Yurak shovqini bu - yurakdagi begona tovushlar.
Bolalar va o`smirlarda yurak shovqinlari har doim ham yurakda muammo yoki kasallik borligini anglatmaydi. Bola yuragidagi shovqinlarning
yuzaga kelish sabablari
Yurakdan o`tayotgan qon, odatda, "tuk-tuk" qilib tovush chiqaradi. Yurak shovqini bu - yurakdagi begona tovush, hushtak. Bu shovqin qon yurak orqali bir maromda o`tmagani tufayli sodir bo`ladi.
Yurakdagi shovqinlarning aksariyati oddiy fiziologik "beziyon" shovqinlardir. Bu bolaning yuragida muammo yo`qligini va shovqin vaqt o`tishi bilan yo`qolishini anglatadi. Farzandingizning isitmasi ko`tarilganda "beziyon" yurak shovqinlari paydo bo`lishi mumkin.
Kamida ellik foiz bolalarning yuragida "beziyon" shovqinlar mavjud. Bu yurak shovqinlarining bolalar va o`spirinlarda eng ko`p tarqalgan turi hisoblanadi.
Yurakning g`ayritabiiy shovqinlari yurak kasalliklarida, masalan, yurak klapanlari nuqsonida yoki yurak bo`lmachalari orasidagi devorda teshikcha bo`lganda uchraydi. Bu muammolar tug`ma yoki keyinchalik orttirilgan bo`lishi mumkin.
Bolalardagi yurak shovqinining belgilari
Agar farzandingizning yuragida "beziyon" shovqin bo`lsa, unda yurak xastaligining alomatlari bo`lmaydi.
Agar unda g`ayritabiiy yurak shovqini bo`lsa, odatda yurak kasalliklari bilan bog`liq belgilar kuzatiladi. Bularga charchoq, nafas qisilishi va / yoki lablarning, qo`l va oyoq barmoqlarining ko`karishi kiradi. Agar shovqin tug`ma bo`lsa, bu belgilar tug`uruqdan keyinoq yoki ko`p o`tmay paydo bo`lishi mumkin.
Yurak shovqinini stetoskopsiz eshitishning iloji yo`q.
Qachon shifokorga murojaat qilish kerak?
Bolaning yuragi bilan bog`liq muammolarning aksariyati (lekin hammasi emas) tug`ilish vaqtida yoki chaqaloq hayotining dastlabki bir necha haftalarida, shifokor yangi tug`ilgan chaqaloqni tekshirganda aniqlanadi.
Agar farzandingizning nafas olishi yoki terisining rangi sizni xavotirga solsa, pediatrga murojaat qiling.
Yurak shovqinlarini tekshirish
Agar pediatr farzandingizdagi yurak shovqinidan xavfsirasa, EKG va ko`krak qafasi rentgenografiyasi o`tkazishni tayinlashi mumkin.
Pediatr, shuningdek, farzandingizni qo`shimcha maslahat olish va tekshiruv uchun bolalar kardiologiga yuborishi mumkin.
Yurakshovqinini davolash
Yurakning "beziyon" shovqini hech qanday muolajani talab qilmaydi, chunki farzandingizning yuragida hech qanday muammo yo`q. U vaqt o`tishi bilan o`tib ketadi.
Agar shifokor farzandingizda yurak kasalligini aniqlasa, uning shakli va og`irlik darajasiga qarab muolaja tayinlaydi. Ehtimol, bolani shifokor nazoratida qoldirish zarur bo`lar yoki u dorilar ichishi yoki hatto jarrohlik amaliyotini boshdan o`tkazishiga ham to`g`ri kelishi mumkin.