x

Bugun dunyoning aksariyat rivojlangan davlatlarida demografik muammolar kuzatilmoqda. Aholi soni kamayib, hatto boshqa davlatlardan ko`chib keluvchilar ham bu bo`shliqni to`ldira olmayapti. Ho`sh, Markaziy Osiyo davlatlarida demografik vaziyat qanday? O`zbekiston aholi soni bo`yicha dunyoda nechanchi o`rinda?

Qozog`iston aholisi 20 million nafarga yetdi. Bu haqda 2023-yil 16-noyabr kuni mamlakat prezidenti Qosim-Jo`mart To`qayev ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali ma'lum qildi.

«Halqimizning soni 20 millionga etdi. Barchangizni ushbu muhim voqea bilan tabriklayman. Baxtli oila – millat farovonligi va mamlakat taraqqiyotining garovidir. Davlat oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish bo`yicha olib borilayotgan ishlarni davom ettiradi», deyiladi To`qayev e'lon qilgan xabarda.

Markaziy Osiyodagi beshta respublikaning SSSR tarqab ketgandan so`ng demografik ko`rsatkichlariga qaralsa xilma-xillikni ko`rish mumkin. Jumladan, O`zbekiston va Tojikistonda aholi soni tez suratlarda ko`paygan. Qirg`izistonda o`rtacha, Qozog`istonda esa ko`rsatkichlar ancha past bo`lgan. Hatto 1990-yillar o`rtalarida mamlakat aholisi 2 mln atrofida kamayib ketgan. 2015 yildan so`ng tug`ilish ko`payib, aholi soni ham shunga hamohang o`sa boshladi. Turkmaniston esa bu haqdagi ma'lumotlarni uzoq yillardan buyon oshkor qilmaydi. Umumiy hisobda Markaziy Osiyo aholisi 80 milliondan oshadi. Qo`yida beshta respublikada mustaqillikdan keyingi sodir bo`lgan demokratik vaziyatni tahlil qilamiz.

O`zbekiston

1991 yilda 20,4 mln

2023 yilda 36,6 mln

O`zbekiston Markaziy Osiyodagi aholisi eng ko`p mamlakat hisoblanadi. Hozirgi paytda respublika aholisi 36,6 mln nafarni tashkil etmoqda. 1989 yilda aholini ro`yxatga olish o`tkazilgan va unda respublika aholisining soni 19,7 million kishini tashkil etgan. 1990 yilda respublika aholisi 20,2 mln nafar bo`lgan. 2000 yilda 24,5 mln, 2010 yilda 28 mln, 2020 yilda 33,9 mln nafarga ko`paygan. Statistika agentligining so`nggi ma'lumotlariga ko`ra, 2023 yil 1 oktyabr holatiga ko`ra, O`zbekiston aholisi 36 mln 599 ming kishini tashkil etgan. Ulardan 18 mln 176 ming nafari ayollar, 18 mln 422 ming nafari erkaklar. Doimiy aholi tarkibidagi erkaklar soni ayollar sonidan 246 ming kishiga ko`p. Yil boshidan buyon aholi soni 574,8 ming kishiga oshgan va 2023 yilning o`tgan har bir oyida o`rtacha 63,9 ming kishiga ko`paygan. Har kuni o`rtacha 2,1 ming kishiga ko`paymoqda. O`zbekiston hozirda tug`ilish darajasi bo`yicha MDH davlatlari orasida Tojikiston bilan birga yuqori o`rinlarni egallaydi. Aholining 57 foizi mehnatga layoqatli yoshdagilar, 32 foizi mehnatga layoqatli yoshdan kichiklar, 11 foizi keksalar hisoblanadi. Hozirgi vaqtda o`rtacha umr ko`rish 74,3 yoshni tashkil etadi, shundan ayollarda 76,6 yosh, erkaklarda 72,1 yosh. Mustaqillik yillarida bu ko`rsatkich 7,9 yilga o`sgan. O`zbekiston aholi soni bo`yicha dunyo davlatlari orasida 43-o`rinni egallaydi. Respublikada aholi ancha zich yashaydi va 1 kilometr kvadrat hududga 78,7 kishi to`g`ri keladi.

