x

Moliyaviy savodxonlikka o`rgatish yoshlikdan boshlanishi kerak. Bu moliyaviy sohada o`ziga ishongan insonni tarbiyalashning yagona yo`lidir. Biz yo`l qo`ygan xatolar nima qilmaslik kerakligi haqida xulosa chiqarish uchun etarli. Shuni yodda tutingki, bolalarda pulga salbiy yoki ijobiy munosabat juda erta shakllanadi. Bu biz ba'zan e'tibor bermaydigan kichik narsalarga bog`liq bo`lishi mumkin: ertaklar, noto`g`ri so`zlar, cho`ntak pulining yo`qligi. Farzandingizda pulga nisbatan to`g`ri munosabatni shakllantirishga imkon beradigan bir nechta asosiy qoidalarni keltirib o`tamiz.

Kerakli ertaklar va suhbatlar

Avvalo, bolada qanday qilib nojo`ya harakatlar paydo bo`lib qolmasligi yoki voqelik haqida noto`g`ri tushuncha hosil qilmasligi haqida bosh qotirish kerak. O`ylab ko`ring, bolalarga qanday ertaklarni o`qib berasiz? Ular pulga to`g`ri munosabatni shakllantirishiga ishonchingiz komilmi? Masalan, qashshoqlikda yashaydigan va shahzodani kutayotgan Zolushka haqidagi ertak nimani o`rgatadi? Yoki 33 yil pechka ustida yotgan va faqat mo`'jiza orqali kuch-kuvvatga to`lgan bahodir haqidagi ertak-chi? Bolalarga ertak o`qib berishdan oldin uni mustaqil mutolaa qiling, shaxsiy tajribangiz g`alviridan o`tkazing, o`ylab ko`ring: u nimani o`rgatishi mumkin?

Ertaklar foydali bo`lmasa, ularni rad etmaslik kerak. Ularni farzandingiz bilan birga o`qib, to`g`ri xulosa chiqarishi uchun yordam berishingiz mumkin.

Kupincha ota-onalar farzandlari oldida pul haqida gapirmaslikni afzal bilishadi, ularni moliyaviy tafsilotlarini o`rganish uchun hali juda yosh deb hisoblashadi. Bu noto`g`ri yo`l. Bola oilada moliyaviy muammolar qanday hal qilinishini ko`rishi, pulning qadri haqida dunyoqarashini shakllantirishi kerak.

Moliyaviy muammolarni bolangizdan yashirmang. Ammo iboralarni to`g`ri tanlang. Masalan, «Bunga pulimiz yo`q» deyish o`rniga «Hozir pulni boshqa narsalarga sarflaymiz, bu muhimroq, ko`proq manfaat keltiradi» degan ma'qulroq. Bola pul nima ekanligini va u nima uchun kerakligini, qayerdan paydo bo`lishini va nimaga sarflanishini tushunishi kerak.

Oila davrasida pul haqida suhbatlashishning hech qanday zarari yo`q. Farzandingizga tejash va sarmoya qilish muhimligini tushuntiring. Unutmang, bolani pul bilan qo`rqitish umuman yaramaydi. Pul berib bolaga munosabatingizni ko`rsatmaysiz-ku. Aksincha, pul berib, o`zini kattalar kabi his qilishiga, pulini mustaqil ravishda tasarruf etishiga va mas'uliyatli bo`lishiga imkon berasiz.

«Men, bolam va pul» kitobidan

 

 

 

 

To Top ↑
To Top ↑