x

Ona sutidan yaxshiroq ozuqaning o`zi yo`q! Ko`krak suti o`zgarishi mumkin bo`lgan murakkab tirik moddadir, u bolaning rivojlanishini ta'minlab boradi, uni qo`llab-quvvatlaydi va boshqaradi. Hech bir ozuqa ona sutining o`rnini bosa olmaydi. U minglab turli xil tarkibiy qismlardan tashkil topgan va ularning aksariyatini sun'iy ravishda ishlab chiqarib bo`lmaydi.

Hozirgi vaqtda ona suti faqat ozuqa emas, balki biologik tizim sifatida qaraladi va tibbiy manba hisoblanadi. Tabiat hayotning birinchi kunidanoq bolalarga o`zi uchun mos dori-darmonni ham tuhfa etgan.

Inson sutining barcha sirlari kashf qilingan deb o`ylangan bir paytda, HHI asr ona sutining tarkibi va roli haqida aql bovar qilmas tushunchalarni olib keldi va ko`plab yangi tadqiqotlar uchun yo`l ochdi.

Ona sutining yomoni bo`lmaydi!

Ona sutining tarkibi emizish vaqtida bolaning o`sishi hamda rivojlanish ehtiyojlariga qarab o`zgaradi. Hususiyatlari va ishlab chiqarish vaqtiga qarab og`iz suti, oraliq va etilgan sutga ajratiladi.

Og`iz suti - bola tug`ilgandan keyingi dastlabki kunlarda ishlab chiqariladigan sut. U quyuq, yopishqoq, tiniqdan sarg`ish ranggacha bo`lgan suyuqlikdir. Uning tarkibida suv, oqsillar, fermentlar va A vitamini ko`proq, laktoza, yog` va suvda eriydigan vitaminlar kamroq bo`ladi. Uning asosiy vazifasi himoyalash (tarkibida  immunologik komponentlar bor: IgA, laktoferrin va leykotsitlar), shuning uchun uni birinchi emlash deyish mumkin. U dastlabki ich kelishi - mekoniyning chiqishiga yordam beradi.

Oraliq suti taxminan 6-kundan 15-kungacha ishlab chiqariladi. Uning himoyaviy ahamiyati kamroq, to`yimliligi ko`proq bo`ladi.

Yetilgan sut 15-kundan keyin ishlab chiqariladi. Unda oqsil miqdori kam, yog`lar, uglevodlar, vitamin va minerallar ko`p bo`ladi. U suyuqroq va oq rangda; juda suvli, shaffof va chaqalog`ingiz uchun etarlicha sifatli emasdek tuyulishi mumkin. Qo`rqmang, sutingiz chaqalog`ingizning ehtiyojlarini qondiradi!

Ona sutining tarkibi doimiy emas!

Ovqatlanish paytida birinchi sut old suti bo`lib, unda yog` miqdori pastroq va suyuqroq bo`ladi hamda chaqaloqning chanqog`ini qondirishga xizmat qiladi. Undan keyin quyuqroq sut, yog` miqdori yuqori bo`lgan orqa sut keladi. Bolaga energiya va o`sish uchun zarur bo`lgan seryog` sut olish uchun emizish etarlicha uzoqroq davom etishi zarur. Kun davomida yog` miqdori ertalab va kechqurun eng yuqori bo`ladi. Ko`krak suti tarkibi bolaning ehtiyojlariga mos keladi bolaning yoshi, mavsum, jinsga qarab o`zgaradi - qizlar va o`g`il bolalar uchun sut bir xil emas! Farzandi muddatidan oldin tug`ilgan onalarning suti tarkibiga (xususan, oqsil miqdori va yuqori kaloriyalar) ko`ra shu chaqaloqlarning o`sish ehtiyojlariga moslashtirilgan.

 

Ona sutining ozuqaviy tarkibi

Sutingiz bolangizni birinchi olti oyda mukammal o`sishi va rivojlanishi uchun zarur bo`lgan barcha ozuqaviy moddalar bilan ta'minlaydi. Ko`krak suti chaqaloqning mukammal o`sishi va rivojlanishini ta'minlash uchun zarur bo`lgan nisbatda va miqdorda yog`lar, oqsillar, shakar, vitaminlar, minerallar, antitanachalar, fermentlar, suv va boshqa ko`plab ingrediyentlarni o`zida tutgan murakkab oziqlantiruvchi suyuqlikdir.

