Prezidentning 27.09.2023 yildagi “Maktabgacha ta'lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni yanada qo`llab-quvvatlashga oid qo`shimcha chora- tadbirlar to`g`risida”gi PQ-316-sonli qarori qabul qilindi.
Hujjatning maqsadi – davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlari faoliyatini yanada qo`llab-quvvatlash va ularning tarmog`ini kengaytirish.
Qarorga muvofiq tadbirkorlik sub'ektlariga, ularning xohishiga ko`ra 2018-2022 yillarda davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlarini tashkil etish uchun tuzilgan bitimlarga muvofiq ajratilgan imtiyozli kreditlar bo`yicha imtiyozli davr muddatini 2024 yil 1 oktyabrga qadar uzaytirishga ruxsat etiladi.
Bunda:
- imtiyozli davr davomida tadbirkorlik sub'ektlari tomonidan kredit bo`yicha faqat foiz to`lovlari amalga oshiriladi;
- imtiyozli davrda to`lanishi lozim bo`lgan asosiy qarz bo`yicha to`lovlar kredit davrining qolgan qismiga teng miqdorda taqsimlanadi.
Qaror bilan belgilanishicha, DHSh asosidagi nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlarini tashkil etish uchun imtiyozli kreditlar loyiha tashabbuskorlariga quyidagi tabaqalashtirilgan foiz stavkalarida va shartlarida ajratiladi:
- Toshkent shahrida – 10 yil muddatga, shu jumladan 2 yillik imtiyozli davr bilan yillik 12 foiz stavka bo`yicha;
- Nukus shahri, viloyatlar ma'muriy markazlari va viloyatga bo`ysinuvchi shaharlarda – 10 yil muddatga, shu jumladan 2 yillik imtiyozli davr bilan 5 foiz stavka bo`yicha.
- tumanlarda – 10 yil muddatga, shu jumladan 2 yillik imtiyozli davr bilan yillik 5 foiz stavka bo`yicha.
Bu shartlar 12.04.2021 yildagi “Maktabgacha ta'lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi PQ-5071-sonli qaroriga asosan tabaqalashtirilgan foiz stavkalari bo`yicha ajratilgan imtiyozli kreditlarga ham tatbiq etiladi.
Kreditlar ajratilganda, ular bo`yicha foiz stavkalarining tabaqalashtirilgan foiz stavkalaridan oshadigan, birov Markaziy bank asosiy stavkasining 1,75 baravarigacha bo`lgan qismi Tadbirkorlik faoliyatini qo`llab-quvvatlash davlat jamg`armasi tomonidan kompensatsiya qilinadi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma'lumotlari milliy bazasida e'lon qilingan va 27.09.2023 yildan kuchga kirdi.