Farzandingiz til o`rganishi uchun siz qanday yordam bera olasiz? Quyida ushbu savolga javob beramiz.
Agar farzandingiz 3-7 yosh oralig`ida bo`lsa, unda ingliz tilidagi mul'tfil'mlar qo`yib berish, ingliz tilidagi joy, meva, ranglar nomi yozilgan o`yinlar o`ynatish tavsiya qilinadi. Online materiallardan foydalansangiz, birgalikda tomosha qiling. Masalan, videoda qizil rangni «red» deb aytsa, savol berish orqali bola xotirasiga mustahkamlanishiga ko`maklashing. Mashina qanday rangda ekani, bu rang ingliz tilida nima deyiladi singari savollar berib, birgalikda shug`ullansangiz, tezroq natija kuzatiladi. Maktab yoshidagi bolalar uchun geymifikatsiya — o`yin mexanikasi yaxshi variant. Mashg`ulot davomida ko`rgazmali qurollar, suratlar, qo`llanmalar, kartalardan foydalaning. Shug`ullanish davomida yaxshi natija qayd qilsa, rag`batlantiring.
Istagi bilan bog`lab motivatsiya bering
Bolajon 12 yosh bo`lsa, demak, siz unga til o`rganishi kerakligini jiddiyroq tushuntirishingiz mumkin, lekin murakkablashtirmang. Motivatsion usuldan foydalaning. Tilni yaxshi o`rgansa, kelajakda o`zi xohlaganidek mashina haydashini, sevimli futbol komandasi o`yinini stadionning o`zidan tomosha qilishini, sayohat qila olishi mumkinligini anglating. Bola psixologiyasidan kelib chiqib, yoqtirgan narsasi bilan hayotiy maqsadlarni bog`lab, til o`rgansa, o`sha narsaga erisha olishi mumkinligini bildiring. Bolani vazifaga ko`mib tashlab, majburlab o`rgatishdan foyda yo`q, asosiysi, qiziqtirib o`zida xohish uyg`onishiga sababchi bo`ling, ammo nazorat qilib turishni yoddan chiqarmang.
O`zigabo`lgan ishonchini so`ndirmang
Sen hech narsani bilmaysan, o`rgana olmaysan deb bolani sindirib qo`ymang. Bunda himoya reaktsiyasi ishga tushib, hafsalasi pir bo`ladi, o`qigisi kelmay qoladi. Biron xato qilsa, gap aynan nimada ekanini tushuntiring, kamchiliklari ustida ishlang va yana ko`proq shug`ullansa, bundan-da yaxshi natija qayd qilishini, unda bunga qobiliyat va salohiyat borligini bildiring.
Shoshqaloqlik qilmang
Til o`rganish murakkab va uzoq jarayon ekanini yoddan chiqarmang. O`yinqaroq, o`z olamida yashaydigan murg`ak bolakay uchun bu mehnat ekanini inobatga oling. Shug`ullanish davomida oz bo`lsa ham yaxshi ko`rsatkich qayd qilsa, uni e'tirof etib, shu yo`sinda davom etsa, hali o`z ona tilisi singari gaplasha olishini ta'kidlang.
Reja asosida yondashing
Til o`rganishni faqat o`qituvchi yoki repetitorga tashlab qo`ymang. Agar bola darsda o`zini noqulay his qilsa, o`qituvchidan bosim sezishini ta'kidlasa va eng asosiysi o`sish kuzatilmasa, repetitorini o`zgartiring. Agar mustaqil shug`ullanadigan bo`lsangiz, unda reja asosida ishlang, qachon ro`zg`or ishlaridan ortsangiz, esingizga tushib qolsa emas. Aynan bir kun va vaqtda, masalan, har seshanba va payshanba soat 6 da, yarim soat shug`ullaning va ora-orada vazifalarni bajargan yoki yo`qligini tekshirib turing. Materiallaringiz qiziq bo`lishiga ham e'tiborli bo`ling. Zerikarli mashqlar bilan band qilmasdan, inglizcha musiqa, video va kitoblardan foydalaning. Agar fil'm ko`rishni yaxshi ko`rsa, yoshiga mos fil'mni ingliz tilidagi subtitri bilan qo`yib bering. Ingliz tilidagi qo`shiqni karaoke qiling va eng asosiysi o`zingiz namuna bo`ling. Mashg`ulotdan boshqa vaqtda ham bilgan so`zlarini takrorlang, suhbat quring va uydagi buyumlar nomini ingliz tilida aytishini iltimos qiling.