Ro`ziqul OChILOV,
O`zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar unitersiteti 4 bosqich talabasi
Annotatsiya: Mazkur maqolada media madaniyat hamda axborot savodxonligida yuz berayotgan yangi muammolar tadqiq etilgan. Hususan, internet jurnalistikasining ustunliklari, axborotlar orqali insonlarga ta'sir o`tkazilayotgani tadqiq etilgan.
Tayanch so`zlar: media madaniyat, axborot savodxonligi, yolg`on axborot, internet jurnalistikasi, ta'sir o`tkazish, chalg`itish.
Bugungi kunda mamlakatimizda ommaviy axborot vositalarining roli har bir sohada oshib bormoqda. Ommaviy axborot vositalari davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta'minlash, ular ustidan jamoatchilik nazoratini o`rnatishda muhim vosita hisoblanadi. Hokimiyat va xalq o`rtasida mustahkam ko`prik vazifasini bajaradi. Jamiyatning axborotga bo`lgan bugungi talabi har qachongidan ham yuqori. Bu holat ommaviy axborot vositalari xodimlari zimmasiga ulkan mas'uliyat yuklaydi. Ayniqsa, jamiyatning turli bo`g`inlaridagi muammoli masalalarning ko`ndalang bo`layotgani OAVga nisbatan ishonch tuyg`usini oshishi bilan birga unga suyanch sifatida qarashga ham sabab bo`lmoqda.
Bu boradagi so`nggi o`zgarishlar, tizimda amalga oshirilayotgan keng islohotlar misolida ham ko`rishimiz mumkin. Davlatimiz rahbarining soha xodimlariga yo`llagan bayram tabrigida ham ushbu masalaga alohida e'tibor qaratdi. “Davlat idoralarining jamoatchilik bilan aloqalarini mustahkamlashga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Jumladan, hokimiyat va boshqaruv organlari tomonidan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning borishi, milliy dastur va strategiyalarning bajarilishi yuzasidan doimiy ravishda matbuot anjumani va brifinglar, ochiq muloqotlar tashkil etilmoqda.
Agar 2019 yilda davlat va nodavlat tashkilotlardagi axborot xizmatlarining manbalari — rasmiy veb-saytlar, ijtimoiy tarmoqlardagi kanallar 559 tani tashkil etgan bo`lsa, 2021 yilda bu raqam 2410 taga etdi. Ommaviy axborot vositalaridagi tanqidiy chiqishlarga vazirlik va idoralar, hokimliklarning axborot xizmatlari orqali tezkor munosabatlar bildirish amaliyoti shakllanmoqda. Buning tasdig`ini davlat idoralari tomonidan tanqidiy materiallarga javob qaytarish ko`rsatkichi 2018 yilda 12 foizni tashkil etgan bo`lsa, 2020 yil yakuniga ko`ra qariyb 90 foizga etgani misolida ham ko`rish mumkin”.
Aytish mumkinki, endilikda o`quvchi hamda jamoatchilik ommaviy axborot vositalaridan faqatgina axborot etkazib berishdan ko`ra ko`proq narsaga ilhaq bo`lmoqda, o`rni kelsa talab qilmoqda. Va aksariyat hollarda OAVining yordami voqea-hodisaning tahlil qilinishiga qodir kuch sifatida tasavvur etiladi. Tabiiyki, bu jarayonlar OAV uchun ham axborot etkazib berishdan kengroq, izchilroq faoliyat olib borishni taqozo qiladi. Internet tarmog`i foydalanuvchilarining oshib borishi bir tomondan ijobiy bo`lsa, ikkinchi tomondan foydalanuvchilarda media madaniyatning to`liq yoki etarli darajada shakllanmagani ba'zi holatlarda salbiy ko`rinishlarda namoyon bo`lmoqda.
