x

Albatta, kichik yoshdagi bolalar uchun eng yaxshi sovg’alardan biri bu o’yinchoqlardir. Lekin ko’pchilik ota-onalar farzandlari uchun o‘yinchoq tanlash muammosiga ko’p marta ro’baro’ kelishadi. O’yinchoqning yaxshisini tanlashsa, muammo yo’q. Lekin bola ko’rganida sevinmaydigan yoki bir-ikki marta o’ynab tashlab qo’yadigan o’yinchoq olib qo’yishsa, ana bu muammodir. Shuning uchun o‘yinchoqni e’tibor bilan tanlash kerak, uni tanlashda sifati, bolaning yoshi kabi mezonlarni e’tiborga olish zarur. Bundan tashqari, o’yinchoqning bola salomatligi, ruhiyatiga ta’sirini ham hisobga olish muhim masala sanaladi.

Zararli materiallardan tayyorlangan va maxsus tadqiqotlardan o‘tmagan o‘yinchoqlar farzandingiz uchun xavflidir. Bunday o‘yinchoqdan foydalanganida bola organizmiga allergik reaksiya va zaharlanishni keltirib chiqaruvchi zararli moddalar tushib qolishi mumkin.

Bunday holatga tushmaslik uchun yaxshi va sifatli o‘yinchoqlar sotiladigan ishonchli do‘konga borish zarur. Shu bilan birga, u yerda ham tovar sifatini ko‘rsatuvchi sertifikatni tekshirib ko‘rish lozim.

O‘yinchoq o‘rami yoki yorlig‘ida uning sifati, davlat standarti, undan foydalanish yoki uni tozalash bo‘yicha ma’lumotlar keltirilgan bo‘lishi kerak. Ota-onalar ushbu ma’lumotlarni erinmay o’qib chiqishi maqsadga muvofiq bo’ladi.

Odatda o‘yinchoqning o‘zida u qanday yoshdagi bolalar uchun tavsiya etilishi ko‘rsatiladi. Shu bilan birga, ekspertlar har bir yosh kategoriyasi uchun qanday o‘yinchoqlar mos tushishini keltirib o‘tgan:

Yangi tug‘ilgan chaqaloqlar (6 oylikkacha) uchun karavot ustiga osib qo‘yiladigan, aylanma o‘yinchoqlar to‘g‘ri keladi. Shuningdek, ularga kichik yumshoq o‘yinchoq, shiqildoq, tishlash uchun halqacha berib ko‘rish mumkin.

6 oylikdan 1 yoshgacha bo‘lgan bolalar allaqachon o‘tirishga o‘rgangan bo‘ladi, shuning uchun ularning yoniga turli xil o‘yinchoqlar solingan qutini qo‘yib qo‘yish mumkin. O‘yinchoq oshxona anjomlari, ovoz chiqaradigan o‘yinchoqlar, koptokchalar, kubiklar, mashinachalar berish mumkin. Shuningdek, rang-barang rasmli katta kitob bolaning ko‘rib qabul qilish qobiliyatini rivojlantiradi.

Farzandingiz 1-1,5 yosh oralig‘ida bo‘lsa, katta mashinalar, yumshoq o‘yinchoqlar, o‘yinchoq asboblar, telefon, musiqa chaladigan va harakatlanadigan o‘yinchoqlarga qiziqishi tayin. Unga soddaroq konstruktorni ham taklif qilib ko‘rish mumkin.

1,5-2 yoshli bola mashina yoki g‘ildirakli o‘yinchoqlarni yurgizish, turli kattalikdagi koptok va yumshoq o‘yinchoqlarni solishtirish, idishlarga qum yoki suv solib o‘ynashga juda qiziqadi. Ularga radioboshqaruvli mashina yoki elektr velosiped olib berish mumkin.

2-3 yoshda bolalar qo‘g‘irchoqlar, turli jonivorlar shakllari, ayniqsa, o‘yinchoq uy, kiyim va aksessuarlarga qiziqadi. Ularga bolalar idish-tovoqlari, yosh shifokor to‘plami, blokli konstruktor, qo‘g‘irchoqlar uchun uy sotib olish mumkin. Bu yoshda qog‘oz va asfaltga chizish bolalarning eng sevimli mashg‘ulotlaridan biri bo‘ladi.

4-5 yosh — ijodkorlik va fantaziyani rivojlantirishning ayni payti. Ular qalam, bo‘yoq, flomaster bilan chizishga, plastilin o‘ynash, qog‘ozdan naqshlar yasashga qiziqadi. O‘yinchoq konstruktor, kegli, koptok ham bu yoshdagi bolalar uchun eng ommabop o‘yinchoqlardir.

5 yoshdan katta bolalarga ularni maktabga tayyorlay oladigan rivojlantiruvchi o‘yinlarni olib bergan ma’qul. Kitoblar, rivojlantiruvchi kubiklar, qizlar uchun — turli kiyimli qo‘g‘irchoqlar to‘plami, o‘g‘il bolalar uchun — radioboshqaruvli mashina ajoyib variant bo‘ladi.

Bolalarga o‘yinchoq sotib olayotib, ular ko‘p bo‘lmasligi kerakligini yodda tuting. Bir uyum o‘yinchoq bolaning qiziqishini so‘ndiradi, shuningdek uning fikrlashi faollik bilan rivojlanishiga yo‘l qo‘ymaydi. Bolada o‘yinchoqlar tanlovi cheklangan bo‘lsa, u fantaziyasini ishga solib, “eski personajlar” ishtirokida yangi o‘yinlar o‘ylab topa boshlaydi, sahnalar uyushtiradi, o‘yinchoqlarga turli kiyimlar kiydiradi.

O‘yinchoq bola ruhiyatiga ijobiy ta’sir o‘tkazishi kerak. Shuning uchun qo‘rqinchli o‘yinchoqlarni, multfilmlarning yovuz qahramonlarini sotib olmang. O‘yinchoq estetik zavq keltirishi, bolani xursand qilishi va unga iliqlik bag‘ishlashi lozim.

Manba

To Top ↑
To Top ↑