Yangi tug`ilgan chaqaloqlarning ota-onalari farzandi tez-tez aksa urishidan va burnida ozgina shilliq borligidan tashvishlanadi. Bu yoshda bu odatiy hol hisoblansa-da, burunni tozalash kerak bo`ladigan holatlar ham mavjud.
Bolaning burni o`zini o`zi tozalaydi, chunki shilliq parda kirni birlashtirib, chiqarib tashlaydi. Bola shamollaganda burundan juda ko`p shilimshiq ajraladigan holatlardagina burunni qo`shimcha parvarishlash kerak bo`ladi. Burunni yuvish uchun fiziologik (0,9% li) eritma ishlatiladi:
• bolani yonbosh qilib yotqizing;
• burun teshigiga yuqoridan bir necha tomchi fiziologik eritma tomizing yoki eritmani bir xilda burun ichiga seping;
⚫ kichkintoyni boshini pastga qaratib biroz ko`taring, uni qo`lingiz bilan ushlab, shilimshiq chiqib ketishi yoki ko`rinishi uchun orqa tomoniga sekin uring;
⚫ agar shilimshiqning ovozi eshitilsa, lekin o`zi ko`rinmasa, yana fiziologik eritmadan tomizing;
bolaning yuzini pastga qarating, shilimshiq paydo bo`lganda, uni buklangan mato uchi yoki dokali pilik bilan chiqarib oling;
⚫ bir necha daqiqadan so`ng bolani narigi yonboshi bilan yotqizib, xuddi shu tarzda ikkinchi burun teshigini tozalang;
Paxtali cho`pni hech qachon burun teshigiga kiritmaslik kerak. Chaqaloqning burnini tozalash uchun nasos va aspiratorlardan foydalanmang - ularni faqat bola kasal bo`lganda va balg`am ko`p ajralganda ishlating. Agar chaqalog`ingiz emishda qiynalayotgan bo`lsa yoki burun bitishi tufayli emishdan bosh tortsa, shifokor bilan maslahatlashing.