Bola tarbiyasi mavzusi — bepoyon, serqirra, cheksiz va umuman oddiy odamlar qabul qilishi mushkul masala. Har yili dunyo bo`yicha bolalar tarbiyasiga bag`ishlangan tonnalab kitob va risolalar chop etiladi, biroq yuz yil muqaddam bo`lgani kabi aksariyat ota-onalar gapga kirmaydigan bolalar muammosiga duch kelaverishadi. Ana shu ota-onalarga muammolarni hal etishda quyidagi mezonlar asqatadi.
Bolani yaxshi hulqi uchun doimo maqtang. Afsuski, aksariyat ota-onalar bolani yomon ishi uchun jazolashadi-yu, yaxshi ishiga kelganda shunga majbur deb hisoblashadi. Aslida bola o`z xatti-harakatlarini endi to`g`rilay boshlagan bo`ladi, «yaxshi» va «yomon» baho hali u uchun begona. Shunda u yaqinlarining bahosiga qarab ish tutishga harakat qiladi. Yaxshi xulqi va gapga kirganligi uchun maqtang, rag`batlantiring, shunda u aynan siz xohlagandek ish tutishga jon-jahdi bilan intiladi.
Agar go`dak injiqlik qilsa va o`zini yaxshi tutmasa — uni shaxs sifatida ayblamang! Faqat muayyan vaziyatdagi xatti-harakati uchun ayblang. Masalan: o`g`ilchangiz bolalar maydonchasida o`zini yomon tutdi — boshqalarni turtkiladi, xafa qildi, ularning o`yinchoqlarini olib qo`ydi deylik. Kattalar ko`pincha: «Sen yomon bolasan, sen qizg`anchiqsan!» deyishga odatlanishgan. Mana shu holat bolani shaxs sifatida ayblashga yaqqol misol bo`la oladi. Agar bunday ayblovlar tizimli ravishda takrorlanaversa — bolakay chindan ham yomonga aylanadi. Unga to`g`ri tanbeh bering: «Sen nega o`zingni yomon tutyapsan? Nega boshqalarni turtkilab, xafa qilyapsan? Faqat yomon bolalar boshqalarni ranjitadi, axir sen yaxshi bolasan-ku! Sen esa bugun o`zingni yomon bolalardek tutyapsan — seni jazolashimga to`g`ri keladi...». Shunda bola aslida o`zi yaxshi ekanligini, uni yaxshi ko`rishlarini va hurmat qilishlarini, faqat uning bugungi hulqi — noto`g`ri ekanligini anglab etadi.
Farzandingizning yoshi va rivojlanishini hamisha hisobga oling.
4. Bolaga qo`yayotgan talablar oqilona bo`lsin.
Yomon hulqi uchun vaqtida jazolash lozim (3 yoshli bolani ertalab ovqatni to`kib qo`ygani uchun kechki mul'tfil'mdan mosuvo qilmang — kichkintoy xato bilan jazoning bog`liqligini tushunib etmasligi mumkin).
Bolani jazolayotganda o`zingiz xotirjam bo`lishingiz kerak.
Buni psixologlar tasdiqlashi mumkin: har qanday suhbatdosh, jumladan, bola ham (u qanchalik kichkina bo`lmasin) baqirmasdan, xotirjam gapirsangiz, sizni yaxshiroq tushunadi.
Bola bilan gaplashayotganda (ayniqsa, u quloq solmaganda, xarxasha va injiqlik qilganda, siz esa jahlingiz chiqib, xafa bo`lgan vaziyatlarda) doimo muomalangizga e'tibor bering — siz bilan bunday ohangda gaplashishlarini axir o`zingiz ham xohlamasangiz kerak.
Bola sizni tushunayotganiga hamisha ishonch hosil qilishingiz kerak.
