Shu kunlarda tug‘ma yurak nuqsonidan aziyat chekayotgan 2 ming nafar bola davlat tomonidan ajratilgan 64 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ evaziga yuqori texnologik operatsiyalar orqali og‘ir darddan xalos bo‘lmoqda. Ularning barchasi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning 18 yoshgacha bo‘lgan farzandlari. Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati bu kasallikning kelib chiqishi, unga qanday omillar sabab bo‘lishi haqidagi savollar bilan tibbiyot fanlari doktori, professor Hakimjon Abrolovga murojaat qildi.
Yurakning tug‘ma nuqsonlari og‘ir kasallik, — deydi shifokor. — Ular yangi tug‘ilgan chaqaloqlar va hayotining birinchi yilidagi bolalar o‘limi bo‘yicha yuqori o‘rinda turadi.
Xastalik rivojlanishining asosiy 6 ta sababi bor. Ular quyidagilardan iborat: stress, onaning surunkali yoki o‘tkir infeksiyali kasalliklari, virusli xastaliklar, gormonal va neyrogumoral faktorlar hamda yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh.
Shuningdek, homilador ayollardagi anemiya, tamaki chekish, spirtli ichimliklar ichish, ba’zi dorilardan foydalanish ham homilaning sog‘lom rivojlanishiga salbiy ta’sir etishi, natijada, bola tug‘ma nuqsonlar bilan dunyoga kelishi mumkin.
Kasallikka chalingan bolalarda lablar, quloqlar va tirnoq ostidagi terining ko‘karishi, terlash, yurakda shovqin, tez nafas olish, charchoq, ishtahaning pastligi, tana vazni ortishining sustligi, nafas olish paytida qovurg‘alarning siqilishi, yurakning tez urishi kabi bir necha simptomlar kuzatiladi.
Uning oldini olish uchun homiladorlikni rejalashtirishdan avval bo‘lajak ota-ona tor doiradagi mutaxassislar ko‘rigidan o‘tishi va aniqlangan xastaliklardan to‘liq davolanishi lozim. Buning eng samarali yo‘li homilador ayollarni skrining ko‘rigiga o‘z vaqtida jalb etishdir.