Qozog`iston

1991 yilda 16,8 mln

2023 yilda 20 mln

Qo`shnilarimizda mustaqillikdan keyin demografik vaziyat biroz boshqacha bo`lgan. Qozog`iston aholisi 1987 yilda 16 milliondan oshgandi. 1994 yilgacha aholi ko`paymadi va shu holida turdi. Ya'ni mamlakatdan ko`p sonli ruslar, nemislar, chechenlar va boshqa millatlar ko`chib ketgan bo`lsa, ularning o`rniga Rossiya, Mongoliya, Hitoy, Qirg`iziston, O`zbekiston va Turkmanistondan ko`plab qozoqlar ko`chib kirishdi. Shu tariqa aholi soni o`smagan bo`lsa ham muvozanat saqlandi. Biroq 1995 yildan boshlab negadir aholi soni keskin kamaya boshladi va 1999 yilga borib 14 mln nafarga tushib qoldi. 5 yil aholi umuman ko`paymadi. 2004 yildan boshlab odamlar soni juda past ko`rsatkich bilan o`sa boshladi va faqat 2010 yilga kelib 1987 yildagi natija, 16 millionlik marra qayta zabt etildi. Shundan so`ng, mamlakat aholisi kichik farq bilan bo`lsada o`sib kelayapti. Jumladan, 2013 yilda aholi soni 17 mln, 2017 yilda 18 mln, 2021 yilda 19 mln nafardan oshdi. 2023 yil 16 noyabr kuni esa mamlakat rahbari Qozog`iston aholisi soni 20 mln nafarga etganini e'lon qildi. Bu ko`rsatkich bilan Qozog`iston dunyo davlatlari orasida 62-o`rinni egallaydi. O`zbekistondan farqli ravishda mustaqillik yillarida Qozog`istonda uch marta aholini ro`yxatga olish ishlari o`tkazilgan. Dastlabkisi 1999 yilda, ikkinchi marta 2009 yilda, so`nggisi 2021 yilda o`tkazilgan. Bugun Qozog`iston aholisining 10 mln nafardan oshiqrog`ini ayollar, qariyb 10 mln nafarini erkaklar tashkil etadi. Ayollar erkaklardan qariyb 400 ming nafarga ko`p. Qozog`istonda aholining o`rtacha umr ko`rish yoshi 74,4 yoshni, bunda o`rtacha yosh erkaklarda 70,2, ayollarda 78,4 ni tashkil etadi. Qozog`iston hududi juda katta. Shu sababli bu erda aholi zichligi uncha yuqori emas. Mamlakat bo`ylab o`rtacha 1 kilometr kvadratga 7,3 nafar odam to`g`ri keladi.

Tojikiston

1991 yilda 5,3 mln

2023 yilda 10,3 mln

Markaziy Osiyoda aholi soni bo`yicha uchinchi o`rinda Tojikiston joylashgan. Bu davlat hududining 93 foizi tog`, qir va adirliklardan, 7 foiz eri tekislikda joylashgan. Garchi uy-joy qurib, joylashish noqulay va bo`lsa ham bu davlatda aholi soni yuqori dinamika bilan o`sib kelayapti. 1992 yilda Tojikistonda fuqarolar urushi boshlandi va u qisman 1997 yilgacha davom etdi. Talato`plar sodir bo`lganda mamlakatda yashovchi rusiyzabonlarning aksariyati xorijiy davlatlarga ko`chib ketdi.Mahalliy xalq vakillari ham Rossiyaga, bir qismi O`zbekistonga ko`chdi. Talato`plar tingandan keyin ham uzoq yillar mamlakatda iqtisodiy ahvol juda yomon bo`lgani uchun bunday ko`chishlar davom etdi. Shunday bo`lsa ham, Tojikiston aholisi keskin o`sish dinamikasini ko`rsatib kelmoqda.  Jumladan, 1991 yilda Tojikiston aholisi 5,3 mln bo`lgan. Mamlakat 2023 yil 1 yanvar holatiga ko`ra, 10 milliondan oshdi. 1998 yilda aholi soni 6 mln nafardan oshgan. 2007 yilga kelib 7 mln bo`lgan. 2014 yilda 8 mln, 2019 yilda 9 mln, 2023 yilda esa 10 mln nafarga etgan. Tojikistonda aholi ancha zich joylashgan. Bu erda 1 kilometr kvadrat hududga 70,7 kishi to`g`ri keladi. Tojikiston aholi soni bo`yicha dunyo davlatlari orasida 93-o`rinda joylashgan. 2023 yil 1 yanvar holatiga ko`ra, Tojikiston aholisining 5 mln 124 ming nafarini ayollar, 4 mln 954 ming nafarini erkaklar tashkil etadi. 2022 yilda mamlakatda 305 977 nafar chaqaloq tug`ilgan. 56 188 kishi vafot etgan. 1991-2023 yillar oralig`ida hisoblanganda Tojikiston Markaziy Osiyo respublikalari orasida aholi soni o`sishi bo`yicha 1-o`rinda turadi.

