2 yoshgacha bo`lgan bolada ona tilini o`rganish jarayoni kechadi. Pedagogik jihatdan ikkinchi tilni o`rganish aynan shu jarayondan keyin boshlanishi kerak. Farzandlariga ikkinchi tilni o`rgatmoqchi bo`lgan ota-onalarga kuyidagilar tavsiya qilinadi:
1. Ota-ona 2 xil tilda gaplashuvchilar bo`lsa(ota boshqa tilda, ona boshqa tilda) bu katta yutukdir. Bolaning ona tili sifatida avval qaysi tilni o`rganishi kerakligi oila ichida hal qilinadi. Bola dastlabki 6 oy ona tilini eshitishi lozim. Shu tariqa passiv xotirada ona tiliga oid fonetik poydevor hosil qilinadi. Keyin esa ikkinchi tilda muloqot qila boshlanadi. Bunda ota-ona gaplashadigan ikkinchi tilda muloqot qilinadi. Dastlab gapirilgan tilda umuman gaplashilmaydi. Bu holatda ota-onaning har ikkisi ham o`z tilida muloqot qilgan bo`ladi. Ma'lum vaqt o`tgach esa bola ota yoki onasi bilan yuzma-yuz bo`lganda uning tilida gaplasha boshlaydi. Shu tariqa bola o`zi sezmagan holda ikki tilni birdaniga o`rganib olgan bo`ladi.
2. Ikki til o`rganuvchi bolaning ona tili onasi so`zlashadigan til bo`lishi bu jarayonni tezlashtiradi.
3. Bola 4 yoshdan so`ng boshqa tilda so`zlashuvchi biron enaganing tarbiyasida bo`lishi til o`rganishni osonlashtiradi. Tilga ahamiyat bergan oilalar o`zlaridan boshqa tilda gapiruvchi enagalar yollashga diqqat qilishlari kerak. Yana shuni unutmaslik kerakki, hech bir enaga bolaga ona kabi dalda bo`lolmaydi.
4. Ikkinchi til o`rganish jarayonida yana bir muhim jihat bolada fonetik murakkablik yuzaga kelmasligi kerak. Fonetik murakkablik bu bola til o`rgangan shaxsning 2 tilda gapirishi. Misol uchun, ona ham rus tili ham o`zbek tilida gapirsa, ana shu muammo yuzaga kelishi mumkin. Bola tilni farqli shaxslardan o`rganishi maqsadga muvofiqdir.
ʺBola nimani nega qiladi?ʺ kitobidan