x

Hitoylik bir odam har kuni bo`ynidagi qalin kaltakning ikki uchiga osilgan ko`zalarda uyiga suv tashir ekan. Ko`zalarning bittasi darz ketgan va teshilib qolgandi. Ikkinchisi esa busbutun edi. Odam suvni uyiga olib kelgunicha ko`zalarning bittasida yarim suv qolar, ikkinchisida esa to`la kelardi. Bu holat ikki yil davom etibdi. Ikki ko`za suv bilan yo`lga tushgan odam bir yarim ko`za suv bilan qaytarkan. Albatta, butun ko`za o`zining "aybsizligi"dan g`ururlanar, bechora teshik ko`za esa bundan juda uyalarkan. U o`zining suvni to`la olib borolmagani uchun aybdor his qilarkan. Ikki yil davomida ichi ezilib ketgan teshik ko`za nihoyat bir kuni soy bo`yida xo`jayiniga shunday deydi: Men endi chidolmayman, meni tashlab yubor, sening ishingni doim yarim bajaraman, xolos." Shunda odam ko`zaga qarab jilmayib:

"Yo`lning chetidagi gullarga hech ko`zing tushmadimi? Sen yuradigan tomoningda gullar ochilib yotibdi. O`rtog`ing yuradigan tarafda esa umuman gul yo`q. Men seni teshik ekaningni avvaldan bilardim. Shu sababdan sen tomoningga gul urug`larini sochdim. O`shandan beri sen shu gullarni sug`orib kelasan. Men esa ikki yildan beri ana shu go`zal gullar bilan uyimni bezayman. Stolim ustiga qo`yaman. Agar sen butun bo`lganingda edi, sen xafa bo`lgan o`sha teshiging bo`lmaganda edi, men uyimga bunday chiroyli gullarni olib kirolmasdim," - debdi.

Aslida hammamiz ham teshik ko`za kabimiz. Har birimizning o`zimizga xos nuqsonlarimiz bor. Unutmaylikki, ana shu nuqsonlarimiz hayotimizni yana-da qiziqarlirok, rang-barang qiladi, bizni yuksaklarga olib chiqadi.

Atrofimizdagi kishilarni boricha qabul qilaylik. Ularning faqat nuqsonlarini emas, ulardagi go`zalliklarni qidiraylik.

 ‶Bola nimani nega qiladi?‶kitobidan

 

 

 

 

To Top ↑
To Top ↑