x

Yolg`on insonning fitratiga zid harakat shaklidir. Aslida bolalar yolg`on gapirishni istamaydilar. Faqat bunga majburlanganlaridagina yolg`on gapiradilar va buni asta odatga aylantirishadi.

Misol uchun farzandlarini har tomonlama mukammal bo`lishini xohlagan ona qo`lida o`z kishiligini barpo qilishi uchun kurashayotgan aka-ukalarni  ko`z oldingizga keltiring. O`z xonalarida o`ynayotib to`satdan tortishib qoladilar. Janjal oqibatida stolning ustidagi vaza sinadi. Shovqinni eshitgan ona shoshib xonaga jahl bilan kiradi. Bir tarafda bir-biri bilan janjallashib turgan aka-uka, ikkinchi tarafda erda sinib yotgan qimmatbaho vaza...

Bir o`ylab ko`ring, "Tez ayting, vazani kim sindirdi?" deb jahl bilan savol berilsa, bolalarning o`sha paytdagi ruhiyati qanday bo`lishi mumkin? Agar vazani sindirgan bola o`sha zahoti aybini tan olib o`rtaga chiqsa, g`azab otiga mingan onasining qo`lidan qutula olmaydi. Oiladagi muhitni yaxshi bilgani va onasining o`zini ayab o`tirmasligini his qilgani uchun bola noto`g`ri ish qilishga majbur bo`ladi ya'ni yolg`on gapiradi. Ona esa bu o`rinda uning yolg`on gapirishiga sabab bo`lib qoladi. Bolaning yolg`on gapirishi, albatta, oqlanmaydi. Faqat ustidagi qattiq bosim oqibatida g`ururi toptalmasligi uchun ana shunday noto`g`ri yo`lga qadam qo`yadi va yolg`on gapiradi. Bolalar gapiradigan yolg`on hodisasi aksariyati ana shu kabi voqealar natijasida sodir bo`ladi.

Boshida ustidagi bosimdan qutulish uchun yolg`on gapirish "foydali" ekanini o`ylaydi va bunga odatlanadi. Eng yomoni bola bu odatini hayotning turli jabhalarida ham ishlatishga o`rganadi.

Shu nuqtayi nazardan ota-ona har qanday vaziyatda ham jahlini jilovlay olishi, o`zi bilmagan holatda farzandini qo`rquv iskanjasida yolg`onchi bo`lib ulg`ayishiga sababchi bo`lishdan o`zini to`xtata olishi lozim.

To Top ↑
To Top ↑