Qirg`iziston

1991 yilda 4,4 mln

2023 yilda 7 mln

1991 yil SSSR tarqab ketishi arafasida Qirg`iziston aholisi 4,4 mln bo`lgan. O`sha paytda bu respublikadan ham juda ko`p rusiyzabonlar ko`chib keta boshlashgan.Aholi soni 5 millionga etishi uchun bu davlatga 13 yil kerak bo`ldi va 2004 yilda bu marra zabt etildi.Oradan 12 yil o`tib, 2016 yilda Qirg`iziston aholisi 6 mln bo`ldi. 2023 yilda esa 7 milliondan oshdi. Hozirda bu davlatda 7 mln 37 ming aholi bor. Qirg`izistonda 1 kilometr kvadrat hududga 34,5 kishi to`g`ri keladi.Boshqa manbaga ko`ra, respublika aholisi 2023 yil so`nggigacha 6 mln 912 ming nafar bo`ladi. 2022 yil oxirida o`tkazilgan aholini ro`yxatga olish paytida Qirg`iziston aholisi 6 mln 936 ming nafar ekani aniqlangan. Katta ehtimol bilan respublika aholisi hozirgi paytda 7 mln nafardan oshgani haqidagi ma'lumot to`g`ri. Qirg`iziston aholi soni bo`yicha dunyo davlatlari orasida 108-o`rinni egallaydi.2023 yil 1 yanvar holatiga ko`ra, Qirg`iziston aholisining 3,5 mln nafardan oshiqrog`ini ayollar, 3,4 mln nafardan oshiqrog`ini erkaklar tashkil etadi.Markaziy Osiyoning boshqa respublikalari kabi Qirg`izistonda ham aholi yuqori dinamika bilan o`smoqda. Shu sababli 2050 yilgacha mamlakat aholisi 10 milliondan oshishi taxmin qilinmoqda.

Turkmaniston

1991 yilda 3,7 mln

2023 yilda 6,5-7 mln atrofida

Markaziy Osiyoda aholi soni bo`yicha tuzilgan ro`yxatda Turkmaniston Qirg`iziston bilan birga joylashgan. Biroq bu davlat uzoq yillardan buyon mamlakat aholisi sonini ochiqlamay keladi. 2023 yil iyul oyida mamlakat rahbari Sardor Berdimuhammedov 2022 yilda Turkmanistonda o`tkazilgan aholini ro`yxatga olish ishlarining yakuni bo`yicha majlis o`tkazgandi va aholi sonini ochiqlagandi.Unga ko`ra, 2022 yil dekabr holatida qo`shni davlatda 7 mln 57 ming aholi yashaydi. Boshqa manbalarda Turkmaniston aholisi 6,3 mln nafardan oshgani keltiriladi. Turkmanistonda ham erkaklar sonidan ayollar soni ko`p. Jumladan, mamlakat aholisining 51 foizini ayollar, 49 foizini erkaklar tashkil qiladi. Aholining o`rtacha umr ko`rish yoshi 68,5 yosh. Bu ko`rsatkich erkaklarda 65,6, ayollarda 71,6 yosh. Turkmaniston aholi soni bo`yicha dunyo davlatlari orasida 114-o`rinda joylashgan. Bu erda aholi zichligi 1 kilometr kvadrat hududga 12,9 nafar odam to`g`ri keladi.

To Top ↑
To Top ↑