x

Bolam meni erkalang!

Shunaqa vaqt kelibdiki, men erkalovchi ona emas, erkalanuvchi boladek boʻlibman. Siz otam boʻlib erkalang, onam boʻlib alqang. Bolam boʻlib “Onam jonim” deng, koʻzim quvonchi, uyga kirsam oftobim, koʻchadagi quyoshim, Dunyoim ichidagi dunyoim deng.

Tizzalarimga yotib olib erkalab kuling, oyoqlarim tagidan qitiq axtarib kuldiring. Kelbatdek boʻyingiz bilan kurash tushib, yengilib bering. “Kuchligim onam” deng. 

Bir dona men yaxshi koʻrgan atirgulni yotogʻimga qoʻyib, tabassumimni kuting. Oyoq kiyimga egilsam, qaddimni koʻtarib “men borman-ku onam” deng.

Taomga toʻyib qoʻl artsam, “samolyot-samolyot” qilib osh ulashing. Men esa sizni jajji bolaligingiz taʻmini totib, yayrab ketay.

Gʻamingizni ostonada qoldiring, toki sizni gʻamingiz egilayotgan qaddimni bukib qoʻymasin. 

— Shuncha pulga bekor olibsizda oʻgʻlim men uchun, desam "Onangizga boʻlsa pul olmaymiz, deyishdi" deb “aldang”. Meni shu shirin “yolgʻonlarga” ishontiring. 

Bolam, menga jannat haqida gapiring. Oʻz Rosulini sogʻingan onangizga malham boʻling. Sizni tugʻib bergan Buvimga nima olib bersamikan, deb kuldiring. 

Bizni katta qilib oʻzingiz kichraydingiz ona deng. 

Nabiralari quvonchida quvnayotgan Onangizni boshidan oʻpib ayting: “Sizdan Onani bergan Robbimga hamdlar boʻlsin!”

Bolam bilasizmi bu ixtiyoringiz menga baxtlar ulashadi, Sizga esa ikki dunyo Saodatini. In shaa Alloh!

Bolam meni erkalang!..

Madina Moʻminova

To Top ↑
To Top ↑