x

1. Farzandlaringizni Al- lohning buyuk ne’mati deb bi- ling. Ular tug‘ilganida behad quvoning. Sizga onalik va murabbiylik baxtini bergan Allohga hamdu sanolar ayting. Alloh taologa ko‘p duo qiling, toki farzandingiz to‘g‘ri yo‘ldan adashmay, ummatimiz faxri bo‘lsin.

2. Agar farzandingiz bo‘lmasa, Hazrat Zakariyo (a.s.) kabi duo qiling. Duo quyidagicha: «Ey, Robbim, menga O‘z huzuringdan yaxshi zurriyot bergin. Albatta, sen duoni eshituvchisan» (Oli Imron, 38).

3. Homiladorligingizni bilsangiz, bola ortiqcha, qiynalib qolmasmikanmiz, deb zinhor uni olib tashlashga oshiqmang. Bu ulkan gunoh sanalgani sababli bu ishga qo‘l urmang.

4. Go‘dak dunyoga kelgach, uni cho‘miltiring, so‘ngra o‘zingiz ham poklanib oling. So‘ngra bolaning o‘ng qulog‘iga azon, chap qulog‘iga iqomat aytmoq joiz. Farzand tug‘ilishi bilanoq ilk eshitadigan so‘zlari – Alloh va uning payg‘ambarining ismlari bo‘lishi katta ahamiyatga ega. Ushbu tarbiya haqida Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar: «Yosh bolalaringizga birinchi bo‘lib «La ilaha illalloh» kalimasini eshittiringlar».

5. Azon chaqirilgandan keyin uyning ulug‘i yoki biron-bir hurmatga sazovor inson bolaning tanglayiga shirinlik yoki asalni surishi hamda yangi tug‘ilgan mehmonni chiroyli va xayrli duo qilishi so‘raladi.

6. Farzandingiz uchun munosib ism tanlang. Farzandingizga payg‘ambarlar yoki sahobalar ismini yoxud Alloh ismlaridan biriga «Abd» qo‘shimchasini qo‘shib ism qo‘ying. Masalan: Abdulloh, Abdurahmon.

7. Agar bilmagan holda noma’qul ism qo‘ygan bo‘lsangiz, uni darhol almashtiring.

8. Yettinchi kuni imkon qadar aqiqa qiling. O‘g‘il farzand uchun ikki qo‘yni, qiz uchun bir qo‘yni so‘yiladi. Undan keyin bolaning boshidan bir tutam soch kesib, uning og‘irligiga teng miqdorda oltin yoki kumush hisobida pul sadaqa qiling. Amallar imkoniyat darajasida bajariladi.

9. Yettinchi kuni farzandingizni xatna qildiring. Agar bunga imkoniyat bo‘lmasa, yetti yoshgacha albatta sunnat qildirish shartligini unutmang.

10. Bolaning tili chiqishi bilanoq unga eng avvalo «La ilaha illalloh» kalimasini o‘rgating.

11. Farzandingizni faqat ko‘krak suti bilan boqing. Bu farzandingizning haqi hisoblanib, Qur’oni Karimda bu haqda aniq aytilgan. Bola uni emizdirgan onasiga nisbatan nihoyatda mehribon bo‘ladi. Bunda bolalar onasiga nisbatan itoatkor bo‘ladi. Ona sutining har bir tomchisi bilan farzandida Alloh va Payg‘ambariga iymon hamda muhabbat hissi hosil bo‘ladi. Imkon qadar tumor va ko‘zmunchoqlardan saqlanishga harakat qiling. Buning o‘rniga farzandlaringizga hayotning turli holatlarida asqotadigan duolarni o‘rgating.

12. Bolani bo‘lar-bo‘lmasga qo‘rqitmang. Bolaning ilk yoshlaridagi rivojlanishi butun kelajak hayotiga ta’sir qilishini unutmang. Farzandingiz hayotda uddaburon, tirishqoq, komil inson bo‘lishi uchun uni munosib tarbiyalang. Bola och paytida biron ishni buyurmang.

13. Bolaning biron-bir xatti-harakati yoqmaganida darrov urishmang. Uning kamchiliklarini yuziga solmang, aksincha mehribonlik ko‘rsating. Bolani tarbiyalashda sabrli va matonatli bo‘ling.

14. Bolangizni mehr va muhabbat bilan tarbiyalang. Imkon qadar ularning muammolari bilan qiziqing. Farzandlaringizda kattalarga itoatkorlik ruhini tarbiyalang. Bolani hadeb tergayverishdan tiyilishga harakat qiling. Buning o‘rniga boshini silab, uning nohaqligini sekingina tushuntiring.

15. Kichik yoshdagi bolalarni erkalating. Tizzangizga o‘tqazib suhbatlashing. Qattiqqo‘l bo‘lmang. Bu holatda o‘sgan bolalar hayotda o‘ziga ishonmagan, kuchsiz bo‘lib voyaga yetadi.

16. Butun kuch-quvvatingizni bolalaringizni munosib tarbiyalash hamda tegishli ta’lim berish uchun sarflang. Bu sizning eng asosiy burchingiz hisoblanadi.

