Dunyoning qaysi mamlakati, qaysi nuqtasida bo`lishidan qat'i nazar ta'lim jarayoni eng muhim hisoblanadi. Zero, o`quv dasturi noto`g`ri yo`lga qo`yilsa va alohida nazoratga olinmasa, bu taraqqiyot poydevorini buzishi turgan gap.
Ta'lim dasturlari va bolalar o`rganayotgan darsliklar nafaqat millionlab ta'sirchan onglarni shakllantiradi, balki bu keyingi 10-15 yildagi jamiyatning ko`rinishini ham belgilaydi. Boshqacha aytganda bugun yaxshi ta'lim olgan bola kelgusida jamiyatning rivojlanishiga hissa qo`shsa, ta'limi nazoratga olinmagan bolalar esa ertasi yo`q jamiyatni shakllantiradi.
Yaqinda mamlakatimizda yangi o`quv yili uchun darsliklarning etishmayotgani haqida turli tanqidiy maqolalar e'lon qilindi. Bu mavzu keng muhokamalar markaziga aylandi. Ammo aslida darslikning etishmasligidan ko`ra o`sha darsliklarning sifatsizligi kattaroq muammolarga sabab bo`ladi. Chunki bu muammo bugun, erta yoki bir necha oy emas, bir necha o`n yillikdagi taraqqiyot yo`lini belgilab beradi.
Yana bir asosiy jihat shuki, darsliklar bilim manbai bo`lishi kerak, siyosiy qurol emas. Horijiy nashrlarda yozilishicha, Rossiyada nashr etilgan darsliklarda Ukraina bosqini oqlab ko`rsatilgan, bosib olinayotgan erlar aslida ruslarniki ekani uqtirilgan. Ammo jahon hamjamiyati bu fikrga qo`shilmasligi tayin. Bundan tashqari, Falastindagi bolalar darsliklarida ham yahudiylarga nisbatan nafrat tasvirlangan va bu Isroilga nisbatan zo`ravonlikni rag`batlantiradi, deb hisoblamoqda xorijiy ommaviy axborot vositalari.
Darhaqiqat, o`quvchiga oqni oq, qorani qora deb yoki aksincha holatda o`rgatish kerak emas. Shunchaki qanday ishlar bo`layotgani uqtirilsa, bolaning o`zi oq va qorani ajratib olaveradi. Ya'ni siyosiy bilimlar borasida darsliklarda qaysidir tomonning nohak ekanligi yoritilishi shart emas. O`quvchiga vaziyatni boricha, shaffof ko`rsatish va uni baholashni o`ziga qo`yib berish kifoya qiladi. Zero, insoniyatga kimningdir so`ziga quloq tutib ergashib ketaveradigan emas, o`z fikriga, dunyoqarashiga ega, intellektual yoshlar kerak.