Fotima bint Asad roziyallohu anho turmush o`rtog`i Abu Tolibning aksi, ilk iymon keltirganlardan. Uning qo`lida Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bilan birgalikda Ali va Jafar roziyallohu anhudek ikki yigit sahoba ham voyaga etgan. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Abdulmutallibning vafotidan keyin amakisi Abu Tolibning oilasiga ko`chib o`tganlar. Yangasi bo`lgan Fotima bint Asad roziyallohu anho ona shafqati va mehri bilan munosabatda bo`lgan. Muhammad sollallohu alayhi va sallam bu haqda shunday deydilar: «U mening onamdan keyingi onam. O`z bolalari och bo`lsa-da meni to`ydirardi. O`z farzandlari libossiz bo`lsa ham menga kiydirardi. Undan menga ko`p yaxshilik etgan. Men ham hozir o`z burchimni ado etyapman».
Janobimiz sollallohu alayhi va sallam 20 yilga yaqin vaqtni Fotima bint Asad roziyallohu anhoning yonida o`tkazdilar. Huddi shunday Ali roziyallohu anhu ham 20 yil Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning yonida bo`ldi. Abu Tolib va Fotima bint Asad roziyallohu anholarning yaxshiliklarini unutmagan Muhammad sollallohu alayhi va sallam qiyin kunlarda Ali roziyallohu anhuni yonlariga olganlar. Quraysh qabilasi qattiq ocharchilikka duch kelgandi, Abu Tolibning bolalari ko`p edi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam amakilari Abbos roziyallohu anhuning huzuriga borib, «Amakim Abu Tolibning bolalari deb taklif ko`p, hozirgi qiyinchilik hammamizga ma'lun, uning og`irini engil qilaylik», beradilar. Abu Tolib ularning taklifidan mamnun bulib, «Oqilni menga qoldiring, boshqalaridan qaysini istasangiz, birga olib keting», deydi. Muhammad sollallohu alayhi va sallam bilan Ali roziyallohu anhu, Abbos roziyallohu anhu bilan Ja'far roziyallohu anhu birga qolishadi. Nima eksang, shuni o`rasan deydilar. Fotima bint Asad roziyallohu anhu yoniga etim bo`lib kelgan Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga shunday g`amxo`rlik qildilarki, yillar o`tib, o`g`li uning yonida ulg`aydi va Islom tarixida buyuk unvonga ega bo`ldi. Farzandini Muhammad sollallohu alayhi va sallamga berganida hali nubuvvat kelmagandi. Ya'ni Rasululloh sollallohu alayhi va sallam payg`ambar bo`lmaslaridan oldin «Al-amin» ekanliklarini bilgani uchun farzandini omonat qilgan. Bundan biror manfaat kutmagandi ham. Ulg`aygach, yaxshi yashab, menga nafi tegadi degan xayolda ham emasdi. Faqat amin bo`lganlari uchun omonat qilgandi. Mana bizga tushadigan vazifa: Farzandimizni omonat qiladigan muallimimiz «Amin»lardan biri bo`lishi lozim.
Fotima bint Asad roziyallohu anhoning xayotidan oladiganimiz 2 dars bor:
1. Senga omonat qilingan bolani uz farzandingdan ayirmaki, qo`lingda voyaga etgan bola ummatning umidi bo`lsin.
2. Farzandingni olimlar va solih bandalar bilan birga qilki, ulardan olgan fayz bilan hayotini Islomga uyg`un holda yashasin. Ota-onasini yo`qotgan bir bola kun kelib, bizga ham omonat bo`lishi mumkin. Mana shu holatda Fotima bint Asad roziyallohu anho biz uchun go`zal ibrat bo`ladi.
ʺOlim etishtirgan onalarʺ kitobidan