17. Farzandlar o‘n yoshga kirgandan keyin jinsiga qarab alohida yotqizing.

18. Farzandlaringiz doimo ozoda, toza yurishlarini ta’minlang. Shaxsiy gigiyena qoidalarini ongiga singdiring. Kiyimlarini ozodaligiga e’tibor bering. Ammo ortiqcha zeb-ziynatga berilishdan ularni saqlang. Ularning kiyimlari oddiy va qulay bo‘lishi lozim. O‘g‘il bolalarga yorqin rangdagi, ularning jinsiga to‘g‘ri kelmaydigan kiyimlar kiyishiga yo‘l qo‘ymang.

19. Boshqalar oldida farzandlaringiz xatolarini yoki nojo‘ya ishlarini eslamang. Bolani urishdan saqlaning. Farzandlaringizdan biri aybdor bo‘lsa, hammani tergamang. Aybdor bolani chaqirib, og‘ir-bosiqlik bilan uning xatolarini tushuntiring.

20. Bolangizning har bir yutug‘ini rag‘batlantiring. Ularning ruhini ko‘tarib, o‘ziga ishonchini orttiring.

21. Bolaning har bir xohish-istagini qondirishga oshiqmang. Yumshoqlik bilan bolani bundan qaytaring. Gap uqtirish paytida qat’iy bo‘lishga harakat qiling. Qattiq gapirmay, bolalarni ranjitmay deb ularni qaysar, beodob bolalarga aylantirib qo‘ymang.

22. Bolalarga baqirishdan saqlaning. O‘zingizni qo‘lga olib ular bilan vazmin ohangda gaplashing.

23. Bolalarda barcha buyurilgan ishlarni vaqtida bajarish hissini rivojlantiring.

24. Agar farzandingiz atrofdagi bolalar bilan urishib qolsa, vaziyatni aniqlamay turib bolangizning oldini olmang.

25. Barcha farzandlaringizga birday munosabat bildiring.

26. Farzandlaringizga munosib ona bo‘lishga, sabrli va o‘ta vazmin tarbiyachi ekanligingizni unutmang. Hazillashib bo‘lsa-da bolalarga yolg‘on gapirmang. Ular uchun namuna ekanligingizni zinhor unutmang.

27. Qiz tug‘ilgan paytda xuddi o‘g‘il ko‘rgan kabi sevining. Qiz ham o‘g‘il ham Alloh Taoloning buyuk in’omidir.

28. Qiz bolani o‘g‘il boladan past ko‘rmang. O‘g‘il-qizni bir xil ko‘ring.

29. Qizlarga merosdagi tegishli ulushlarini bering. Ularni haqlarini ado etishda adolatsizlikka yo‘l qo‘yishdan saqlaning.

30. Risoladagidek ona – xo‘jayinining hurmatini farzandlari yuragiga singdirgan ayol hisoblanadi. U turli misollar yordamida bolalariga otaning oiladagi o‘rnini tushuntiradi. Masalan, biron-bir muammo ko‘tarilsa, «buni otangizdan so‘raymiz, ular rozi bo‘lsalar, shu ishni qilamiz», deydi. «Otangiz rozi bo‘lsalar, Alloh ham rozi bo‘ladi. Otangiz oilamiz ustuni».

31. Oqila ayol farzandlari oldida eri bilan tortishmaydi. Eri nohaq bo‘lgan taqdirda ham unga bo‘ysunadi. Ular holi bo‘lganida eriga vaziyatni tushuntirishga harakat qiladi. Risoladagidek ona eri va farzandlariga noxush xabarlarni taqdim etishda nihoyatda ehtiyot bo‘ladi. Ular uyga kelishi bilanoq ustlariga bir qancha savol yog‘dirmaydi, ularning kamchiliklarini aytmaydi. Buning o‘rniga ular uyga kirishi bilanoq ular bilan salomlashib, ovqatlantiradi, so‘ng zarur gapi bo‘lsa aytadi.

32. Risoladagidek ona farzandlari orasidagi oraliqni saqlashga urinadi. Ya’ni birinchi farzandi emizikli davrdan chiqib o‘zini eplaydigan holiga kelishini kutsa, tug‘ishdan keyingi holsizlikni oldini oladi va homilador bo‘lib emizikli bolani unga zarur bo‘lgan sutdan ayirmaydi. Shuning uchun ayol o‘zining sog‘lig‘i hamda bolani to‘laqonli ikki yil emizishi uchun vaqtinchalik homiladorlikdan saqlanishi lozim.

33. Oqila ona xo‘jayini va uning onasiga nisbatan itoatli bo‘ladi. Bu yo‘l bilan u farzandlarini ham itoatli va tarbiyali bo‘lishiga, oxir-oqibat Allohga itoatda bo‘lishga erishadi.

34. Qizlarni olib o‘tirmasdan tezroq turmushga berish zarur. Ammo ikki o‘g‘ilni bir vaqtning o‘zida uylantirmoq durust emas. Agar bunday bo‘lgan taqdirda, ularning biri alohida yashamog‘i lozim. Shunday qilinsa, ko‘pgina nojo‘ya vaziyatlardan qutulgan bo‘lasiz.

35. Qizingiz yetti yoshga kirgandan keyin erkaklar bilan qo‘l berib salomlashishdan saqlanishini ta’minlang.

 36. Farzandingizni chiroyli duo qiling. Allohning g‘azabidan hamda unga bo‘ysunmaslikdan saqlaning.

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

To Top ↑
To Top ↑