Yangi telefon olgan vaqtimiz uni soatlab “titkilaymiz”. Bo‘sh qoldik deguncha, undan foydalanamiz. Odatda, 2 yoshga to‘lgan bola ham gapirishni yaxshi ko‘radi. Bunga uning endigina “tili chiqqani” sabab bo‘lishi mumkin. Uni ko‘p gapirishga ichki motivatsiya yo‘naltiradi. O‘z irodasi bilan chiqargan har bir tovushi uni uni hayajonga soladi, xursand qiladi. Ya’ni u endi “bolam, dado‘ deb qo‘ygin”, deganingiz uchun emas, o‘zi xohlab dadasini chaqiradi, unga istaklarini aytadi. Aynan shu davr muhim hisoblanadi.
Bola o‘zi gapira boshlashi bilan ota-onasi ishlatgan so‘zlar orasida farqlarni ajrata boshlaydi. Bu davrni nutq talaffuzi nuqtayi nazaridan mo‘jizaviy davr deb atash mumkin. Kuchli g‘ayrat va istak bilan ota-onasi og‘zidan chiqqan so‘zlarga qarab o‘zi noto‘g‘ri talaffuz qilgan so‘zlarni tuzata boshlaydi.
Bola dastlabki davrlarda “suv” o‘rniga “chu” deyishi mumkin. Bola yonidagi kattalar uning bu talaffuzi ustidan kulmasdan uni jiddiy qabul qilib, “suv” deb aytilsa, so‘zlashuv, nutq faoliyatining sifati ortadi. Bu yerdagi muhim narsa bola talaffuzidagi noto‘g‘ri jihatni to‘g‘rilashdan iborat xolos.
Ko‘pchilik ota-onalar farzandining “tili chiqqanidan” sevinib, u aytgan har bir so‘zdan quvonishadi. Bola talaffuzidagi “chu”, “nanna”, “bibip” va hokazo so‘zlarni o‘zlari ham bola kabi talaffuz qilishadi. Bu esa bolada “demak, to‘g‘ri talaffuz qilayotgan ekanman”, degan signalni shakllantiradi. To‘g‘ri, bu keyinchalik tuzatiladigan holat. Ammo qanchalik erta harakat qilib, erta to‘g‘rilansa, shunchalik foydaliroq bo‘ladi.