x

Oilada yangi chaqaloqning dunyoga kelishi shubhasiz quvonchli voqea. Yangi mehmonni qarshi olgan qarindosh-urug‘, yaqinlar borki, bolaning kimga o‘xshashini muhokama qilishadi.

"Buni qarang, burni xuddi dadasinikiga o‘xshabdi, qosh-ko‘zining qoraligi onasiga tortgan bo‘lsa kerak. Qayerlaridir bobosiga ham o‘xshaydimi?.."

Xo‘sh, kichkintoyning tashqi ko‘rinishi, fe’l-atvori uchun ota-onadan qanday genlar o‘tadiyu qaysilari qarindosh-urug‘, buvi, buvalardan meros qoladi?

Tug‘ilajak bolaning qanday ko‘rinishga ega bo‘lishini oldindan aniq aytish imkonsiz. Biroq qisman bo‘lsa-da, asosiy belgilarini taxmin qilish mumkin. Bunda bizga yetakchi dominant (kuchli) va retsessiv (zaif) genlar ko‘mak beradi.

Dominant genlarga ko‘ra bolaning tashqi ko‘rinishi:

  • sochlari qoramtir, quyuq;
  • ko‘zlari qora;
  • iyagi keng;
  • lablari bo‘liq;
  • tana rangi bug‘doyrang bo‘lishi mumkin.

Retsessiv genlarga ko‘ra bolaning tashqi ko‘rinishi:

  • sochlari yorqin rangli, tekis, mayin;
  • ko‘zlari och jigarrang, moviy, ko‘k;
  • iyagi tor va ingichka;
  • lablari ingichka;
  • tanasi ochiq rangda bo‘lishi mumkin.

Dominant va retsessiv genlar

Bola ichki va tashqi har bir belgi uchun ota-onadan 2 tadan genga ega bo‘ladi. Mazkur ikkilik bir-biriga mos kelishi yoki farqlanishi mumkin. Odatda kuchli va zaif genlar to‘qnash kelsa, g‘alaba kuchli tomonda bo‘ladi. Masalan, ona to‘q kulrang ko‘zli, qora sochli bo‘lsa-yu, ota moviy ko‘z, oq sariqdan kelgan bo‘lsa, tug‘ilajak farzandlari taxminan qora sochli va kulrang ko‘zli bola bo‘ladi.

Ba’zida esa…

To‘q kulrang ko‘zli ota-onadan moviy ko‘z, tana rangi ochiq tusli va sarg‘ish sochli bola dunyoga keladi. Bu holatda ota-onadan ham ko‘proq buviyu buvasi yoki yaqin qarindoshlarning genlari asosiy vazifani bajaradi. Shifokorlar mazkur jarayonni shunday izohlashadi. Ilgarilari ota-onadan bolaga bittidan genlar o‘tadi, deb qaralgan edi. Ammo ilmiy kuzatuvlar natijasida shu narsa ma’lum bo‘ldiki, har qanday xatti-harakatimiz uchun bir emas, butun boshli genlar guruhi javobgar ekan. Biroq ayrim hollarda bir dona genning o‘zi bir necha vazifani nazorat qilishi ham mumkin.

Qiz bola otasiga, o‘g‘il bola onasi o‘xshaydimi?

Haqiqatan ham ko‘p hollarda o‘g‘il bola onasiga, qiz farzand esa otasiga o‘xshash bo‘ladi. Buning sababi shundaki, homila yuzaga kelish vaqtida o‘g‘il bola ona tomonidan bitta X xromosomaga ega bo‘ladi. Bu xromosoma esa tashqi ko‘rinish uchun javobgar bo‘lgan genlardan iborat (qosh-ko‘z tuzilishi, yuz shakli, tana rangi kabi). Qiz bola esa bitta X xromosomani onadan, bittasini otadan oladi. Shu bois uning tashqi ko‘rinishida birgina onasining emas, otasining ham o‘xshash jihatlari mavjud bo‘ladi.

Genlar o‘zgarishi

Olimlar genlar o‘zgarishida bir necha omillarni sanab o‘tishadi. Bular:

  • nasliy ketma-ketlik tartibi;
  • noodatiy hayot tarzi;
  • ma’lum holatlar sabab yuzaga kelgan ruhiy jarohatlar.

Kuzatuvlar natijasida aniqlanganki, genlarga bog‘liq biror bir salbiy o‘zgarishlarda genlarni ayblashdan avval inson yashash sharoitini yaxshilashi lozim. Qulay va sog‘lom sharoitgina nasliy davomiylikning salomatligini ta’minlaydi.

Egizaklar geni

Egizaklarda gen va xromosomalar tanlovi bir xil ko‘rsatkichda bo‘ladi. Bir tuxum hujayradan tug‘ilgan egizaklarning jinsi ham bir xil bo‘lib, genlar tuzilishi ham bir-biriga yaqin bo‘ladi. Ularning tashqi ko‘rinishi, fe’l-atvoridagi o‘xshashliklarga shubha yo‘q. Alohida tuxum hujayradan tug‘ilgan egizaklarda esa jins ikki xil bo‘lib, genlar mosligida ham farqlanish kuzatiladi. Agar ona tomonidan egizaklar tug‘ilgan bo‘lsa, ayolning egiz farzand ko‘rish imkoniyati yuqori bo‘ladi.

Xulosa qilib aytganda, bolaning ota yoki onaga ko'proq o'xshashi odatda kimning geni dominant ekanligiga bog'liq. Biroq shuni ta'kidlash lozimki, farzandingiz kimga o'xshashidan qat'i nazar avvalo sog'lom va yetuk ilmga ega bo'lsin. Buning uchun esa uning kundalik hayot tarziga va tarbiyasiga e'tiborli bo'lishingizni tavsiya qilamiz.

To Top ↑
To Top ↑