"Yer kasal bo`lsa, sen ham kasal bo`lasan!"
Janubiy Koreya xalqi madaniyati o`ziga xos, ko`p jihatlari bizning el tutumlariga ham o`xshashdir. Koreyslarning nafaqat odobu axloqi, odamiyligi, muloyimligi, balki tabiatga bo`lgan munosabati va farzandlariga berayotgani ekologik ta'lim-tarbiyasi e'tirofga loyiqdir.
Koreya Respublikasida ekologik ta'lim bosqichi oddiy bolalar bog`chasining 4-5 yillik guruhidagi bolalar uchun ta'lim dasturining bir qismi sifatida joy olgan. 3-5 yoshli bolaga tabiiy resurslar cheksiz emasligini, keyingi bir necha o`n yilliklarda chuchuk suv zaxiralari qurib ketishi mumkinligini qanday tushuntirish mumkin? Eng muhimi, murg`ak go`daklarga bu shunchaki kitoblar va fil'mlardagi «hikoyalar» emas, balki u yashashi mumkin bo`lgan va yordam bera oladigan dunyo ekanligini qanday etkazish kerak? Janubiy Koreyada aynan shu savollarga javob topish uchun maxsus ekologik ta'lim-tarbiya tizimi ishlab chiqilgan.
– «Yer kasal bo`lsa – men ham kasal bo`laman». Bu mening besh yoshli o`g`lim yaqinda bolalar bog`chasidan olib kelgan kitobning nomi. Bu oddiy nom, aslida, uzoq va juda murakkab so`zlar orqali tushuntirish mumkin bo`lgan hamma narsani o`z ichiga oladi. Kitob butunlay rasmlardan iborat bo`lib, bola undan hamma savollariga oson javob topa oladi, – deydi uzoq yillardan beri Koreya Respublikasida istiqomat qiluvchi hamyurtimiz Ra'no Ashurova. – Ekologik ta'lim kursi 4-5 yoshli bolalar guruhlari uchun ishlab chiqilgan dasturning bir qismidir. Mening bolalarim boradigan oddiy bolalar bog`chasidan, «elitniy» bog`chalargacha – hammasida bir xil qo`llaniladi mazkur dastur. Kitobga ish daftarchasi ilova qilingan bo`lib, bolalar unda rasmlar bo`yashadi, stikerlar yopishtiradilar va savollarga javob beradilar. Barcha mashg`ulotlar dars mazmunini yaxshiroq eslab qolish va tushunishga qaratilgan.
Bu mamlakatda o`rmon bo`ylab mashina haydashda signalni faqat oxirgi chora sifatida ishlatishadi. Tabiiy joylarda musiqani baland qo`yish umuman taqiqlangan, chunki shovqin hayvonlar va qushlarni qo`rqitadi. Va umuman olganda, shovqin ham ifloslanishni keltirib chiqarishi va yaqin atrofdagilar (ham odamlar, ham hayvonlar) uchun hurmatsizlik ekanini yaxshi tushunishadi koreyslar.
Chiqindilarni tashlashdan oldin, keyinchalik chiqindilarni yo`q qilishni osonlashtirish uchun ularni saralaymiz. Bir so`z bilan aytganda, avvalo atrof muhitning ifloslanganligi va uning qanchalik zararli ekanligi, so`ngra tabiatning musaffoligi, uni asrab-avaylash har birimizning ishimiz ekanligi kitobda mohirona tasvirlab berilgan. Bu nafaqat bolalarga, balki ota-onalarga ham qaratilgan ishoradir.
Bu yurtdagi ekologik ta'limning bog`cha bosqichida chiqindini idishlarga to`g`ri tashlash (qog`oz parchasi 2-5 yil davomida chirishi haqidagi hikoya bilan birga, yog`och tayoqchalar), qishda uyda isitishni «to`liq hajmda» yoqish o`rniga issiq kiyim kiyish (Koreyada markaziy isitish tizimi yo`q, hamma alohida gazli qozondan foydalanadi, mos ravishda tabiiy gazni tejashadi), iloji bo`lsa faqat mashinada harakatlanish o`rniga piyoda yoki velosipedda yurish, daraxtlar va gullar ekish, yozda konditsionerni suiiste'mol qilmaslik va elektr energiyasini tejash uchun chiroqlarni o`chirish, isrof qilmaslik uchun tishni yuvayotganda suvni o`chirish kabi oddiy ilk ko`nikmalar shakllantiriladi. Janubiy Koreyada bolalar bog`chalarida 2-3 yoshli kichkintoylar ham kitob o`qiydilar va bitta daraxt bizga va hayvonlarga qancha «sovg`alar» berishi mumkinligi haqida hikoya qila oladi – bu havo, oziq-ovqat va suv bo`lishi mumkin. Bolalar tez-tez ixtisoslashtirilgan muzeylarga ekskursiyaga borishadi. Hatto bolalar chiqindilarni utilizatsiya qilish jarayonlari bilan bevosita tanishishlari mumkin bo`lgan markazlar mavjud.
Kichkintoylar nafaqat o`simlik va hayvonot bog`lariga, balki barcha turdagi qishloq xo`jaligi ob'ektlariga olib boriladi. Shunday qilib, ular kuzda kartoshka qazishga, bahorda ekishga boradilar. Albatta, qishloq bolalari bunday ekskursiyalarga muhtoj emas. Lekin shaharlik bolalar sabzavot va mevalar supermarketdagi javonlarda o`smasligini bilishi juda foydali.
Kichkintoylar bu tushuntirishlarning barchasidan hayrat tuyushadi. Shuning uchun bo`lsa kerak, bunday kurslar maktabgacha yoshdagi bolalarda bolalikdan tabiatga alohida g`amxo`rlik bilan qarashni shakllantirish uchun maxsus o`qitiladi.
Koreyada maktabgacha yoshdagi bolalarni ekologik tarbiyalash, bu erda bir yildan ortiq vaqt davomida olib borilayotgan davlat miqyosidagi ijtimoiy dasturning bir qismidir. Televideniyeda o`rnini to`ldirib bo`lmaydigan tabiiy boyliklar borligi haqida videolavhalar tinimsiz namoyish etiladi.
Aslida ekologik ta'lim-tarbiya bolaning bog`cha yoshidanoq singdirilishi aynan bugun uchun dolzarb masala. Chunki har birimiz kelajakda farzandlarimiz yashaydigan dunyoni yaratamiz. Farzandlarimiz esa o`z zurriyodlari uchun kelajakni yaratishadi. Shunday ekan, bola murg`akligidanoq har qanday tabiiy boylikning, resurslarning, ichimlik suv va o`simliklarning abadiy emasligini anglab ulg`aysa, uning atrof muhitga bo`lgan munosabati ham faqatgina g`amxo`rlikdan iborat bo`ladi. Huddiki bola o`z onasiga g`amxo`rlik qilganidek.
Demakki, haliyam kech qolmaslik uchun koreys xalqi kabi ekologik ta'limni go`daklikdanoq odamlar ongiga singdirayotgan davlatlardan o`rnak olib, bog`cha va maktablarda ekologik ta'lim yo`nalishini yo`lga qo`yish kerak va zarurdir.
Saida Rustam qizi