x

Taniqli rus tele va radio boshlovchisi, psixolog Mixail Labkovskiy bolani tarbiyalash bo`yicha eng muhim bo`lgan 12 maslahatni taqdim etgan. Quyida ushbu maslahatlar bilan bo`lishamiz.

1. Baxtsiz odamlar boshqalarni baxtli qilishga yoki ularni baxtli bo`lishida yordam berishga qodir emaslar. Farzandlaringizga baxtni o`rgatishdan oldin, bu nima ekanligini o`zingiz anglashingiz muhimdir.

2. Ko`pincha bir oilada butunlay boshqacha xarakterli farzandlar ulg`ayishadi: biri doim qiynalib yursa, ikkinchisi dunyodagi hamma narsaga osonlik bilan erishadi. Ota-onalarning o`zlari o`g`illari va qizlari qanday qilib o`zlarining aniq nusxalariga aylanganini sezmaydilar ham. Ota-onalar mana shu kabi holatga e'tiborliroq bo`lishsa, bu farzandlarining kelajakda yaxshi natija ko`rsatishlariga yordam beradi.

3. To`laqonli tarbiya uchun bolalarning oziq-ovqatiga, kiyim-kechak va davolanishiga bo`lgan jismoniy ehtiyojlarini qondirishning o`zi etarli emas. Ammo ko`plab ota-onalar farzandlarining rivojlanishi uchun shunday g`amxo`rlik qilishning o`zi etarli deb hisoblashadi. Bu xato va ota-ona faqatgina moddiy ta'minlash bilan cheklanmasligi lozim.

4. Bolaligida bola bilan qanday muloqot qilsangiz, ular sizning keksaligingizda sizga shunday munosabatda bo`ladilar. Buni har lahza yodda tutish kerak.

5. Agar boshlang`ich maktabda bolangiz sizning yordamingizsiz darslarni yaxshi tushunmasa, siz uzoq vaqt davomida darslari bilan shug`ullanishingizga to`g`ri kelsa, muammo bolada emas, balki maktabdadir. Bunday holatda maktabni o`zgartirish kerak bo`lishi mumkin. Ko`pchilik ota-onalar bunda aybni boladan yoki o`zlaridan izlaydilar. Bu to`g`ri, ammo holat davomiy bo`lsa, maktab masalasini ham o`ylab ko`rish kerak bo`ladi.

6. Bolalarni jazolash mumkin va ba'zan bu zarur ham bo`ladi. Lekin siz bolani va uning harakatini aniq ajratishingiz, qaysi ishi jazoga loyiq, qaysi birini kechirish mumkinligini bilishingiz kerak.

7. Olti yoshdan boshlab bolaga cho`ntak pullari berish kerak. Katta pullar emas albatta, lekin sarflariga muntazam aralashish ham noto`g`ridir.

8. Bolalar uchun o`z hayotini o`tkazish, nima qilish va nima qilmaslik kerakligini hal qilish, ular uchun muammolarini hal qilish, ambitsiyalaringiz, umidlaringiz, ko`rsatmalaringiz bilan ularga bosim o`tkazish kerak emas. Axir siz keksayganizda, ular qanday yashashadi? Butun umr ularning xatosini to`g`rilab, qaysi yo`ldan yurishi lozimligini o`rgata olmasligingiz haqiqat-ku!

9. Men doimiy nazoratga qarshiman. Bola oilaning uni sevishi, hurmat qilishi va unga ishonishiga ishonch hosil qilishi kerak. Demak, mehr-muhabbat ham, nazorat ham o`z o`rnida va me'yorida bo`lishi lozim.

10. O`smir xonasidagi tartibsizlik uning ichki holatiga mos keladi. Uning ruhiy olamida tashqi tartibsizlik mana shunday ifodalanadi. Demak, bolangizning xonasi tartibsiz bo`lsa, uning ruhiyatida nimadir muammosi, sizga aytolmayotgan qandaydir dardi bo`lishi mumkin. Bunday holatda bola bilan yaqindan suhbatlashish, uning ichki olami bilan qiziqish kerak. Ammo bu ham birdaniga qilinadigan ish emas. Dabdurustdan uning hayollari haqida so`rasangiz, bolaning javob berish ehtimoli juda kam bo`ladi. Buning uchun bolaning kichikligidan boshlab unga sirdosh tutinish lozim.

11. Tarbiya berishda o`rnak bo`lish kerak, faqat qanday yashashni tushuntirishning o`zi kamlik qiladi.

12. Bolalar bilan muammolar haqida emas, balki ularni qanday echish, rejalarni amalga oshirish haqida gaplashish kerak.

Ushbu maslahatlar bir necha yillik tajriba va kuzatishlarga ega mutaxassisning fikrlariga asoslangan. Agar siz bularning ayrimlari yoki hammasiga amal qilsangiz-u, bolaningizning tarbiyasida baribir muammo kuzatilaversa, sabr qiling. Chunki tarbiya bir necha kun yoki oyda bajariladigan ish emas. U yillar va mashaqqatlar talab etadi. Shuni unutmaslik lozim.

To Top ↑
To Top ↑