x

Ayrim ota-onalar farzandi bog`cha yoshiga etgach, uni maktabgacha ta'lim tashkilotlariga olib boradi. Ammo tug`ilganidan beri oilasi davrasida bo`lgan bolakaylarning hammasi ham bog`chaga ko`nikib keta olmaydi. Ho`sh, farzandingizning bolalar bog`chasiga osonroq moslashishiga qanday ko`mak berishingiz mumkin? Maqolada psixolog va tarbiyachilarning bu boradagi asosiy maslahat va tavsiyalari keltirilgan.

 

Bolalar bog`chasiga moslashuv jarayonida ularga qanday yordam berish mumkin?

Farzandingizni bolalar bog`chasiga berar ekansiz, bu u uchun haqiqatda muhim va zarur ekanligiga avvalo o`zingiz ishoning. Bolalar ota-onasining kayfiyatini yaxshigina o`qiy oladi. Agar siz bolalar bog`chasining zaruratiga o`zingiz ishonmasangiz va asabiylashsangiz, farzandingiz ham asabiylasha boshlaydi. Sizning u bilan bog`cha haqidagi suhbatlaringiz ham bu holda ishonchli chiqmaydi.

 

O`z tarbiyachilaringizga ishoning

Farzandingiz uning tarbiyachisi bilan qanday munosabatda bo`layotganingizni va uni qanday odam sifatida qabul qilayotganingizni kuzatib turishini unutmang.

 

Bog`chada hammasi yaxshi bo`lishiga ishoning

To`g`ri, ba'zan turli hodisalar, tengdoshlari bilan chiqisholmay qolishi, o`zidan katta guruhdagi bolalar xafa qilishi va hokazo holatlar ham yuz berib turadi. Biroq shuni yodda tutingki, bolalar bog`chasidagi tarbiyachilar ham siz-u biz kabi tirik insonlar, onalardir. Ular bolani och qoldirish, yig`latish, sovuqda qoldirish yoki bir-biri bilan janjallashishini sira istamaydi.

 

Moslashuv jarayonini iloji boricha sekin yo`lga qo`ying

Bog`chaga borishni qisqa vaqtli guruhlarga qatnashdan boshlash ideal echim hisoblanadi. Dastlab farzandingizni bog`chada bir necha soatga qoldiring. Bola bog`chaga ishtiyoq bilan borayotganligini payqaganingizdan so`ng, uni kunduzgi uyquga qoldiring.

 

Ertalab bolani bog`chaga olib borganda, sezdirmasdan g`oyib bo`lishga harakat qilmang

Ketish oldidan albatta uni quchoqlab, xayrlashing. Uni qachon olib ketish uchun kelishingizni aniq ayting (sayrdan so`ng, tushlik yoki uyqudan turgandan keyin). Agar bola xafa bo`lsa, uni bog`chada hamma kutib qolganligini, usiz o`rtoqlari va tarbiyachisi zerikayotganligini tushuntiring.

 

"Pora berish"ning hech bir shaklidan foydalanmang

O`zini yaxshi tutganligi evaziga mul'tfil'm tomosha qilishga ruxsat berish, bog`chaga borsa sovg`a yoki shokolad olib berish kabi usullar vaqt o`tishi bilan sizga qarshi ishlay boshlaydi. Bola tez vaqt ichida sizni boshqarishni o`rganib oladi va istagan narsasini o`zini yaxshi tutish yoki injiqlik qilish orqali qo`lga kirita boshlaydi. To`g`ri, bolani tez-tez rag`batlantirib turish kerak, ammo buni doimiy tarbiya uslubiga aylantirib olish yaramaydi.

 

Bolangizning bog`chaga borayotganligidan faxrlanishingizni bildiring

Birgalikda buvi, buvasi yoki do`stlaringizga qo`ng`iroq qilib, quvonchli hodisa haqida so`zlab bering. “O`g`lim (yoki qizim) bog`chaga boryapti, she'rlar yod olyapti. Bog`chaga tashlagani borganimda ham hech qanday xarxasha va yig`i-sig`ilarsiz qolyapti”, kabi gaplarni uning o`zi eshitadigan qilib ayting. Shunda u sizning faxrlanishingizni ko`rib, bog`cha yomon joy emasligini tushuna boshlaydi.

 

Ushbu maslahatlardan keyin ham farzandingizning bolalar bog`chasiga moslashib ketishi juda qiyin kechsa, uning tarbiyachisi yoki bolalar psixologi bilan bu borada maslahatlashing.

To Top ↑
To Top ↑