O`quv yili boshlanishiga ham sanoqli kunlar qoldi. Ko`p ota-onalar hatto xavotirga tushib qolishgan: maktabga ilk qadamini qo`yayotgan jondan aziz farzandi qiynalmasligi hamda tezroq moslashishi uchun unga qanday yordam bersam ekan, deya joni halak. Shunday vaziyatda nimalar mumkin emasligini bilib qo`ysangiz, foydadan xoli bo`lmaydi.
Ho`sh, 1-sinf o`quvchisining ota-onasi qanday xatolarga yo`l qo`ymasligi kerak?
Uy vazifalarini darrov bola bilan birga tayyorlash.
Ayrimlar hatto bola hali yordam so`ramasidan uy vazifalarini uning o`rniga o`zi bajarishga tushadi. Natijada bola o`qish oldidagi mas'uliyatni his qilish imkoniyatidan mahrum bo`ladi va buni jon deb onajonisining zimmasiga yuklab qo`ya qoladi. Bunday vaziyatda voqealar rivoji yanada jiddiy tus olishi mumkin — bolaning o`qishga bo`lgan qiziqishi va xohishi butunlay pasayib ketadi. Agar bu o`zidan ko`ra onasiga kerak bo`lsa, nima qiladi jon kuydirib?
Bolani qo`rqitish.
«Bog`chadagidek seni erkalab o`tirishmaydi», «Oldinda seni jiddiy hayot kutib turibdi, bu senga o`yinchoq emas, u erda senga baholar qo`yishadi», «Endi sening mul'tfil'm va o`yinlarga vaqting bo`lmaydi!» kabi yoqmaydigan «pand-nasihatlar» bilan bolani qo`rqitmang.
Bularning bari kichkintoyda xavotir va zo`riqishni kuchaytiradi, maktabga moslashishiga salbiy ta'sir ko`rsatadi.
Hammasi oson va qiziqarli bo`ladi deb aldash.
Bolani maktabda ertalabdan-kechgacha o`yin-kulgi bo`ladi deb ishontirish.
Deylik, u onasiga ishonadi, maktabga kelgach, muqarrar qiyinchiliklarga uchraydi — qo`pol pedagoglar, g`ayritabiiy kun tartibi, qiyin topshiriqlar, turli talablar va hokazo. U bunga tayyor emas. Bular uni yana-da qo`rqitadi, chinakam reallikka duch kelganda esa o`zini yo`qotib qo`yadi.
Ideal natija talab qilish.
Ideal daftar, she'rlarni to`xtamasdan yoddan aytib berish, mukammal rasmlar chizish va hokazo.
O`qish jarayoni boshida xato qilishi tabiiy hol, bola hamma topshiriqlarni ham to`la-to`kis bajarmasligi mumkin. Qoralamadagi yozuvlarni toza daftarga bir necha marta ko`chirish — maktabda bolaning tez toliqishiga hamda undan ko`ngli qolishiga olib keladi.
Kundalikda qayd etilgan yomon baholar uchun urishish.
Bu oldingisiga o`xshab ketadi, faqat yomon baholar va tanbehlar qo`shiladi, xolos — bu hukm emas, aksincha, bolaga nimadir etishmayotganini, uni koyish emas, yordam berish kerakligiga ishora deb qabul qiling.
Pedagoglar, boshqa bolalar bilan ziddiyatli vaziyatlar kelib chiqqanda o`ylamasdan shoshilinch xulosa chiqarish.
Dastlab har tomonlama shart-sharoitni o`rganish muhim.
Bolaning shikoyatlarini e'tiborsiz qoldirish.
Agar bola pedagoglar yoki tengdoshlari uni tinimsiz xafa qilishini aytsa, o`zi kelishib oladi degan umidda e'tiborsiz qoldirmaslik kerak. Afsuski, shunday vaziyatlar ham uchrab turadi, unda bola o`zini shunchaki himoya qilolmaydi, ota-ona madadidan najot kutadi.
Yangi to`garak yoki sektsiyalarga yozib qo`yish.
O`quv yilining dastlabki yarim yili shusiz ham bolajon uchun ruhiy va jismoniy yuklama.
Hatto uning o`zi sektsiya yoki to`garaklarga borishni juda-juda xohlagan taqdirda ham, maktabdagi yangi hayotga moslashib olganiga to`liq ishonch hosil qilmaguncha shoshilmang.