Nima to`g`ri-yu, nima noto`g`riligiga o`z misolingizda o`rnak bo`lsangiz, yaxshiroq samara beradi. Boshqacha qilib aytganda, «Mening aytganimni bajar»dan ko`ra «Men kabi bajar» bolani samaraliroq tarbiyalaydi. Ular sizdan ibrat olsin, unutmang, qush uyasida ko`rganini qiladi.
Ota-ona, ya'ni katta odam sifatida hamisha qarorlaringizni qaytadan ko`rib chiqishga tayyor bo`ling. Ayniqsa, bu 10 yoshli va undan katta bolalarning ota-onalariga taalluqli. Bu yoshda bola muzokaraga kirisha oladi, dalil va isbotlar keltirishga qodir bo`ladi. U xulosani doimo siz chiqarishingizni, lekin uni tinglashga tayyorligingizni va muayyan vaziyatlarda o`z fikringizni farzandingiz foydasiga o`zgartira olishingizni tushunishi darkor.
Bolaning xatti-harakatlari (ayniqsa, bu yomon ishlar bo`lsa) qanday natijalarga olib kelishini tushuntirishga harakat qiling. Agar go`dak karavotchasidan o`yinchoqlarini otsa — ularni olib bermang: shunda mittivoy uning bu xatti-harakati o`yinchoqlardan judo qilishini tezda anglab etadi. Kattaroq yoshdagi bolalar bilan jiddiyroq vaziyatlarda shunchaki gaplashib olsa bo`ladi.
Mo`min-qobil bolani tarbiyalash, bir qarashda, unchalik qiyin emas. Ota-ona shunchaki o`z xatti-harakatlarini tahlil hamda nazorat qilishi — farzandga munosib o`rnak bo`lishi, ularning xarxasha va injiqlariga uchmasligi, bola bilan bajonidil suhbatlashishi, o`z qarorlarini bamaylixotir tushuntirishi zarur.
Ota-onalarga maslahatlar
Qaysi tarbiyalash usulini tanlash o`z ixtiyoringizda. Biz shunchaki oilada iliq munosabatlarni saqlashga yordam beradigan maslahatlarni berib o`tmoqchimiz:
Qanday nazorat qilishni o`zingiz hal eting. Jarayonga kompleks tarzda yondashing: bolaga nazorat haqiqatan zarurligini va buni unga zarar etkazib qo`ymagan holda qanday bajarish to`g`risida o`ylab ko`ring.
Bolani o`z qolipingizga solishga urinmang, barcha xatti-harakatlaringizni u bilan gaplashib oling. Shunday yo`l tutingki, bola biror qaror qabul qilayotganda siz tomondan hech qanday bosimni his etmasin. Qabul qilgan qarori uchun mustaqil javob berishiga imkon yarating. Natijada uning sizga bo`lgan ishonchi ortadi, voqea-hodisalardan boxabar qilib turadi. Siz esa o`z navbatida o`zingizni nazorat qila boshlaysiz.
Ota, ona va farzand o`rtasida o`zaro ishonch bo`lishi nihoyatda muhim. Bola o`z xatolari, kechinmalari va muammolari haqida gapirishdan cho`chimasligi zarur. Uning rostligi uchun urishish zinhor tavsiya etilmaydi, hatto bu rostlik sizga umuman yoqmasa ham. Bolaga qilgan xatolari uchun qattiq tanbeh beraverish yaramaydi, aks holda u sizga umuman ishonmay qo`yadi. Yaxshisi, u nimada nohaq ekanligini jahlsiz, bamaylixotir gaplashib olishga harakat qiling. Uning ishonchini bir marta yo`qotsangiz, yana qaytarish oson kechmaydi. Negaki, bola bilan munosabatlarda ustunlik qilish bu hali uning do`stiga aylanishni anglatmaydi.
Eng muhimi — ishonchini suiiste'mol qilmang. «Men senga ishongandim, sen esa...» iborasini ko`p ishlatish munosabatlarning qadrsizlanishiga olib kelishi mumkin.