x

Ilk va maktabgacha yoshdagi bolalarning ta'lim-tarbiyasi

Farzandingiz tug`ilishidanoq xavfsiz va rag`batlantiruvchi muhitda o`ynab, tadqiq qilib o`rganadi. Bolangiz o`zaro aloqalar orqali muloqot, fikrlash va muammolarni hal qilish ko`nikmalarini o`rganadi. Bola qo`llab-quvvatlashingiz va rag`batlantirishingiz yordamida ta'lim jarayonida qatnashish, faol o`ynash va turli mashg`ulotlarni sinab ko`rish orqali juda ko`p narsalarni o`rganadi.

Ilk yoshdagi bolalarning ta'lim-tarbiyasi

Chaqaloqlar o`rganishga tayyor bo`lib tug`iladi va ularning miyasi o`sish jarayonida rivojlanadi. O`yin orqali ta'lim-tarbiya faoliyatini tashkil qilish uchun bolaga rag`batlantiruvchi muhit kerak. Tug`ilgandan boshlab chaqaloq unga g`amxo`rlik qiladigan, hayotidagi eng muhim odamlar bilan iliq va samimiy munosabatda bo`lsa, uning o`rganishi oson kechadi. O`z farzandlari uchun ota-onalar - birinchi pedagoglar hisoblanadi. Farzandingizda o`yin orqali dunyoni tadqiq qilish va bilish istagini uyg`oting va rag`batlantiring, unga o`rnak bo`ling.

Mehribon yaqinlari orasida o`sib-ulg`ayayotgan bola sizdan boshqalarga nisbatan o`zaro tushunish, hamdardlik va mehribonlikni o`rganishda davom etadi.

Kichkintoylar qanday o`rganadi?

Farzandingiz nafaqat passiv o`tirish, balki atrof-muhit bilan faol shug`ullanish orqali yaxshiroq o`rganadi. Bu quyidagilarni o`z ichiga oladi:

qiziqarli voqealarni, harakatni kuzatib boradi va qarindoshlarning ovozini eshitadi;

⚫ tovushlarni tinglaydi, ovoz chiqaradi va qo`shiq aytadi;

atrofdagi narsalarni tekshirib ko`radi, masalan, narsalarni tishlab ko`radi, o`yinchoqlarni og`ziga soladi (xavfsizlik haqida unutmang!), ularni silkitadi va aylantiradi;

⚫ har bir sodir bo`layotgan narsaga qiziqish

bildiradi, keyinchalik "Nima uchun?",

"Nega?" kabi savollar beradi;

paypaslash orqali o`yinchoqlarning teksturasini tekshiradi - silliq, dag`al, sirg`anchiq, yumshoq, momiq;

• uning barcha sezgilarini – teginish, ta'm, hid, ko`rish va eshitishni qo`zg`atadigan narsalarni bajarib ko`radi.

Farzandingiz o`z ta'limida bevosita ishtirok etganda ta'lim-tarbiya jarayoni samaraliroq bo`ladi. Masalan: o`qish uchun kitob tanlaydi;

kitoblardagi rasmlarni ko`rsatadi va illyustratsiyalarga qiziqish bildiradi;

o`ynamoqchi bo`lgan predmet va o`yinchoqlarini tanlaydi;

• ovqat tayyorlashda ishtirok etadi, ya'ni kechki ovqat uchun sabzavotlarni tanlaydi yoki keks va boshqalar uchun masalliqlarni aralashtirishga yordam beradi.

Bolaga turli xil kundalik ishlarni (uyda, ko`chada, faol, xotirjam va hokazo) bajarishga ko`rsatma bering, shunda u o`z bilimlarini amalda qo`llash va mustaqil ravishda atrof olamni o`rganish imkoniyatiga ega bo`ladi. Shunday qilib, bolada "Men" konsepsiyasi shakllanadi.

Farzandingiz o`rganish jarayonida sizning yordamingizga muhtoj. Masalan, ba'zida unga nima qilish kerakligini ko`rsatishingiz kerak bo`lishi mumkin, bu holatda maqtash va mukofotlash har doim rag`batlantiruvchi vosita bo`ladi. Farzandingiz xato qilishi va dunyo qanday tuzilganini o`zi bilib olishi ham katta ahamiyatga ega. Bu ta'lim-tarbiya jarayonining asosiy qismidir.

