• Undan o`n yillar avvalgi otalarning oiladagi o`rni bilan bugungi kundagi otalarning oila ichidagi o`rnida farq bormi? Albatta. Hattoki, oq va qoraning bir-biridan farqi kabi farq mavjud. Birinchisi "An'anaviy ota", ikkinchisi "Zamonaviy ota". Biri ota kabi ota, ikkinchisi do`st kabi ota. Biri uydagi qattiqqo`llik timsoli, ikkinchisi tenglik tarafdori.
Birinchisi, "Men senga o`lgunumcha otaman" desa, ikkinchisi "Hayotingni yo`lga solib olsang bo`ldi, menga boshqa narsa kerakmas", deydi.
Eski zamon otalarini bir esga olib ko`ring-a... Ularning yurishlarining o`zi ham bir tarbiya emasmidi?
Yurishdagi viqor, haybat... O`sha haybat ortida yashiringan shafqat qanday yarashardi ularga. Ularning oddiy suhbatlari ham oila a'zolarini qanday sokin tutardi. Avvalgilar har doim cho`ntaklarida shirinliklar olib yurishardi, yonlariga kelgan bolalarga tarqatib boshlarini silashardi.
Ko`p otalar tinmay ishlashardi, lekin ularning yo`qligi oilada aslo sezilmasdi. Bolalar "Dadam qani?" deyishlariga hojat bo`lmasdi. Ijtimoiy muhit kuchli edi. Ota ishga ketgan bo`lsa uning kabi qo`shni amaki bor edi. Suhbatlari samimiy. Yoshi ulug`lari mahallaga ustoz edi. Do`st, birodar ko`p edi. Otaning vazifasiga yordam beruvchi omillar ko`p edi. Bola biron nojo`ya harakat qilsa uni to`g`rilashga harakat qiluvchi insonlar talaygina topilardi. Endi esa bu ijtimoiy muhitni deyarli yo`qotish arafasidamiz. Mahallaning kattalarini, ustozlarini... Otalarning oila ichidagi o`rinlari kulgili holatga tushib qoldi. Qaysi ota bilan suhbatlashsangiz, "ish shunday ko`pki, bolalar uxlaganda uyga kelaman, ular uyg`onmasdan ketaman," kabi shikoyatlar. Onalar esa "Quloq solmayapti, aytganni qilmayapti, o`zim eplay olmayapman", deb dod solishmokda.
Balki, kundalik tashvishlar otalarni ona-bolalardan ayirdi deb ayta olarmiz? Ammo bunday deyishga bizning haqqimiz yo`q. Chunki avvalgi otalarning ham ro`zg`or tashvishlari bor edi. Faqat ular farzandlariga vaqt ajratishardi. Ular bilan yuzma-yuz o`tirib hikoyalar aytib berishardi. Ba'zan bolalarining dardlarini tinglashardi.
"Bola tarbiyasida to`g`ri ko`ringan xatolar" kitobidan