• Hayosiz bo`lma! Chunki hayosizlik — imon-e'tiqod, axloq-odobni zaiflashtiradi.
• Sabrsiz bo`lma! Chunki sabrsizlik — ba'zan sodir etilishi kutilmagan xatarni o`ziga jalb etadi.
• Ilmsiz bo`lma! Chunki ilmsizlik — oxir-oqibat xor-u zorlikka etaklaydi.
• Nodon bo`lma! Chunki nodonlik — adashganni yana adashtiradi.
• Zulmkor bo`lma! Chunki zolimlik — osuda ko`ngillarga ozor etkazadi.
• Johil bo`lma! Chunki johillik — bilimsizlikning poydevori sanaladi.
• Kibrli bo`lma! Chunki takabburlik — boshqalarni kamsitish, «Men» likni boshiga toj qilib kiyish bilan tavsiflanadi.
Ba'zilar bolasi hali ikki-uch yoshga kirmay turib, uning tarbiyasi «nobop»ligidan shikoyat qilishni boshlab yuborishadi. Norasida go`dakni xuddi kattalardan talab qilinadigan «qolip»larga solishga, uning odob-axloqini «o`nglash» harakatlariga kirishiladi.
Bu ham xato yo`l. Chunki hali suyagi qotmagan, yaxshi va yomon nimaligini anglamagan yosh bolani hadeb tergayverish, uni turli qoliplarga solishga urinish, kuchi va iqtidori etmaydigan mashg`ulotlarga majburlash irodasini sindirishi, ruhiga salbiy ta'sir ko`rsatishi, keyinchalik hamma narsaga befarq va loqayd qaraydigan qilib qo`yishi mumkin.
Buyuk vatandoshimiz shayxur rais Abu Ali ibn Sino yosh avlod tarbiyasining ibtidosi qanday va nimalar bilan bo`lishi haqida quyidagilarni aytgan edi: «Yosh bola boshlang`ich ta'lim va tilga doir qoidalarni yod olganidan keyin u mashg`ul bo`lishi mumkin bo`lgan kasb-hunar va san'atga moyilligiga qarab, uni shunga yo`llaymiz. Agar u kotiblikni xohlasa, til, xat yozish, nutq so`zlash va odamlar bilan muomala qilish kabilarga dalolat qilamiz. Albatta, bu o`rinda, bolaning mayli ahamiyatga ega» («Islomiy tarbiya va uning falsafasi». Muhammad Atiya, 197-bet).
Mutaxassislar tavsiyasiga ko`ra, bola maktabga borgunicha uni podshoh tuyib muomala qilinadi, ya'ni risoladagi barcha iltimoslari so`zsiz bajariladi, sho`xlik va erkaliklardan qaytarilmaydi. Shundan so`ng unga asta-sekin tushuntirish, kattalarning o`zi ibrat bo`lishi orqali tarbiya beriladi.
Tarbiya bir necha tomondan olib boriladi. Bola aqlan rivojlanishi uchun unga turli kitoblar o`qib beriladi, rivoyat va ibratli hikoyatlar so`zlanadi yoki aql-zakovatini o`stiradigan o`yinlar, mashg`ulotlarga jalb qilinadi. Ruhiy tarbiyasini yaxshilash uchun hayot va o`lim, yaxshilik va yomonlik, axloq va odob kabi boqiy mavzularda sodda, bola ruhiyatiga mos suhbat va tushuntirish olib boriladi. Jismoniy tarbiya berish uchun esa biror foydali mehnatga jalb qilish, suzish, merganlik, chavandozlik kabi mashg`ulotlarni o`rgatish mumkin.
Bolalarga yoshligidan boshlab Qur'oni karim qissalaridan, payg`ambarlarning hayoti haqida naql qiluvchi turli rivoyatlardan, xalq ertaklari va dostonlaridan, topishmoqlar, maqol va matallardan o`qib berish, so`zlash yoki ularning o`zlariga o`qitish ham kerak. Bu bilan bolalarning zehni o`sadi, fikri kengayadi, dunyoqarashi boyiydi, xotirasi kuchayadi. Eng asosiysi, bola eshitganlaridan ibratlanib, yaxshi odamlarga ergashishga intiladi, ularning xulqu odobidan bahramand bo`ladi.
O`g`il-qizlarining zehni o`sishini, aql-idrokli, fikrlovchi bo`lib ulg`ayishini istagan ota-onalar ularga kichikligidan turli ibratli hikoyalarni, ulug`larimizning hayot yo`llari va fazilatlari haqidagi rivoyatlarni, ramziy ma'nodagi yaxshilikka, chiroyli axloq va odobga chorlovchi ertaklarni so`zlab berishsa, ular ma'naviyatini yuksaltirishda katta tarbiyaviy ish qilgan bo`lishadi. Quyida misrlik olim Abdulloh Abdul Muti'ning «Islomda tarbiya» kitobidan bir necha shingil ertaklarni keltirib o`tishni lozim ko`rdik.