Tiqilib qolish belgilari yot jismning turiga va nafas yo`lida joylashgan joyiga bog`liq. Yot jism nafas yo`llariga tushganda xavfli holat kelib chiqishi mumkin: nafas olish to`satdan qiyinlashadi, bola bo`g`iladi, yo`taladi, qizarib ketadi. Bola yo`talayotgan va nafas olayotgan ekan, u o`lim xavfi ostida bo`lmaydi. Biroq agar yo`tal kamaysa, xirillash bilan kechsa, bolaning yuzi ko`kimtir tusga kirsa, bola hushini yo`qotsa, yot jism nafas yo`llarini butunlay to`sib qo`yganini ko`rsatadi.
Birinchi navbatda bolani yo`talishga undang!
O`z-o`zidan yo`talish yuqori nafas yo`llaridan yot jismlarni olib tashlashning eng yaxshi usuli hisoblanadi. Agar bola yo`talmasa, u nafas olmasa, yot jismlarni nafas yo`llaridan olib tashlang.
DIQQAT! Yot jism ko`rinib turganda va barmoqlar bilan olishning imkoni bo`lganda, uni chiqarib olish mumkin!
Yot jismni chiqarib tashlash uchun ikki xil usuldan foydalaniladi: a) orqaga urish yoki ko`krak qafasini bosish b) Geymlix usuli.
Orqaga urish va ko`krak qafasini bosish
Agar bola bir yoshgacha bo`lsa, muolajani stulda o`tirgan holda bajaring.• Bolaning yuzini pastga qaratib, tizzangizga yotqizing. Bolani bu holatda (yuzini pastga) mahkam ushlang va boshini ushlab turing. U ko`kragi bilan qo`lingizga yaxshi tayanishi lozim; bolani soningiz bilan ushlab turishingiz mumkin.
Keyin qo`l kaftingizning barmoqlarini birlashtirib, eshkak hosil qiling va bolaning orqasiga, kuraklari orasiga 5 marta ehtiyotkorlik bilan uring. Zarbalar bolaga shikast etkazmasligi uchun kuchli bo`lmasligi kerak.
Bolaning og`zida yot jismlar bormi, tekshiring. Agar bo`lsa, darhol olib tashlang.
Bolaning yuzini tepaga qaratib, tizzangizga chalqancha yotqizing, boshini tanadan biroz pastroq tuting. Bola ko`krak qafasining markaziga (to`sh suyagiga, ko`krak so`rg`ichlaridan ozroq pastga) uchta barmog`ingizni qo`ying. O`rta barmoq ko`krak qafasining o`rtasiga to`g`ri kelishi kerak.
Barmoqlaringizni to`g`ri joylashtirgach, o`rta barmoqni yuqoriga ko`taring va qolgan barmoqlardan foydalanib, 5 marta qattiq bosing,
Yana bolaning og`zida yot jismlar bormi, tekshiring. Agar bo`lsa, ularni olib tashlang.
Kattaroq bola uchun muolajani tik turgan holatda bajaring:Bolaga, bor kuchi bilan yo`talishini ayting. Uni oldinga engashtiring va kuraklari orasiga kaftingizning qirrasi bilan 5 marta uring. Agar bu yordam bermasa yoki og`ir belgilar yuzaga kelsa, uning orqasiga o`ting, ikkala qo`lingiz bilan ko`krak qafasini o`rab oling, qo`llaringizni to`sh suyagining pastki qismiga qo`yib, uni 5 marta bosing.
Bir yoshdan katta bolalarda Geymlix usuli qo`llanadi:
Ushbu amaliyotni bajarish usullari bolaning holatiga qarab farq qiladi.
• Agar bola tik turgan yoki o`tirgan bo`lsa, uning orqasiga o`ting va qo`llaringiz bilan bolaning ko`krak qafasini qo`ltiq ostidan quchoqlab oling. Qorinning o`rtasida, kindik ustida, musht qilingan kaftingizni joylashtiring va boshqa qo`lingiz bilan uni ushlang. Keyin to`sh suyagining chetini va qovurg`alarning pastki qirrasini bosmaslikka harakat qilib, qo`llaringizni ketma-ket 5 marta yuqoriga tomon bosib torting. O`zingizga qulay bo`lgan holatni egallang - bolani ko`tarishingiz yoki uning orqasida tiz cho`kib o`tirishingiz yoki bolani stulga o`tqizishingiz mumkin.
Agar bola hushsiz bo`lsa, Geymlix uslubi quyidagicha amalga oshiriladi: bolani chalqanchasiga shunday yotqizish kerakki, boshi tepaga qaragan holda joylashsin. Bolaning oyoqlarini keng oching, bir qo`l kaftingiz asosini uning qorin bo`shlig`ining o`rtasiga (kindikdan yuqorida, to`sh suyagining chetidan pastga) qo`ying, ikkinchi qo`lni birinchi qo`lning ustiga qo`ying va ketma-ket 5 marta bosing. Agar shundan keyin yot jism ko`rinadigan bo`lsa, uni olib tashlang.
Bolaning nafas olayotganini tekshiring. Agar nafas olmayotgan bo`lsa va siz yurak-o`pka reanimatsiyasini o`tkazish bo`yicha o`qigan bo`lsangiz, zudlik bilan yurak-o`pka reanimatsiyasini boshlang va imkon qadar tezroq tez tibbiy yordamni chaqiring (103 raqamiga qo`ng`iroq qiling).
Agar yoningizda yana boshqa inson bo`lsa, uni tez tibbiy yordam xizmatini chaqirish uchun yuboring, o`zingiz esa bola nafas olishni boshlaguncha yoki tez yordam kelguncha yurak-o`pka reanimatsiyasini davom ettiring.
Nima qilish kerak emas?
Agar yot jism ko`rinmasa, uni olib tashlashga urinmang! Chunki yot jismning traxeyaga yanada chuqurroq kirishi bolaning ahvolini yanada og`irlashtiradi.
Dilmurod TILOVOV tayyorladi