Malaka toifasi berilgan ChQBT fani o`qituvchilarining lavozim maoshi mos keluvchi malaka toifasiga ega maktab o`qituvchilarining lavozim maoshiga tenglashtiriladi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta'lim vazirligi xabar berdi.
Unga ko`ra, 8 noyabr' kuni Vazirlar Mahkamasining “Ta'lim muassasalarida chaqiruvga qadar boshlang`ich tayyorgarlikni tashkil etish tartibi to`g`risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilingan.
Qaror bilan Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi hamda Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga:
2024 yil 15 yanvardan chaqiruvga qadar boshlang`ich tayyorgarlik fani o`qituvchilariga ta'lim tashkilotlarining boshqa fan o`qituvchilari uchun belgilangan tartibda malaka toifasi berish hamda ularni Toshkent davlat pedagogika universiteti, Farg`ona davlat universiteti va Buxoro davlat pedagogika instituti harbiy ta'lim fakul'tetlarida malakasini oshirish ishlarini yo`lga qo`yish;
2024 yil 20 fevralga qadar Mudofaa vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Sog`liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda chaqiruvga qadar boshlang`ich tayyorgarlik fanining yangi o`quv dasturi va darsligini ishlab chiqish kabi vazifalar yuklandi.
Shuningdek, malakaviy attestatsiya xulosasiga ko`ra malaka toifasi berilgan ChQBT fani o`qituvchilarining bazaviy lavozim maoshlari umumta'lim muassasalarida – mos keluvchi malaka toifasiga ega bo`lgan fan o`qituvchilarining bazaviy lavozim maoshiga tenglashtirilishi belgilandi.