Suhbatni qo`llab-quvvatlang
Farzandingiz muammolar haqida o`ylashni davom ettirishi mumkin, shuning uchun savollarga har safar javob berishga tayyor turing. Agar suhbatlashishga muntazam vaqt ajratsangiz, bu farzandingizga o`z muammolarini muhokama qilish imkoniyatini beradi. Masalan, kechki ovqatdan keyin, kitob o`qishingizdan yoki birgalikda o`yin o`ynashdan oldin suhbatlashib olishingiz mumkin. Bu holatdan foydalanib farzandingizga boshqa yangiliklarni ham aytishingiz mumkin.
His-tuyg`ular haqida gapiring
Farzandingiz qayg`uda ekaningiz, g`azablanayotganingiz yoki xafa bo`lganingizni albatta ko`radi. Bu - tabiiy holat va hatto foydali ham. Farzandingiz uni yaxshi ko`rishingizni, bunday vaziyat uchun u aybdor emasligini, hamma narsa yaxshilanishini tushunishi va bilishi muhim.
His-tuyg`ularingiz haqida xotirjam va og`riqlarsiz gapirishingizdan bolangiz bu vaziyat u uchun ham normal ekanini tushunadi. Farzandingizning his-tuyg`ularini ifodalashga harakat qiling. Bu uning his-tuyg`ularini yaxshiroq o`rganishingizga va tushunishingizga imkon beradi. Masalan, "xafa bo`lganingni ko`ryapman" yoki "tushundim, bu seni xafa qiladi" kabi so`zlarni aytishingiz mumkin.
Farzandingizning alami va g`azabini eshitish sizga og`ir bo`lishi mumkin, lekin u ham kechinmalarini aytib olishi kerak.
Yana boshqalar bilan ham suhbatlashishni taklif qiling
Ba'zan bolalar o`z his-tuyg`ulari va kechinmalarini ota-onasidan boshqa odam bilan osonroq bo`lishadi. Farzandingizga boshqa ishonchli katta yoshli inson - do`sti, o`qituvchisi, xolasi, amakisi, amakivachchasi, bobosi yoki buvisi bilan gaplashishni taklif qilishingiz mumkin. Agar do`stlaringiz va qarindoshlaringiz farzandingiz bilan gaplashayotgan bo`lsa, ulardan sobiq turmush o`rtog`ingiz haqida salbiy fikr bildirmasliklarini iltimos qiling.
Ayriliq yoki ajralishdan keyingi odatiy kun tartibi va kundalik hayot
Kundalik tadbirlar bolalarga o`zlarini himoyalangan, xavfsiz va nazorat ostida his qilishlariga yordam beradi, shuning uchun ularga rioya qilish bolalarga ayriliq va ajralish bilan kurashishga yordam beradi.
Farzandingiz uchun haqiqatan ham muhim bo`lgan odatlarini aniqlang. Deylik, bu do`sti bilan birga o`ynash yoki uyqudan oldin yaxshi ko`rgan kitobini o`qish bo`lishi mumkin. Farzandingizga bu ishlar bilan shug`ullanishda davom etishini tushuntiring. Iloji bo`lsa, muhim narsalarni, masalan, farzandingiz boradigan maktabni o`zgartirmaslikka harakat qiling.
An'analarga rioya qilish ham foyda beradi. Farzandingizni uyg`otish usulingiz yoki uxlashidan oldin aytadigan so`zlaringiz - bu siz oson bajara oladigan va tinchlantiradigan odatlardir.
Ayriliq yoki ajralishdan keyin bolalar bilan qaror qabul qilish
Honasini qanday tartibga solish yoki kechki ovqatga nima tayyorlash kabi har kungi yumushlarda kichik qarorlarni bolangiz bilan birga qabul qiling. Natijada u o`zini vaziyatni nazorat qila olayotgandek his etadi.
Katta yoshdagi bolalar bilan ular siz yoki sobiq turmush o`rtog`ingiz bilan qancha vaqt o`tkazishni xohlashlari haqida gaplashishingiz mumkin. Bolani diqqat bilan tinglash va uning fikri ahamiyatga ega ekanini tushuntirish muhim.
Ayriliq yoki ajralishdan keyin bolalar bilan vaqt o`tkazish
Sayr qilish, musiqa eshitish va birgalikda raqsga tushish kabi oddiy ko`ngilochar tadbirlarga vaqt ajrating. Ba'zi talablarni birinchi marta so`ralgandayoq bajarish foydali. Masalan, bog`da ovqatlanish.
Ayriliq yoki ajralishdan keyin bolalar bog`chasi, maktabgacha ta'lim tashkiloti yoki maktabning qo`llab-quvvatlashi
Ayriliq yoki ajrashgandan so`ng bolangizning xatti-harakatlarida o`zgarishlar bo`lishi mumkin, bu uning qo`shimcha qo`llab-quvvatlashga muhtojligidan dalolat. Uning o`qituvchilari bu belgilarga e'tibor berishlari va unga yordam berishlari mumkin.
Oilaviy zo`ravonlik oqibatlari munosabatlar tugagandan keyin ham saqlanib qolishi mumkin. Oilaviy zo`ravonlik ota-onalar ajralganida boshlanishi yoki yomonlashishi ehtimoli bor. Oiladagi har qanday zo`ravonlikka yo`l qoymaslik kerak. Agar o`zingiz yoki biror tanishingiz oilaviy zo`ravonlikka duch kelsa, mutaxassisga, masalan, oilaviy shifokorga, ruhshunosga, ichki ishlar bo`limiga yoki ishonch telefoniga murojaat qiling.