x

Sog`lom oilalarda ichki muvozanatni saqlash vazifasini onalar bajaradilar. Aynan onalar muhabbati, mehr-shafqati orqali oila ichidagi barcha kelishmovchiliklarni bartaraf eta oladi. Hozirgi kunda esa onalarning bu sifatlari "passivlik" sifatida baholanmoqda va uning oilani butunlashtiruvchi, jamlovchilik xususiyatlariga e'tibor berilmay qoldi. Bolalarga mehr bilan yumshoq muomalada bo`lgan onalarga "Bunchalik yumshoq bo`lma, ertaga gapingga kirmaydigan bo`lib qoladi" kabi gaplar bilan ularni chalg`itish holatlari kuzatilmoqda. Ana shunday "nasihatlar" oqibatida ba'zi onalar farzandlariga mehr-shafqatli bo`lish o`rniga ularga nisbatan qattiqqo`llik qilish, oila ichida o`z aytaganining bo`lishi shartligi haqida o`ylashni boshlashgan.

Shu o`rinda muhim bir narsaga diqqat qaratishimiz kerak: Onalardagi asab tizimi va ularning tabiatan ruhiy shakllari tufayli ular boshliq bo`lishga uringan taqdirlarida oila izdan chiqishi tabiiydir.

Hech e'tibor berganmisiz, uyga kech kelmasligi haqida ogohlantirilgan o`smir qiz uyga kech qolgan kuni birinchi qiladigan ishi otasining uyda bor yoki yo`qligi bilish bo`ladi. Yoki eshikni ochgan onasiga tezlik bilan dadam uyda emasmi, deb so`raydi. Agar ota uyda bo`lsa "Endi nima bo`ladi?" deb rangi oqaradi. Bularning barchasi uyda kim hokim ekanligini ko`rsatib turibdi.

Vaholanki, otalik vazifasiga da'vogarlik qilgan onaga nisbatan o`smir qiz xuddi shunday itoatni ko`rsatmaydi. Ona har qancha baqirib-chaqirsa ham otaning obro`siga erisholmaydi. Bunday holatlarda o`smir va o`spirin qizlar o`z onalariga xotirjam shaklda "Nima bo`libdi? Yomon ish qildimmi? Menga ishonmaysizmi?" kabi qarshilik qilishlari ham tabiiy. Muvozanatni ushlay olmagan ona muammoga echim topish maqsadida qiziga bosim o`tkazadi, xatto kuch ishlatishi mumkin.

Shu misoldan ko`rinib turibdiki, ona otaning tabiiy boshliqlik vazifasini qo`lga kiritishga uringan taqdirda oila ichida muhit buziladi. Oilada janjallar sodir bo`ladi, tajovuzkorlik sodir bo`ladi.

Bolalarning ona kabi onaga, ota kabi otaga ehtiyojlari borligini unutmaslik kerak. Bola tarbiyasida onalarni yolg`iz qoldirish ham oiladagi sog`lom, baxtli muhitini barqaror bo`lishiga salbiy ta'sir ko`rsatishi mumkinligini yoddan ko`tarmaslik kerak.

 

To Top ↑
To Top ↑