Nafaqat bolalarda, balki ayrim yoshi kattalarda ham uchraydigan muammolardan biri bu erta uyg`ona olmaslikdir. Sizda yoki farzandlaringizda ham shunday muammo bormi? Unda ushbu tavsiyalar aynan siz uchun.
Bolalar erta turishlari uchun asosiy uch jihatga e'tibor qaratishlari lozim. Birinchisi, uxlashdan avval niyat qilish. Ya'ni inson uxlashdan avval nimadir haqida ko`p o`ylasa, tushida ham va uyg`onganida ham shu narsa aksariyat hollarda esida turar ekan. Demak, erta turishni niyat qilib uxlash sizning ertangi kuningiz qanchalik erta boshlanishida muhim ahamiyatga ega.
Ikkinchisi, ertaroq uxlash. Chunki qancha erta uxlasangiz, shunchalik uyquga to`yasiz va erta uyg`onasiz. Uchinchisi esa kattalarga yoki sizdan erta turishi aniqroq bo`lgan kishilarga ertalab turolmasangiz sizni uyg`otib qo`yishlarini tayinlash. Chunki kun og`ir o`tgan bo`lsa yoki boshqa qandaydir sabab bo`lib o`z xohishingiz bilan uyg`ona olmasligingiz mumkin. Ammo ba'zi bolalar kattalar uyg`otishsa ham uxlab yotaveradilar. Bunday bolalarda yalqovlik va dangasalik kuchli bo`ladi. Chunki ular erta turishning foydalarini yaxshi angashmaydi.
Erta turgan kishining fikri tiniqlashadi, ham jismoniy, ham ruhiy faoliyati mo`tadillashadi. Erta uyg`ongan bolaning maktabdagi baholari yaxshilanadi, uy ishlarida ham unum bo`ladi. Tibbiyot mutaxassislari ham doimo sog` bo`lish uchun ertaroq turishga odatlanish kerakligini uqtiradilar.