Tashlab ketilgan bolani topib olgan shaxs bu haqda bola topib olingan vaqtdan boshlab yigirma toʻrt soat mobaynida ushbu tumandagi ichki ishlar organiga yoki vasiylik va homiylik organiga xabar berishi shart.
Ichki ishlar, vasiylik va homiylik organlari, bola joylashgan muassasa yoki tibbiyot muassasasi maʼmuriyati bola topib olingan vaqtdan boshlab yetti ish kunidan kechikmagan muddatda FHDYO organlariga topib olingan (tashlab ketilgan) bolaning tugʻilganligini qayd etish haqida murojaat etishlari lozim.
Topib olingan (tashlab ketilgan) bolaning tugʻilganligini qayd etish ichki ishlar, vasiylik va homiylik organlari, bola joylashgan muassasa maʼmuriyati yoki tibbiyot muassasasining mazkur Yoʻriqnomaning 16-ilovasiga muvofiq shakldagi arizasiga binoan amalga oshiriladi.
Bunda, topib olingan (tashlab ketilgan) bola tugʻilganligini qayd etish haqidagi arizada bolaning topib olingan vaqti, joyi va topib olingan paytdagi holati, yoshi, jinsi, vazni va boʻyi haqidagi maʼlumotlar aniq koʻrsatilishi zarur.
Topib olingan (tashlab ketilgan) bolaning tugʻilganlik haqidagi dalolatnoma yozuviga ota-onasining familiyasi, ismi va millati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ichki ishlar, vasiylik va homiylik organlari, bola joylashgan muassasa yoki tibbiyot muassasasi maʼmuriyatining koʻrsatmalari asosida kiritiladi. Bunday holda bolaning va uning ota-onasi sifatida koʻrsatilgan shaxslarning familiyasi bir xilda yoziladi.
Onasi tomonidan tashlab ketilgan bolani qayd etish bola joylashgan tibbiyot muassasasi yoxud bola joylashgan joydagi vasiylik va homiylik organi arizasiga muvofiq, bolaning onasi tomonidan tashlab ketilgan vaqtdan boshlab yetti kun ichida amalga oshiriladi.
Onasi tomonidan tashlab ketilgan bolaning tugʻilganligini qayd etish uchun arizada bolaning tashlab ketilgan vaqti, joyi va tashlab ketilgan paytdagi holati, yoshi, jinsi, vazni va boʻyi haqidagi maʼlumotlar aniq koʻrsatilishi zarur.
Onasi tomonidan tashlab ketilgan bolaning familiyasi, ismi, ota ismi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, shuningdek ota-ona toʻgʻrisidagi maʼlumotlar tugʻilganlik haqidagi dalolatnoma yozuviga yuqorida koʻrsatilgan organlarning koʻrsatmasiga binoan kiritiladi. Bunday holda bolaning va uning ota-onasi sifatida koʻrsatilgan shaxslarning familiyasi bir xilda yoziladi.
Tugʻilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvining “Belgilar uchun” qatoriga “Bola topib olingan” yoki “Tashlab ketilgan” deb yoziladi va ota-onasi haqidagi maʼlumotlar kimning koʻrsatmasiga asosan yozilganligi koʻrsatiladi.