x

Siz ota sifatida farzandlaringiz rivojlanishiga katta ta'sir ko`rsatasiz. Eng katta hissangiz - bolalaringiz bilan har kungi muloqot. Bu maqolada alohida "dadalar vaqti"ni kun tartibingizga qanday kiritish mumkinligi to`g`risida ma'lumotlar bilan tanishasiz.

Dadalarning farzandlari bilan vaqtni yuqori sifatda o`tkazishi

Bolalar bilan sifatli muloqot ularga shunchaki g`amxo`rlik qilishdan ko`ra ko`proq narsani talab etadi. Ammo ish bilan ko`p band bo`lishingiz, o`zingiz va turmush o`rtog`ingiz bilan birga vaqt o`tkazishda fursat topish qiyin bo`lishi mumkin.

"Dada vaqti"ni yanada o`ziga xos qilishning bir necha oddiy usullari:

• Farzandlaringiz bilan gaplashing. Ularga hikoya va latifalar aytib bering. Katta yoshlilar suhbatini eshitish go`dak va yosh bolalarning o`rganishiga, ular hatto nima haqida gapirayotganingizni tushunishmasa ham, yordam beradi. Bu sizlarni hissiy jihatdan ham yaqinlashtiradi.

• Farzandlaringiz bilan o`qing. Farzandlaringiz bilan ovoz chiqarib o`qish - birgalikda vaqt o`tkazishning ajoyib usulidir. Bundan tashqari, o`qish va hikoyalar aytish nutqni rivojlantirishga, savodxonlik va aqliy rivojlanishga yordam beradi.

• Narsalarni tushuntiring. E'tibor berishga yoki eslashga arziydigan narsalarni, masalan, qurilish maydonchasidagi ekskavator yoki hovlingizdagi qushni ko`rsating. Farzandingiz savol bersa, ular qanday ishlashini tushuntiring.

Gaplashish muhim. Farzandlaringizga alohida e'tibor berilgan daqiqalar haqiqatan ham oltindir. Ishingizni chetga surib, bolangizga to`liq e'tibor berishingiz uning rivojlanishi va o`ziga ishonchini sezilarli darajada oshiradi.

• Yaxshi namuna bo`ling. Farzandingiz siz bilan muloqot qilish orqali boshqalar bilan muloqot qilishni o`rganadi. Har bir ota-ona ba'zan farzandiga "yo`q" va "unday qilma" deyishi kerak. O`zingiz xohlayotgan xulq-atvor haqida aniq tasavvurga ega bo`lsangiz, ana shu so`zlar ham "ta'lim lahzalari"ga aylanishi mumkin. Bola hamkorlik qilsa va xushmuomala bo`lsa, uni maqtang. Bu unga o`rnak olish uchun kuchli misol bo`ladi.

• Rag`batlantiruvchi ta'lim imkoniyatlarini yarating. Diqqat bilan kuzatsangiz, o`yinni bolangizning qobiliyati chegarasida qanday olib borish kerakligini tushunasiz - juda qiyin ham, juda oson ham emas. Misol uchun, siz pazl (mozaika) bo`lagini qayerga qo`yish mumkinligini ko`rsatishingiz mumkin. Bu bola bir o`zi qiynalib uringani yoki vazifani uning o`rniga siz bajarib qo`ya qolganingizdan afzaldir.

Iloji bo`lsa, tanlov imkonini taklif qiling. Masalan, "Futbolkani kiy" deyish o`rniga "Sen qizil futbolka kiymoqchimisan yoki yashilinimi?" deyishingiz mumkin. Tanlov ko`rsatmalarning ajoyib muqobilidir. Bu mustaqillikni rivojlantirishga va mas'uliyatni rag`batlantirishga yordam beradi, shuningdek, bolangiz qaror qabul qilish jarayonini boshqara olishini his etadi.

• Biror narsani o`qiyotganda yoki tushuntirayotganda hazil-mutoyibadan foydalaning. Hazil qiling. O`rinli hazil-mutoyiba bolalarning yayrab-yashnab ulg`ayishiga zamin yaratadi.

O`zaro ta'sir hosil bo`lishi uchun sizga maxsus tayyorgarlik kerak emas. Balki, ko`p yaxshi narsalarni allaqachon qilayotgandirsiz ham. Farzandlaringiz bilan o`tkazgan har bir daqiqa sifatli bo`lmasligi mumkin, lekin a'lo darajadagi o`zaro munosabatlar qanday bo`lishini bilishingiz ularni yanada ko`paytirishingizga yordam beradi.

Otalar mehri va bola bilan jismonan bog`liqligi farzandlarning o`ziga ishonchi yuqori, ijtimoiy va hissiy muammolari esa kamroq bo`lishiga xizmat qiladi.

Bellashuvli o`yinlar

Kurash va bellashuvli o`yinlar bolalar va kattalar uchun qiziqarli, ayniqsa, otalarga xos bo`lishi mumkin.

Bellashuvli o`yinlar mashq qilishdan tashqari bolalarga o`zlarining jismonan nimalarga qodir yoki qodir emasliklarini sinab ko`rish imkonini beradi. Shu bilan birga, bu bolalarga tajovuzkor bo`lmasdan kuchli bo`lishni o`rganishga yordam beradi. Bolalar otalari bilan bellashuvli o`yin o`ynaganlarida, g`azab va hayajon kabi his-tuyg`ularni, shuningdek, g`alaba qozonish istagini boshqarishni o`rganib olishlari mumkin.

Bunday o`yinlar davomida, bolangiz muhim ijtimoiy saboqlarni, masalan, "adolatli bo`lish" nima ekanini o`zlashtiradi.

 

Farzandingiz bilan bellashuvli o`yinlardan maksimal darajada foydalanish uchun bir nechta maslahatlar:

 

O`yin vaqtini oqilona belgilang. Otalari bilan o`ynayotgan bolalar qattiq hayajonlanishlari mumkin. Shu bois ularni yotishlaridan, ovqat eyishlaridan yoki kiyinishlaridan oldin biroz o`z holiga qo`ying. Bunday o`yindan keyin o`zingizni bo`sh qo`yish uchun vaqt ajrating.

• Bir nechta asosiy qoidalarni belgilang. Misol uchun, kimdir: "Bo`ldi, bas!" desa yoki biror joyi og`riyotganini aytsa, tanaffus qiling.

Tasodifiy zarbalar yoki to`qnashuv sodir bo`lganda tinchlaning, bolangiz bu hodisaning tasodif ekanini tushunayotganiga ishonch hosil qiling va ko`zyoshlarni quritib, o`yinni qaytadan boshlang.

"Yutqazgan" paytlarida farzandlaringizni davom ettirishga undang.

• Esda tuting, siz eng kuchli va eng katta o`yinchi sifatida ba'zan “engilishingiz" yoki "qo`lga tushishingiz" kerak, shunda boshqa o`yinchi hech bo`lmaganda bir muddat "g`alaba qozonishi" mumkin!

To Top ↑
To Top ↑