FARZANDLARI XUSUSIY MAKTAB YOKI BOGʻCHALARGA BORADIGAN OTA-ONALARGA DAROMAD SOLIGʻI BO‘YICHA IMTIYOZ BERILGAN
26.07.2022 yildagi O‘RQ-785-son Qonun bilan Soliq kodeksining 378-moddasiga o‘zgarish kiritilgan.
Kiritilgan o‘zgarishga ko‘ra,
«farzandlariga nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari yoki maktablar ko‘rsatadigan ta’limga oid xizmatlar uchun ota-ona va farzandlikka oluvchilar tomonidan har bir farzand uchun to‘lanadigan oyiga 3 million so‘mgacha bo‘lgan to‘lovlar» daromad solig‘iga tortilmaydigan to‘lovlar xisoblanishi belgilangan.
Bu degani, farzandlari yuqorida ko‘rsatilgan nodavlat ta’lim tashkilotlariga boradigan ota-onalar tomonidan har bir farzandining o‘qishi uchun xar bir oyda 3 mln so‘mgacha pul to‘lansa, ular to‘lagan o‘sha 3 mln so‘mgacha bo‘lgan to‘lovlari daromad solig‘idan ozod qilinadi. Misol uchun, 3 nafar farzandi shunday ta’lim tashkilotlariga boradigan ota-onalar farzandlarining o‘qishi uchun bir oyda 9 mln so‘m pul to‘lasa o‘sha to‘langan 9 mln so‘mdan daromad solig‘i (12%) olinmaydi. Yana bir holat shuki, bu normada 3 mln so‘mGACHA deyilmoqda. Bu degani aynan 3 mln so‘m bo‘lishi kerak degani emas. Undan kamroq to‘lansa xam bu imtiyozdan foydalanish mumkin faqat to‘lovning maksimal miqdori 3 mln so‘m.
Ushbu norma 2022 yilning 1 aprelidan boshlab yuzaga kelgan munosabatlarga tadbiq etiladi. Ya’ni, manashu sanadan boshlab bu qoida amalda ishlashni boshlagan.