Kichik yoshdagi bolalarga qanday mevalar berish tavsiya etiladi? Mevalar tarkibida vitaminlar, minerallar va boshqa oziq moddalar mavjud bo`lib, bu bolalar ratsionining ajralmas qismi bo`lishiga asosiy sabab hisoblanadi.
Farzandingizga meva berishni qachon boshlashingiz lozim?
Birinchi marta chaqaloq olti oylikdan boshlab mevalarni ta'tib ko`rishi mumkin. Faqat farzandingizning holatini nazorat qilgan holda yarim choy qoshiq meva pyuresi bilan boshlashingiz kerak. Agar bola reaktsiyasi barqaror bo`lsa, unda pyure miqdorini asta-sekin oshirish mumkin.
Bir komponentli meva pyurelari bolalar uchun mos keladi yoki xohishingizga ko`ra o`zingiz yangi mevalardan pyure tayyorlashingiz mumkin. Birinchi marta iste'mol qilishga yashil olma yoki sariq nokni tanlaganingiz ma'qul. Tsitrus va qizil mevalardan qochish kerak.
Bola etti oylik bo`lganidan so`ng danakli mevalarga murojaat qilishingiz mumkin. Masalan, o`rik, shaftoli, olxo`ri. Lekin ularni ham maydalab berish tavsiya etiladi. Bundan tashqari bolakay bananni ham yoqtirishi mumkin, shunday ekan uni ham sinab ko`rish yaxshi foyda beradi.
To`qqiz oylikdan boshlab bolalar gilos va qulupnayni bajonidil iste'mol qiladi. Bu davrda farzandingizga ananas yoki kivi kabi ekzotik mevalarni berishingiz mumkin.
Tsitrus mevalari esa faqat 11-12 oylikdan boshlab berilishi tavsiya etiladi.
Kichkintoy uchun qaysi mevalar eng foydali? Quyidagi mevalar bola uchun foydaliroq bo`ladi:
Olma. Bu meva B va C vitaminlariga boy bo`lib, tarkibida mineral va oziq moddalar mavjud. Olma organizmdan toksik moddalarni chiqarib tashlashga yordam beradi, oshqozon faoliyatini va ishtahani yaxshilaydi. Olma po`stlog`ida ko`plab foydali moddalar mavjud, shuning uchun bolaning tishlari chiqishi bilanoq, mevani po`stlog`i bilan birga berish tavsiya etiladi.
Limon. Nordon ta'mi tufayli limonni bolaning ratsioniga kiritish qiyin, ammo unda juda ko`p miqdorda C vitamini mavjud bo`lib, shamollashga qarshi yaxshi vosita hisoblanadi. Limon tufayli bola mavsumiy shamollash va epidemiyalarga qarshi yaxshi kurashadi.
Banan. Ular bir yoshgacha bo`lgan bolalarning ratsioniga qat'iy kiritilgan. Banan temir, magniy va kaliyga boy. Asab tizimining ishini samarali qo`llab-quvvatlaydi hamda endorfin ishlab chiqarishga hissa qo`shadi. Agar bola ortiqcha vaznga moyil bo`lsa, banan miqdori cheklanishi kerak.
Apelsin. Immunitet tizimini mustahkamlashga yordam beradi, vitamin etishmasligida ozuqa moddalarini to`ldiradi va infektsiyalarga qarshi samarali kurashadi. Apelsin iste'moli paytida bolaning holatini kuzatish juda muhim hisoblanadi, chunki bolalarda tsitrus mevalariga allergiya ko`p kuzatiladi.
Nok. Nokda ko`p miqdorda B vitamini, askorbin kislotasi, kalsiy, natriy va temir mavjud. Shuningdek, u oshqozon yaxshi ishlashiga xizmat qiluvchi moddalarni o`z ichiga oladi. Nokni pishirib, kompot yoki shirinliklarga qo`shish orqali bolaga berish mumkin.
Ananas. Ananas tarkibida juda ko`p askorbin kislotasi mavjud. Agar bola ortiqcha vazndan aziyat cheksa, unda shirinliklar o`rnini ananas bilan almashtirish mumkin. Chunki u yog`larni faol ravishda parchalaydi va ovqat hazm qilishini yaxshilaydi. Lekin konservalangan ananasdan voz kechganingiz ma'qul, sababi uning takibida shakar ko`p, biroq vitaminlar kam.
Mandarin. Minerallar va aminokislotalarga boy meva hisoblanadi. Ular yurak-qon tomir va asab tizimi faoliyatini yaxshilaydi, bolakayni energiya bilan ta'minlaydi, uni diqqatli va e'tiborli bo`lishiga yordam beradi.
O`rik. Bu meva pektin va fosforning eng katta manbai. O`rik hujayralar yangilanishini tezlashtirishga yordam beradi, oshqozon osti bezini barqarorlashtiradi va immunitetni oshiradi. Bundan tashqari o`rik tarkibidagi ozuqaviy moddalar bolaning ovqat hazm qilish tizimini yaxshilaydi. Ammo haddan ziyod ko`p o`rik iste'mol qilish diareyaga sabab bo`lishi mumkin. Shuning uchun me'yor darajasi bilish muhim.