Bolajonlar shuni yaxshi bilib olishlari kerakki, sabrli va vazmin bo`lish turli xatolardan saqlaydi. Zero, gunoh va xatolar ko`p hollarda shoshilish oqibatida sodir etiladi. Sabrli odam har bir so`zini obdon o`ylab, keyin gapiradi. Bu bilan u odamlar ko`ngliga og`ir botadigan gap-so`zlardan tiyiladi va boshqa zararlardan omon qoladi.
Vazmin bo`lishni unutgan odam o`z omadini qo`ldan boy beradi. Chunki omad aynan shoshilmaslik va aql-idrokni to`g`ri ishlatish natijasida bir qarorga kelishdadir. Shoshilish oqibatida chiqarilgan har qanday hukm ko`p hollarda noto`g`ri bo`ladi. Shoshib amalga oshirilgan ish afsus-nadomatga olib boradi. Dono xalqimiz bejizga “avval o`yla, keyin so`yla” demagan. Bunda ham har bir gapni shoshilmasdan va o`ylab gapirishga chaqirilmoqda.
Har qanaqa holatda ham sabrli va vazmin bo`lish va jiddiy munosabat bildirish faqat yutuq va g`alaba keltiradi. Ayniqsa, shoshqaloq bolalar darslarini chala bajarib, ko`p xatolarga yo`l qo`yadilar. Uy vazifasini sabr-toqat ila bajargan bolaning ishidan uning o`qituvchilari ham xursand bo`lishadi.
Sabr barcha mehnat va og`irlikni engish va chidamli bo`lishdan iborat. Nochor ahvolda bo`lsa ham o`zini badavlat kishidek tutish, duch kelgan odamga hol-ahvolidan shikoyat qilavermaslik, qiyin holatlarda ham o`zini ochiq yuzli qilib ko`rsatish aynan sabrdir. Qahr-g`azabi kelganda o`zini bosa oladigan va o`z nafsini to`g`ri yo`lga boshlaydigan kishi eng kuchlidir.
Manba: Mezana ilm markazi