x

Mutaxassis cho`milish havzalaridagi ifloslangan suv xavfi haqida ogohlantirdi

Cho`milish havzalaridagi ifloslangan suv xavfli kasalliklarni keltirib chiqaradi. Bu haqda Respublika epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Botir Tojiyev ma'lum qildi.

Qayd etilishicha, cho`milish havzalaridagi ifloslangan suv o`tkir virusli ichak infektsiyalari, gepatit (A,Ye), ichburug`, ichterlama, lyamblioz kabi xavfli kasalliklarni keltirib chiqaradi.

Odatda virus zarralari suvga bemorning najasi, qusiq moddalari va yuvilmagan qo`llari orqali tushib, ifloslangan havzada taxminan 2 oy va undan ko`proq saqlanadi.

Biroq kasallik qo`zg`atuvchilari ko`proq issiq haroratga moslashuvchan bo`lgani bois, yoz faslida ularning kontsentratsiyasi va yashash davomiyligi uzayadi. Ya'ni bunday parazit va mikroblar harorat yuqorilagan davrda 180 kundan ortiq jon saqlashi mumkin.

Cho`milish chog`ida suv yutish infektsiyaning og`iz orqali organizmga tushib, ko`payib, gastroenterit, ya'ni oshozon va ingichka ichak shilliq qavatida yallig`lanishni yuzaga keltiradi.

“Kasallik belgilari taxminan 12-48 soat oralig`ida namoyon bo`lib, holsizlik, ko`ngil aynishi, qusish, tana harorati ko`tarilishi, ich ketishi, qorin dam bo`lishi kabi alomatlar kuzatiladi”, deya tushuntirdi mutaxassis.

Ochiq suv havzalarida cho`milish turli teri kasalliklari, burun, og`iz va quloq shilliq kavatlari yallig`lanishiga ham olib kelishi ehtimoli mavjud.

Shu bois, avvalo, taqiqlangan, ifloslangan, tekshirilmagan va notanish suv havzalariga tushmaslik, ruxsat etilgan joylarda cho`milganda ham, iloji boricha suv yutmaslik va burundan suv kirmasligiga diqqat qilish lozim.

Sun'iy suzish havzalari ham hamisha bu xavfdan xoli bo`lavermaydi. Shu sababli ularning tozaligiga, suvi o`z vaqtida almashtirilganiga ahamiyat qaratish lozim.

Agar bunday hovuzlar kafellari sirpanchiq bo`lsa, bu suv eskirganidan dalolat beradi.

"Ochiq havzalarda cho`milish uchun atmosfera harorati +20-25, suv iliqligi esa +17-19 darajadan kam bo`lmagan sharoit ham muhit mos", deya qo`shimcha qildi shifokor.

Quyosh nuri faol bo`lgan pallada (12:00 dan 16:00 gacha) oftob tig`idan saqlanish kerak. Negaki, ul'trabinafsha nurlarining davomiy ta'siri dastavval kataraktaga, bora-bora ko`z nurlari butunlay yo`qolishiga sabab bo`ladi. O`z navbatida, ayni shu omil tufayli allergik reaktsiyalar, teri saratoni yuzaga kelishi xavfi ham mavjud.

Bundan tashqari, basseyn suvi sovuq bo`lmasligi ham muhim. Chunki bunday harorat tomir tortishishiga olib kelishi mumkin.

Ochiq havzalarda cho`milish vaqtida va undan keyin kasallik belgilari yuzaga kelsa, darhol shifokorga murojaat qilish tavsiya etiladi.

 

 

To Top ↑
To Top ↑