor. 3 nafar o`g`lim bor. 

- Uchalasi bir bo`lib, pul tashlashsa, olasiz. Yoki shifoxonaga yotqizaymi? 

Onaxon bir oz o`ylanib turdida, keyin shifokorga yuzlandi: 

- Shifoxonaga yotolmayman. Habar oladiganim yo`q hisobi. Yana hamma og`irlik kenja o`g`limga tushadi. 

- Tushunmadim. 

- Hozir yozib bergan dorilaringizni ham kenja o`g`lim olib beradi. Kasalxonaga ham shu o`g`lim boradi. O`zi ko`pchilik jon. Kelinim maktabda o`qituvchi. 5 nafar bola, hali hammasi yosh. O`g`lim xaydovchi. 

- Katta o`g`lingiz juda boyvachchaku... Qo`lida do`konlari, aptekalari bor. Ana shunga... 

- Iltimos, unga ayta ko`rmang. Aptekasi bo`lsayam dorilarimni olib bermaydi. 

- O`g`lingizga o`zim aytaman. U men bilan yaxshi muomalada... 

- So`zingiz erda qoladi. U ikki bolasini kontraktda o`qitayapti. Qolaversa, kelinimni onasi bilan Umraga jo`natayapti.... 

- Hotini bilan qaynonasini Umraga yuborishdan oldin Sizga qayishsa bo`lmaydimi? Kasalingiz ancha jiddiy. Oldini olmasa bo`lmaydi. 

Onaxon chuqur xo`rsindi. O`rnidan turgan ediki, boshi aylanib, o`tirgan stuliga yiqildi. Bir pasda hamshiralar kirib, uni toza havoga olib chiqishdi. Shu vaqt kenjatoy o`g`li kelib, onasining boshini bag`riga oldi. Dastro`molchasi bilan yuzidagi terlarni artdi. So`ng qo`l telefonini olib akalariga qo`ng`iroq qildi. Ammo ikki boyvachcha akalardan sado chiqmadi. 
Onaizor o`ziga kelgach, uni qo`ltiqlab olganicha uyiga shoshildi...

Men vrach xonasiga kirganimni bilaman, vrach xafa bo`lib onaxonning ikkinchi o`g`li bilan qattiq-qattiq gaplashayotganini angladim: 

– Tushunarli. Ammo sayohatni keyinroqqa sursangiz ham bo`ladiku... qolaversa, qiz bolani xorijga yuborish shartmi? E... e... sadqayi o`g`il ketinglar-e... Otangiz rahmatli qanday yaxshi inson edilar. Insofli, mehribon. Onangiz bilan sizlarni katta qilishning o`zi bo`lmagan. Sal isitma chiqib, ih desanglar, darrov oldimga chopishar edi. Shuning uchun sizlarni yaxshi bilaman. Vaqt g`animat... Onangizning ko`ngillarini oling. Har qanday sayohat va orzu havasning fursati bo`ladi... 
Shifokor go`shakni qo`ydi. Ammo ancha asabiy edi. Men nimadan gap ochishni bilmay o`ylanib qoldim.

HAFIZAHON ShAROFHO`JA kizi

To Top ↑
To Top ↑