x

Farzandning ota-onasi oldidagi burchlari ko‘p. Chunki ota-ona uni go‘dakligidan to jamiyatning to‘laqonli a’zosi bo‘lguniga qadar tarbiyalaydi, mehr beradi, o‘zidan-da ustun ko‘radi. Biroq ba’zida ota-onalar bolasi uchun yaxshi bo‘ladi deb unga mos bo‘lmagan qarorlar qabul qilishadi. Bolaning istaklarini, fikrlarini inobatga olishmaydi. “Bola-da hali”, deb o‘z bilganlaridan qolishmaydi.

Ammo bolaning rivojlanishida nafaqat ota-onaning qarorlari, balki bolaning nuqtayi nazari ham muhim sanaladi. Otasi harbiy bo‘lgani uchun bolani ham shu sohani davom ettirishi yoki ajdodlari muallimlik qilgani uchun uning ham o‘qituvchi bo‘lishi doim ham to‘g‘ri tanlov bo‘lavermaydi.

Buning uchun boladagi iste’dod, uning qiziqishlari bilan hisoblashish ham zarur. Avvalo, maktabgacha yoshdagi bolaning nimalarga qiziqishiga e’tibor qiling. U ko‘proq mashinalar o‘ynashni yoqtiradimi yoki “Lego”dan uy qurishnimi? Maktabga chiqqanidan so‘ng esa uning qaysi fanlarni yaxshi o‘zlashtirishi, qaysi fanlarni majburiy o‘rganadi va qaysi vazifalarni chin dildan bajaradi — shularni inobatga oling.

Eng muhimi esa farzandingizga do‘st bo‘lib, uning fikrlarini tinglang. Orzular, maqsadlar haqida odatda eng yaqin do‘stlarga aytiladi. Siz farzandingiz uchun eng yaqin do‘st bo‘lsangiz, u istagini ham, orzusini ham siz bilan baham ko‘radi. Ana shunda uning xohishiga qarshi qaror qabul qilmaysiz. Ota-ona va farzand o‘rtasidagi mehr shunda yana ham yuzaga chiqadi.

To Top ↑
To Top ↑