Hech birimizga sir emaski, bugungi kunimiz haqli ravishda “axborot asri” deya nom olib ulgurdi. Buning bir qancha omili bo`lib, eng asosiylaridan biri sifatida ilgarigi avtoruchka, yozuv mashinkasi, qog`ozlar, oddiy telefon kabi texnikalar o`rnini mobil' telefon, kompyuter, noutbuk, raqamli diktafonlar hamda turli gadjetlarning yaratilishi va ulardagi ustunlik sabab deyishimiz mumkin. Bu o`z o`rnida jurnalistlar mehnati ancha engillashdi. Shu bilan birga axborotni uzatish texnologiyasi butunlay o`zgarib ketdi. Zamonaviy texnologiyalar jurnalistikani “tosh asri”dan olib chiqdi va bu sohani butunlay o`zgartirib yubordi. Biroq, OAVning xolis, to`g`ri axborot tarqatish borasidagi mas'uliyati o`sha-o`shaligicha qolishi kerak edi. Ming afsuski, ba'zi hollarda bunga amal qilinmayapti.
Insoniyat bosib o`tgan hayot yo`li shuni ko`rsatmokdaki, har qanday taraqqiyot mahsulidan ikki xil maksadda – ezgulik va yovuzlik yo`lida foydalanish mumkin. Zamonaviy dunyoda axborot shu kadar ko`pki, tarqatilayotgan ma'lumotning qay biri to`g`ri qay biri noto`g`riligini aniqlaguncha inson ongi birinchi tarqalgan xabarga moslashib ulguradi. O`tgan asrda radio va televidiniya paydo bo`lganidan keyin dunyoda axborotni etkazish uslublari anchayin o`zgargani tarixdan ma'lum. Internet paydo bo`lishi bilan esa jarayonni butunlay o`zgartirishi barobarida, jarayonni ham misli ko`rilmagan darajada jadallashtirib yubordi. Axborot ozchilikning, ma'lum bir qatlamninggina emas, barchaning mulkiga aylandi. Yer yuzining qaysi chekkasida qandaydir voqea yuz bermasin, dunyoning boshqa chekkasida turgan kishi, bu haqda zudlik bilan xabar topadi. Bugungi kunda zamonaviy axborot maydonidagi harakatlar shu qadar tig`iz, shu qadar tezkorki, endi ilgarigidek, bu voqea bizdan juda olisda yuz beribdi, uning bizga aloqasi yo`q, deya beparvo qarash xato bo`ladi. Hayotimizning biror sohasini axborotsiz tasavvur qilib bo`lmaydi.
Bugun axborot eng muhim vosita va katta kuch sanaladi. Axborot esa ommaviy axborot vositalari tomonidan tarqatiladi. Ayrim hollarda matbuot odamlarga salbiy ta'sir ko`rsatishidan ham ko`z yumib bo`lmaydi. Buni biz dunyoda yuz berayotgan hodisalarning noto`g`ri talqin kilingan holda yoritilayotganidan ko`rib, bilib turibmiz. Erkinlikka intilish har bir jurnalist oldida turgan vazifa, ammo chegarani bilishi shart. Mediajamiyat oldida o`z zimmasiga muayyan majburiyatlar olishi kerak, Bu majburiyatlar axborot tarqatishda halollik va adolatni talab qiladi.
Jamoatchilik fikrini chalg`itish aynan ommaviy axborot vositalari orqali amalga oshirilayotgani ham bor gap. Odamlar ongini, dunyoqarashini yot g`oyalar ta'siriga bo`ysundirishga intilish holatlari aynan matbuot orqali amalga oshirilayottani tashvishlidir. Ba'zilar axborotdan o`z maqsadlariga erishishda foydalanmoqda.
Bunday muammolar qarshisida jamoatchilikda media madaniyatni o`stirish, duch kelgan axborotga ishonib ketaverishni emas, balki uni tahlil qilib, filtrdan o`tkazishi lozimni anglatadi. Bu birinchi galda internet jurnalistikasi bilan shug`ullanuvchi soha xodimlari elkasiga ham bir muncha mas'uliyat yuklaydi. Birinchi bo`lishga intilish sabab ba'zida ishonchli ko`ringan axborotni tekshirmay uzatish auditoriyani nosog`lom axborot bilan to`yintirishga sabab bo`lib qoladi.