Oqsillar, yog`lar va uglevodlarning tarkibi va miqdori bolaning ehtiyojlariga to`liq mos keladi.

• Suv sutning 87 foizini tashkil etadi. Shunday qilib, emizikli bola suvga bo`lgan ehtiyojini qondiradi va unga suv, choy yoki boshqa ichimliklarni berishga zarurat bo`lmaydi.

Shuningdek, sut tarkibida barcha oziq moddalarni hazm qilish va o`zlashtirishga yordam beradigan fermentlar mavjud.

Oligosaxaridlar - onaning mazali shirasi: oligosaxaridlar bakteriyalarni bog`laydi va yo`q qilishga yordam beradi, immun tizimining etilishini tartibga soladi va probiotik bakteriyalar uchun oziq-ovqat bo`lib xizmat qiladi. Sizning sutingizdagi vitamin va minerallar yaxshi o`zlashtiriladi va ishlatiladi. Bilib qo`ygan yaxshi: sutingizdagi ba'zi tarkibiy qismlar, masalan, D vitamini va omega-3 yog` kislotalari nafaqat siz bir kun oldin nima iste'mol qilganingiz, balki chaqaloq tug`ilishidan bir necha oylar ilgari nima eganingiz, qanday jismoniy faoliyat bilan shug`ullanganingiz hamda qanday toksinlar, stresslarga duchor bo`lganingizning natijasidir.

Ko`krak suti - tananing eng yaxshi tabiiy himoyachisidir. Bola tug`ilganda sutingiz chaqaloq uchun birinchi emlash hisoblanadi, uni infektsiyalar va kasalliklardan himoya qiladi va bolaning immunitetini rivojlantiradi. Bundan tashqari, ko`krak sutida ahamiyati va roli to`liq ochilmagan o`zak hujayralari mavjud; bir narsa aniq: agar tabiat ularni yangi tug`ilgan chaqaloqqa mo`ljallagan bo`lsa, demak, ular katta ahamiyatga ega!

Bifidogen omillar yangi tug`ilgan chaqaloqning ichak florasi o`sishini kuchaytiradi. Laktoza (sut shakari) va oligosaxaridlar (prebiotik vazifasini bajaradigan murakkab shakar) birgalikda bifidobakteriyalar va laktobakteriyalarning o`sishiga ta'sir ko`rsatadi.

• Biomodullovchi omillar - oshqozon-ichak trakti, epiteliy, immun va asab tizimlarining o`sishi, rivojlanishi va ishlashini tartibga soluvchi bir qancha bioaktiv vositalardir. Sutingizdagi tarkibiy qismlar bolaning asab tizimi oziqlanishi, o`sishi va etilishiga ta'sir qiladi. Ko`krak sutining mikroflorasi

Bizning sog`lig`imiz va tanamizning yaxshi ishlashi tanamizning kutilmagan joylarida yashovchi turli mikroblarga bog`liq. Ona suti uzoq vaqtdan beri steril deb hisoblangan. Bugungi kunda u ona sutining mikroflorasi deb ataladigan mikroorganizmlarning maxsus birikmasidan iboratligi ma'lum. Taxminlarga ko`ra, ona suti shu tarzda chaqaloqni u o`sadigan tabiiy muhitdagi hayotga tayyorlaydi.

Yangi tug`ilgan chaqaloqning ichak mikroflorasi yo`g`on ichakda joylashadigan bakteriyalardan tashkil topgan. Ko`krak suti, tabiiy (qin orqali) tug`ish va tug`ilgandan so`ng darhol terining teri bilan aloqasini ta'minlash ichakda ushbu foydali bakteriyalarning joylashishiga ijobiy ta'sir ko`rsatadi. Sutni pasterizatsiya qilish (100°C da qaynatish) immun va infektsiyaga qarshi omillarni kuchsizlantiradi, lekin ozuqaviy va biologik komponentlar o`zgarmaydi.

Sizning tanangiz har doim chaqaloqning ehtiyojlarini qondirish uchun kerakli miqdordagi sutni va uning tarkibiy qismlarini ishlab chiqaradi!

To Top ↑
To Top ↑