x

Bog`chadan tortib universitetgacha davom etadigan vatanparvarlik tadbirlarining nega samarasi past? Nima uchun bolalarga potentsial jinoyatchiga qaragandek qaraladi, o`smirlik inqirozi esa tarbiyasizlik deb baholanadi? 

“Oqni oqdan, qorani qoradan ajratib olish kerak. Qilayotgan ishning oqibatini o`ylash kerak”. Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda ichki ishlar xodimlari mana shunday pand-nasihatlar bilan bog`cha bolalariga ma'ruza qilayotgani aks etgan video tarqaldi. Holat jamoatchilik muhokamasiga sabab bo`ldi.

Gap shundaki, bolalarning xavfsizligiga qaratilgan bunday targ`ibot tadbirlari o`tkazilishi lozim, lekin bunday uslubda emas. Ho`sh, o`zi aslida bu kabi targ`ibot tadbirlari qay tarzda tashkil etilishi kerak? Umuman, O`zbekistonda bola psixologiyasiga munosabat qanday? O`sib kelayotgan avlod bilan til topisha olmaslik qanday oqibatlarni yuzaga keltirishi mumkin?

— Ichki ishlar xodimlarining bog`cha bolalariga «tushuntirish ishlari» olib borayotgan videosi tarqaldi. Bu holatga munosabatingiz qanday?

Rozaliya Gabdulhakova: Bog`cha bolasining II xodimlari bilan uchrashuvi yomon emas, chunki ularda ichki ishlar xodimlariga nisbatan ishonch uyg`onishi kerak. Lekin bunda ham oldin bog`cha tarbiyachilari “militsiya” xodimlaridan yomon obraz shakllantirib qo`ymagan bo`lishi kerak.

Ijtimoiy tarmoqlarda kulgi ostiga olingan videodagi gaplarni yosh bolalar tushunmaydi. Eslab qolmagan ham. Bu yoshdagi bolalarga tushuntirilmoqchi bo`lgan narsalar, masalan, ko`chadagi xavfsizlik, ba'zi holatlarda o`zini qanday tutish kabilarni amaliy tarzda, o`yinlar bilan o`rgatish kerak. Faqat gapirishning o`zi bilan bolalarga tushuntirib bo`lmaydi, bu narsalar ularning xotirasida ham qolmaydi. Chunki bolaning diqqati chegaralangan bo`ladi, shunga ular uzoq e'tibor berib tinglay olmaydi. E'tibor bergan bo`lsangiz, videodagi bolalar hammasi shunchaki jim o`tirish uchun chidab o`tirishibdi, xolos. Ularning barchasining xayollari tarqoq.

Sayyora Azlarova: Bog`cha yoshidagi bolalarda etakchi faoliyat turi asosan o`yinlar bo`ladi. Shuning uchun ham ularga biror bir ma'lumotni etkazish uchun ham mana shu etakchi faoliyat turiga qarash kerak. Ya'ni bola 7-8 yoshdan boshlab vaziyatlarga axloqiy baho berishni boshlaydi. Ungacha esa axloq tushunchasining o`zi bo`lmaydi. Ya'ni biror bir qadriyat, axloqiy tizim degan narsani shu yoshdan keyin tushunishni boshlaydi. Bola uchun biror narsani yaxshi yomon, oq-qora deb ajratish etarli emas, buni amaliy shaklda ko`rsatib berish kerak.

Vaziyatdagi ichki ishlar xodimlarini ham tushunsa bo`ladi, ular bola psixologiyasini bilmaydi, shunchaki aytilgan buyruqni o`zlari bilgan usulda bajarishgan.

Rozaliya Gabdulhakova: Videodagi gaplarda xavfsizlikka oid aytarli gap yo`q edi. Menimcha, bu kabi uchrashuvlar aniq bir maqsadga yo`naltirilgan, ma'lum reja asosida bo`lgani yaxshi. To`g`risini aytsak, vatanparvarlik hissi bog`cha bolasida bo`lmaydi, ularda manfaat hissi ustun turadi. Bu yoshda ma'lum bir narsalarga, masalan, davlat ramzlari – gerb, bayroqqa nisbatan yaxshi munosabatda bo`lishni o`rgatish mumkin. Boshqa davlatlarda milliy bayrog`iga nisbatan munosabatini yoki milliy valyutaga bo`lgan munosabatni ko`rish mumkin.

Ya'ni qadriyatlar tanlab olinadi-da, ularga munosabatni shakllantirish orqali vatanparvarlikka birinchi qadamlarni bog`chadan qo`yish mumkin. Lekin “vatanni sev” deyish bog`cha bolasi uchun shunchaki balandparvoz, ahamiyatsiz gap.

