Bolangizning sizni tashvishga solishi mumkin bo`lgan xatti-harakatlari: begonalardan qo`rqish.
Notanish odam qo`liga olganida yoki murojaat qilganida kichkintoyingiz bezovtalanishi mumkin. Bolada bunday bezovtalik tez-tez uchraydi va 7-10 oylikda yaqqol namoyon bo`ladi. Bu holat bir necha oy yoki yil davom etishi mumkin va odatda bola 18-24 oylik bo`lganida o`tib ketadi.
Nima qilishingiz mumkin?
Rivojlanish vaqtida begonalardan qo`rqish holati kuzatiladi, siz bolangizning noqulayligini engillashtirishga yordam bera olasiz.
Bolaning bezovtalanishini e'tiborsiz qoldirmang va rad qilmang. Chaqaloq nima qilayotganini sizga aniqroq ko`rsatish uchun yig`lab yuborishi va undan ham jiddiyroq munosabat bildirishi mumkin.
• Yangi odamlar bilan tanishganda chaqaloqni qo`lingizda yoki tizzangizda ushlang. Iloji bo`lsa, yangi odamlarni tanish muhitda, masalan, uyingizda tanishtiring.
Agar chaqaloq yangi odamga ko`nika olmasa, unga tasalli bering va tinchlantiring. Shundan keyingina birgalikda o`ynashga harakat qiling. O`yinni boshlash uchun chaqaloqni yangi odamdan uzoqlashtiring.
• Sabrli va muloyim bo`ling. Chaqaloqdan yangi odam bilan munosabat o`rnatishni talab qilmang. Kattalar o`zlarini qanday his qilayotganidan ko`p tashvishlanmang
- begonalardan bolani qo`llariga olishdan oldin kutib turishini so`rang. Chunki chaqaloq yangi odamlar bilan uchrashib, ular bilan muloqot qilishi uchun vaqt zarur.
Chaqaloqni yangi odamlarga tanishtirganda o`zingizni xotirjam tuting. Chaqaloq sizning xatti-harakatingizni kuzatadi va sizning munosabatingizga qarab vaziyatni baholaydi.
• Yangi odamlar bilan uchrashishni rad etmang, aksincha, yangi odamlar bilan tanishish uchun chaqalog`ingizga sharoit yaratib bering. Har doim mehmonlarni samimiy kutib oling. Tabassum, yoqimli va quvnoq ovoz, vizual aloqa orqali chaqaloqqa yangi odamlar bilan aloqada bo`lish yoqimli ekanini tushuntiring.
Begonalardan haddan tashqari qo`rqish bola katta bo`lganida ijtimoiy munosabatlarga kirisha olmasligiga sabab bo`lishi mumkin. Shuning uchun bolani chaqaloqlik davridanoq yangi muhitga o`rgatib borish zarur. Bu jarayonda bolada kuchli bezovtalik yoki asabiylik doimiy kuzatilsa, albatta mutaxassislarga murojaat qiling. Agar begonalardan qo`rqish bola hayotining ikkinchi yilidan keyin ham davom etsa, mutaxassislardan maslahat oling.