O‘quv yili boshida ko‘pchilik bolalarda darsdan keyin toliqish, charchoq alomatlari, dars qilishga xohish yo‘qligi kuzatiladi. Bu ayniqsa, 1-sinfga chiqqan yoki quyi sinflarda o‘qiydigan maktab o‘quvchilarida ko‘p uchraydi. Bunday vaziyatda ota-onalar ularga qanday qilib yordam berishi mumkinligi haqida maslahatlar bilan bo‘lishamiz.
Aytish mumkinki, boladagi bu holat o‘tkinchi va buni yengib o‘tishda ota-onaning yordami kerak. Ma'lumki, yozgi ta'til vaqti uzoq davom etadi va bola ruhan hamda jismonan bunga moslashib qoladi. Ta'til tugab, odatdagi tartibga qaytish uchun esa bolaga ma'lum vaqt kerak bo‘ladi. Lekin shu vaqt ichida charchoq oqibatida unda kuzatiladigan dangasalik holatiga ko‘z yumib bo‘lmaydi. Chunki bola ta'lim muhitiga kirisha olmasligi uni keyingi bilimlarni yaxshi tushunmasligiga va o‘zlashtirmasligiga olib keladi.
Mutaxassislarning aytishicha, bu charchoq holati surunkali davom etaversa, bolada bosh aylanishi, ko‘rish qobiliyati pasayishi, yurakning tez urishi kabi ta'sirlar kuzatiladi.
Bolaning charchashiga yana bir sabab – maktab sumkasining og‘irligi. Odatda kichik sinfda o‘qiydigan bolalar ortiqcha buyumlarini ham sumkalarida olib yurishga odatlanishadi. Ma'lum bo‘lishicha, 6-8 yoshdagi o‘quvchilar sumkasi og‘irligi 2 kg.gacha, 9-13 yoshdagi o‘quvchilar 3 kg.gacha, 14 yoshda 5 kg.gacha, 15–16 yoshda 6 kg.gacha bo‘lishi maqsadga muvofiq hisoblanadi. Shuning uchun ota-onalar bolaga qulay muhit va imkon yaratishi, muntazam ravishda farzandlarining maktab sumkasini nazorat qilishi kerak.
Bundan tashqari, bolaning ovqat ratsioni shu paytda eng muhim omillardan biri hisoblanadi. Shuningdek, bolalarda charchoq oqibatida ular toqatsiz, e'tiborsiz, dars vaqtida gaplashadigan, ya'ni intizomsiz bo‘lib qolishadi. Yaqin orada biror kasallikni boshdan kechirgan ayrim bolalar esa bo‘shang, horg‘in, kuchsiz bo‘lib, yaxshi fikrlay olmaydi.
Yozgi ta'tildan keyingi charchoq holatining eng asosiy sababi – kun tartibining o‘zgarishidir. Ta'til davomida erkin rejimda uxlab o‘rgangan bola erta turishga ko‘nikishi qiyin bo‘ladi. Buning oldini olish uchun ta'tilning so‘nggi kunlarida ota-ona bolani ertaroq uxlashi va ertaroq uyg‘onishga o‘rgatib borishni boshlashi lozim. Ta'tildan keyingi ilk o‘quv pallasida bola ko‘proq dam olishi kerak. Biroz o‘tib u vaziyatga moslashib ketadi.