Sayyora Azlarova: Aslida vatanparvarlik hissi bolaga singdirilishi kerak bo`lgan muhim narsa. Lekin bizda buning tizimi, metodologiyasi yo`lga qo`yilmagan. Bu borada Yaponiya, Janubiy Koreya tajribasini ko`p kuzataman, bu bo`yicha ijtimoiy roliklar ham mavjud. Bolaga vatanparvarlik hissi bunday davlatlarda daxldorlik, axloqiy qadriyatlarni singdirib borish bilan berib boriladi. Deylik, qaysidir hududni o`ziga tegishli deb bilish, toza saqlash, kimlargadir g`amxo`rlik qilish kabi hislari orqali mansublik, mas'uliyat shakllantiriladi. Bola qaysidir ma'noda o`sha hududga aloqadorlik, toza saqlash hissi uyg`onganidan faxrlanishni boshlaydi. Mana shunday tarzda sekin-sekin vatanparvarlik hissiga o`tilsa, to`g`ri yondashilgan bo`lar edi.

— O`zbekistonda bola psixologiyasi bilan ishlash qanday yo`lga qo`yilgan, sizningcha? O`zi ta'limda bola psixologiyasi deganda, nimani tushunishimiz kerak?

Rozaliya Gabdulhakova: Ta'limda bolaning ruhiyati inobatga olinsa, uning maqsadlari kengayadi. Ya'ni faqat akademik maqsad emas, hozir qaysidir she'rni yodlashim kerak, qanday qilib bo`lsa ham deyilmasligi kerak. Balki bu jarayonda bola bu she'rdan qanday foyda oladi, uni yodlaganda o`zini qanday his qiladi, yodlash unga qulaymi yoki noqulaymi, bir kunda uni yodlashga jismonan ulgura oladimi kabi ko`proq jihatlar nazarda tutiladi. Maktablar – ta'lim olish dargohi bo`lishdan tashqari, bolaning asosiy vaqt o`tkazadigan joyi hisoblanadi. Bola aynan maktabda odamlar, jamiyat bilan munosabat o`rnatishni o`rganadi. Mana shu jihatlar e'tiborga olinsa, hozirgi vaziyat butunlay boshqacha bo`lgan bo`lardi. Ya'ni bolalar qo`rqitib darsda olib o`tirilmasdi, 2 baho orqali manipulyatsiya qilinib, o`qishga majburlanmagan bo`lardi. Hammasiga nazar umuman boshqacha bo`lgan bo`lar edi.

Sayyora Azlarova: O`smir yoshgacha bolalar men kimman, degan savolga javob qidiradi. Javobni esa 6 yoshgacha uydan, undan keyin maktabdan oladi. Bolaning birinchi ustozini tanlash juda muhim, bizda esa ko`pchilik maktabni tanlaydi. Bolaga pedagogning munosabati unga o`zining munosabatini shakllantiradi. O`smir yoshgacha bola men kimman, degan savolga javoblar yig`adi va keyin uni namoyish qila boshlaydi. Shuning uchun uydagi va maktabdagi munosabat muhim. Bizda esa aksariyat pedagoglar bolalar bilan to`g`ri munosabatda bo`lmaydi. Fidoyi o`qituvchilarimiz ham bor, ammo ular kam. Biz birinchi navbatda pedagoglarni to`g`ri tarbiyalashimiz kerak.

Bolaga shaxs sifatida qaralmasa, shunga yarasha natija ko`rsatadi bola ham. Ko`pchilik o`qituvchilar potentsial jinoyatchiga qaragandek qaraydi bolaga. O`smirlik inqirozi, o`zini namoyon qilishga bo`lgan harakatlar tarbiyasizlik deb baholanadi. Bolaning psixologiyasi shunday.

OTMda ikki yil psixolog sifatida ishlaganman. U erda eng katta muammolardan biri tadbirlar edi. Dars jadvallari, talabalarning holati (darslardan keyin charchagan bo`lishadi) umuman hisobga olinmaydi. Bundan tashqari, o`sha tadbirlarni tashkil etishga o`qituvchilar jalb qilinadi, qanaqadir hisobotlar yozishadi. Bu esa ularning vaqtini oladi, asosiy ishi dars berish bo`lgan o`qituvchilarni charchatib qo`yadi. O`z kasbidan bezish boshlanadi. Tadbirbozlik, byurokratiya charchatib tashlaydi.

 

To Top ↑
To Top ↑