x

Sog`lom muhitli oilalarda onalar ham otalar ham o`z vazifalaridan chetga chiqishmaydi. Zero bola uchun xam shu kerak. Ya'ni u ona o`rnida ona, ota o`rnida ota ko`rishni istaydi. Afsuski, hozirda ijtimoiy hayotdagi ba'zi o`zgarishlar ota-onaning oila ichidagi rollarini o`zgartirib yubordi. Farzandlarning bu vaziyatlarni anglamasliklari tabiiy. Bugungi kunda shu sababdan ko`p oilalarda "mehribon" otalar, "qattiqqo`l” onalarni ko`rish odatiy holatga aylanib ulgurdi. Vaholanki, ideal oilada ona shafqat, sevgining, ota esa oiladagi kattiqqo`llik va qat'iyatning namunasi hisoblanadi.

Qattiqqo`llik va qat'iyat deganda oila ichidagi tartib, oila a'zolarining bu tartibga qat'iy rioya qilishlarini tushunishimiz mumkin. Ba'zilar bu ikki tushunchani oila ichidagi zulm va bir ma'noda diktatorlik deb tushunishi mumkin. Qattiqqo`llik va qat'iyat esa bu tushunchalarning aksicha oila ichida majburiy tarzda tatbiq qilinmaydi.

Qattiqqo`llik va qat'iyat egasi (ya'ni ota) oila ichida xurmatga sazovor bo`lsagina haqiqiydir. Oilada oila a'zolariga bosim o`tkazish orqali qo`lga kiritilgan "xurmat" oiladagi muhitni yomonlashtiradi. Oiladagi bir-biriga hurmatni yo`qotadi.

Qattiqqo`llik, qat'iyat egasi bo`lish degani doim qovoq solib yurish, tashqi ko`rinishdan jahldor kishi bulishi kerak degani emas. Haqiqiy oila boshlig`i oila a'zolariga sevgi ko`rsatish va oila ichida tartib qoidalarni o`rnatishda muvozanatni ta'minlay olishi kerak.

O`qituvchi sinf ichida rahbar hisoblanadi. Sinf rahbarisiz sinfni tasavvur qilish mumkin emas. Ikkinchi tomondan o`qituvchi o`quvchilar darslarda muvaffaqiyatsiz bo`lgan taqdirlarida ularga past baho qo`yishda jahl qilish, qovoq solishlari shart emas. Buning aksicha past baho olgan o`quvchilarni ruhini ko`tarib "Bu safar albatta, yaxshi baho olasan" deb ularni qo`lidan tutishi kerak. Ya'ni ham mexrni unutmaslik, ham qattiqqo`llikni ko`rsatish kerak.

Yana bir misolga qaraylik, ko`p oilalarda oilaning eng yoshi ulug`i oilaning boshlig`i sanaladi. E'tibor qilinsa, bu kishilar bayramlarda, to`ylarda, turli bazmlarda ko`pchilikka aralashmay bir chetda sokin o`tirishni istashadi. Jismoniy jihatdan olib qarasangiz oiladagi eng kuchsiz inson bo`lishlari ham mumkin. Shunga qaramay ular oila ichida eng ko`p hurmat qilinadigan va so`ziga amal qilinadigan shaxs hisoblanadilar. Ular bu hurmatni jahl ko`rsatib, baqirib-chaqirib qo`lga kiritmaydilar.

Oila ichida ham qattiqqo`llik va qat'iyat egasi bo`lgan ota qovog`i solingan, jahldor ko`rinishda "bu uyda hamma menga buysunishi kerak" demasligi, oila ichida tajovuzkor muhit paydo qilmasligi kerak. Aslida ham bunday oila boshlig`i bo`lgan otalar haqiqiy hurmat va qat'iyat egasi emas, balki zaifligining tashqi ko`rinishidir.

Ba'zi otalar xarakterlaridan kelib chiqqan holda oiladagi ko`p narsalarga bee'tibor, muammolardan xabardor bo`lishni ham istashmaydi. Shu sababdan bunday otalar o`z-o`zidan oiladagi o`rnini yo`qotadi.

Ba'zi otalarning “uyda hech kim menga quloq solmaydi" deb shikoyat qilishlarining tag zamirida ham ularning turli zaif tomonlari yotadi.

To Top ↑
To Top ↑