Farzandingiz bog‘cha yoki maktabda o‘rtoqlari bilan o‘ynab ketolmasa yoki ulardan uzoq bo‘lishga urinsa, buning o‘rniga oila davrasida yoki umuman yolg‘iz bo‘lishni afzal bilsa, bu uning introvert ekanidan darak beradi. Introvert degani esa o‘zimizning ko‘cha tilida “yovvoyi”, “odamsuymas” deganidir. Uning aksi esa psixologiyada ektrovert (hamma bilan chiqishib ketadigan) deyiladi. Bolangiz ko‘pchilik davrasida bo‘lishdan o‘zini olib qochsa, bunda uni ayblash yoki xavotirlanish emas, to‘g‘ri yechim qilishingiz kerak.
Introvert bolalar fikrini jamlash, ijod qilish uchun yolg‘izlikda ishlashni xush ko‘radi, ektrovert bolalarga esa qizg‘in hayot tarzida, odamlar orasida ilhom keladi. Farzandingiz bu ikki xarakterning qaysi biriga mos tushishini birgalikda aniqlaymiz. Buning uchun quyidagi 5 holatni keltirib o‘tamiz. Agar shu holatlar sizga tanish bo‘lsa va farzandingizda shularni kuzatgan bo‘lsangiz, uni introvert yoki “yovvoyi” tabiatli bola deyish mumkin.
1. Bola uchun vaqtini yolg‘iz o‘tkazish qulay. U o‘yinchoqlarini bir o‘zi o‘ynaydi, o‘yindagi har bir obyektni o‘zi o‘ynaydi. Qiz bola bo‘lsa, “xolakasim” o‘yinidagi mehmon ham, mezbon ham, va hokazo personajlarni ham o‘zi o‘ynaydi, o‘g‘il bola bo‘lsa ikkita mashinani bir-biriga urib yoki ikkita askarni o‘zaro suhbatlashtirib, vaqt o‘tkazadi.
2. Shovqin yoki ko‘pchilik davrasidan tez zerikadi. Bog‘chadan yoki maktabdan qaytgan bola dars soati oshib ketmagan bo‘lsa ham o‘zini charchagandek tutadi. Bu esa uning o‘qishdagi shovqin va odamlar davrasidan charchaganini bildiradi. Shuning uchun bu vaqtda u yolg‘iz qolib, kun bo‘yi sarflagan energiyasini tiklab olishga harakat qiladi.
3. Bola kichik bo‘lishiga qaramasdan jiddiy bo‘lishi. Odatda, bolalik yillari sho‘xliklar bilan yodda qoladi. Ota-ona ham “bola-da endi” deb farzandining sho‘xliklariga ko‘z yumadi. Ammo biz muhokama etayotgan “yovvoyi” bolalarda kattalarga xos jiddiylik va o‘ychanlik kuzatiladi.
4. Mustaqil va kamdan-kam holatlarda yordam so‘raydi. Farzandingiz kichikligidanoq mustaqil qaror qabul qilishi, darslarini sizdan yodam so‘ramasdan bajarishi va umuman har qanday ishni o‘zi o‘ylab, o‘zi bajarishi bu introvertlik alomatidir.
5. O‘zgarishlarga qarshi. Introvertlar yangi narsalarga, yangi muhitga moslashishga qiynalishadi. Bu nafaqat bog‘cha, maktab yoki oilaviy ko‘chib o‘tishda seziladi, balki chaqaloqlik davridanoq buni payqash mumkin. Misol uchun, bola qo‘shimcha oziqlantirishga o‘tkazilganida, bu jarayon qiyin kechadi. Ya’ni ekstrovert bola 1-2 oy ichida ona sutidan qo‘shimcha ovqatga o‘tsa, introvertlarda bu jarayon uzoq kechadi.
Demak, introvert yoxud “yovoyi” tabiatli bolalarning belgilarini aniqlab oldik. Agar farzandingizda shu kabi holatlarni payqasangiz, uni birdaniga ko‘pchilik orasiga qo‘shib yuborishga, shovqinli davralarda bo‘lishga majburlamang. Aksincha, har kuni bir necha daqiqadan u bilan suhbatlashing, onlayn darslarda o‘qishiga sharoit yarating. Chunki bunday bolalar maktabda hamma qatori o‘zlashtira olmasligi ham mumkin. Bola bilimda boshqalardan ortda qolmasligi va o‘ziga ishonchi ortishi uchun qo‘shimcha individual onlayn darslarga qatnashtiring. Oynaga qarab o‘qiganlarini gapirib bersin. Chunki u avvalo o‘zidan uyalmaydigan, qo‘rqmaydigan bo‘lsagina odamlar oldida o‘zini noqulay his qilishdan to‘xtashi mumkin.
Umuman olganda, har qanday holatda ham bola tarbiyasi va salomatligida mutaxassis bilan maslahatlashgan holda ish ko‘rish maqsadga muvofiqdir.