Onalik! Hech qanday sayqalu bo`yashlarga, kinoya-yu po`pisalarga xos bo`lmagan, o`z-o`zidan latif va olijanob tuyg`u. Onalik qarshisida, joiz bo`lsa, butun dunyo bosh egadi. Insoniyat onalikni his qilgan, bolasini jonidan ortiq sevgan ayolni doimo ulug`lagan. Onalik, aynan bolaga mehrini bergan, uni tom ma'noda his qilgan ayolninggina ta'rifidir. Ha, biz «bolaga» deb bekorga ta'kidlamadik, chunki ona bolaga mehr berishi kerak, bolaning esa begonasi bo`lmaydi!
Farzandni dunyoga keltirguncha o`tadigan 9 oy ona uchun sabr-toqat va sinov davri bo`ladiki, bu paytda bo`lajak ona qalbi, yuragi ostidagi jon uchun qanchalik darajada «daryo» bo`lishga o`zida ishonch paydo bo`ladi. Bu sinovdan o`tgan ayollargina, Yaratganning buyuk ne'matidan bahramand bo`ladilar, balki. Hohish, niyat, degan narsalar borki, inson ongiga birrov keladi, tilida bir so`z bilan ifoda etiladi, ammo shu kalom «Niyat ketdi - Egasiga etdi» ekan-da, tarzida qanchadir vaqtdan keyin ko`nglimizdan qayta kechadi. Shuning uchun o`zimizni doimo yaxshi niyat bilan boshqarishimiz lozim. Farzand borasidagi niyatimiz ham boshqa xohish va ehtiyojlarimiz sirasiga kiradi. Solih, aqli raso, salomatligi to`kis avlod har birimizning di- limizda, tilimizda hali farzand ko`rmasdan, homiladorlikdan avvalroq bo`lishi shart! Toki, niyatlarimiz o`zimizga yo`ldosh bo`lsin! Bo`lajak farzandimiz to`rt muchasi sog` tug`ilsin, parvarishimiz bilan baquvvat bo`lib etishsin, tarbiyamiz bilan ilmli bo`lsin, kursatgan yo`l-yo`rig`imiz bilan komillikka erishsin!
Hohish va niyat asnosida, ishonmoq, kutmoq va umid qilmoq kerak!
"Ona va bola"kitobidan