Bolani ko`p qirrali shaxs sifatida shakllantirishda oilaning o`rni

Bola hayotining birinchi yillarida u qanday ko`nikma va bilimlarni egallashida oila muhim rol o`ynaydi. Ushbu tajribani o`zlashtirish oz-ozdan har kuni sodir bo`ladi.

Bolaning oilada kattalar munosabatlari orqali mehr-muhabbatni his qilishi muhimdir. Oila modeli va undagi munosabatlar bolaning shaxs sifatida shakllanishida juda katta ko`rsatkichdir.

Til va muloqot

Farzandingiz bilan gaplashganda va tinglaganingizda, birga o`qiganingizda yoki qo`shiq kuylaganingizda, siz unga til qanday ishlashini, yozma va og`zaki muloqotni tushunishga yordam berasiz, shuningdek, suhbatlashish ko`nikmalarini va muloqot madaniyatini shakllantirasiz. Masalan, u navbatma-navbat gapirishni va boshqalarni tinglashni o`rganadi.

Joy, makon va atrof-muhit

Atrofdagi narsalarga e'tibor qaratib, bola o`lcham nima ekanini tushuna boshlaydi, masalan, "Men kursidan balandman, lekin stoldan baland emasman". Shuningdek, u o`z jamiyatidagi o`rni va atrofidagi dunyoga ta'siri haqida bilib oladi. Masalan, "Biz shu ko`chada yashaymiz, bog` u erda, mening do`stim esa ko`chaning narigi tomonida yashaydi" yoki "O`simliklar men sug`orishga yordam berganim uchun o`sgan".

Salomatlik va jismoniy tayyorgarlik

Farzandingiz uchun namuna bo`ling: sog`lom turmush tarzini olib boring va to`g`ri ovqatlanish qoidalariga rioya qiling. Agar ertalab engil tamaddi o`rniga to`laqonli nonushta qilsangiz, bolangiz ham ushbu xatti-harakatlar modelini o`zlashtiradi.

Agar siz televizor ko`rishdan ko`ra sayrga borsangiz, bolangiz mashqlar birgalikda vaqt o`tkazishning yaxshi va qiziqarli usuli ekanini bilib oladi.

Hisoblash, o`qish, yozish va musiqa mashg`ulotlari

Bolangizga hisoblashni o`rgating. Oddiy misollardan boshlab, har kuni u bilan hisoblang: "Karavotda nechta ayiqcha bor?" yoki "Iltimos, qizil kiyim qisqichlarning hammasini shu savatga solgin. Qancha kiyim qisqich solding?" Farzandingiz bilan sanoq-ovutmachoqlarni o`rganing va ularni kuylang.

Farzandingizning siz bilan birga o`qishi va ertak aytib berishi, tovushlar va harflar bilan oddiy o`yinlar o`ynashi, masalan, bir xil tovush bilan boshlangan so`zlarni tinglashi, shuningdek, uning atrofidagi rasmlar, harflar va so`zlarga (peshlavhalar, kitoblar va kataloglar) qarashi - bularning barchasi o`qish va yozish ko`nikmalarini erta egallashga yordam beradi.

Farzandingizga yozuv malakalarini egallashga yordam bering, rasm chizish, bosma harflar bilan yozish, raqam va harf elementlarini yozish istagini qo`llab-quvvatlang. Harid qilish ro`yxatini tuzayotganda, o`z ro`yxatini tuzishi uchun bolangizga qog`oz va qalam bering. Yozish unga harflar va tovushlar talaffuzi o`rtasidagi munosabatni tushunishga yordam beradi. Bolangiz bilan birga qo`shiq ayting, raqsga tushishi uchun musiqa qo`yib bering, musiqa asboblarini bering (improvizatsiya qilinganlar ham mos keladi), shuningdek, unga o`zgartirishi mumkin bo`lgan kiyimlarni toping - bularning barchasi bolangiz musiqa, aktyorlik ijrosi va raqs nima ekanini tushunishi uchun ajoyib mashg`ulotlardir.

To Top ↑
To Top ↑