Farzandning dunyoga kelishi har qanday oilaga ulkan baxt, quvonch keltiradi. U tug`ilganida ota ham, ona ham, boshqa yaqinlari ham birdek sevinadi. Biroq bola tilga kirib, katta bo`lgani sari unga turli yo`llar bilan nojo`ya ta'sir ko`rsatish boshlanadi. Yig`lagan vaqti urish yoki qo`rqitish, qorong`i xonaga qamab qo`yish va hokazo holatlar bola ruhiyatining zaiflashuviga olib keladi.
"Tarbiya"dagi yana bir odat borki, bu holatda bola nimalarni his etishi, uning psixologiyasi qay tomonga o`zgarishini ba'zi ota-onalar bilmaydi. Bu holat bolaga taqqoslash vazifasini yuklashdir. Yaxshi bilan yomonni, oq bilan qorani taqqoslash orqali farzandingizni ijobiy tomonga undashingiz yaxshi, albatta. Ammo ba'zida shunday holatlar bo`ladiki, hali go`dak holatida boladan otasi yoki onasidan birini tanlash talab etiladi. Afsuski bu holat zamonamizda oddiy bir o`yin sifatida qaraladi. "Men yaxshimi yoki dadangmi?", "Onam yaxshi deb qo`y, o`g`lim", "Dadang yomon-a?" "Kimni ko`proq yaxshi ko`rasan?" kabi gaplar bilan bolaning hissiy olamiga qattiq zarba berilishi mumkin. Bunday gap-so`zlarni eshitib katta bo`lgach, bola bir latifada aytilganidek "Ona, dada, sizlarga qariyalar uyi ma'qulmi yoki ijarada yashayverasizlarmi?" degan savollarni beradigan bo`lib voyaga etmaydimi?
Yuqoridagi kabi savollarni farzandiga bergan ota-onalar soni juda ko`p ekani shubhasiz. Ehtimol bu holat hammada ham bo`lgandir. Ammo hamma shunday qiladi degani bu yaxshi ish ekanini anglatmaydi. To`g`ri, bu kabi savollar odatda hazilomuz ohangda, shunchaki aytiladi. Shunday bo`lsada bola buning hazil ekanini tushunavermaydi va uning ongida vaqti kelib otam yoki onamdan birini tanlashim kerak, dadam onamdan yaxshiroq kabi fikrlar singib qolishi mumkin.
Shuning uchun aziz ota-onalarimizdan shuni so`rab qolamizki, farzandingizni suying, erkalang, ammo unga ota-onadan birini tanlash talabini qo`ymang! Axir siz ham ikki farzandingizdan birini tanlashingizning imkoni yo`q-ku, to`g`rimi? Shunday ekan, farzand tarbiyasiga har tomonlama jiddiy yondashish lozim. Ba'zida shunchaki aytib o`tiladigan gaplar bolaning psixologiyasiga nojo`ya ta'sir ko`rsatishi yoki uning xotirasida salbiy iz qoldirishi mumkin.