x

Oliy ta'lim

Qanday toifadagi xotin-qizlarning kontrakt pullarini davlat to`lab beradi? Kimga, qachon murojaat qilish kerak? Hudud24.uz bakalavr bosqichida o`qiyotgan ayrim toifadagi xotin-qizlarning kontrakt pullarini davlat tomonidan to`lab berish tartibi haqida ma'lumot beradi.

Qanday toifadagi xotin-qizlarning kontrakti davlat tomonidan to`lab beriladi?

Ijtimoiy ehtiyojmand oila vakillari, etim yoki ota-onasining qaramog`idan mahrum bo`lgan xotin-qizlar davlat OTMlari bakalavr bosqichida kontrakt asosida o`qiganida ularning kontrakt to`lovlari hokimliklar tomonidan to`lab beriladi.

Magistraturada o`qiyotgan barcha xotin-qizlar kontrakti to`lab beriladi, bu haqida navbatdagi maqolalarimizda batafsil ma'lumot beriladi.

Hususiy universitetda o`qiyotgan xotin-qizlar kontrakti ham to`lab beriladimi?

Yo`q, ikkinchi mutaxassislikda yoki O`zbekistondagi xorijiy, xususiy OTMlarda o`qiyotgan xotin-qizlarning kontrakti to`lab berilmaydi.

Shuningdek, kontrakti to`lab beriladigan xotin-qizlarlar soni cheklangan va bu ijtimoiy mezonlar asosida aniqlanadi. Bunda har bir viloyatdan jami 150 nafar xotin-qizlar kontrakti to`lab beriladi, ularning 40 tasi 1-kurs uchun, 100 tasi 2- va undan yuqori kurs uchun.

Hotin-qizlar qanday mezonlar asosida aniqlanadi?

Kontrakti to`lab beriladigan xotin-qizlar quyidagi mezonlar asosida tanlab olinadi:

a) “Ijtimoiy himoya yagona reestri”da kam ta'minlangan deb e'tirof etilgan oilalardagi xotin-qizlar;

b) etim yoki ota-onasining qaramog`idan mahrum bo`lgan talaba xotin-qizlar;

v) boquvchisini yo`qotgan (turmush o`rtog`i vafot etgan), voyaga etmagan farzandlarni yolg`iz tarbiyalayotgan ehtiyojmand ayollar.

Kimga, qachon murojaat qilish kerak?

Hotin-qizlar kontraktini to`lash uchun arizani “mandat” e'lon qilingan kundan boshlab arizani 10 kun ichida OTM qabul komissiyasiga berishi kerak. Hozir ariza berishning ayni vaqti.

Arizaga hech qanday hujjatlarni ilova qilish shart emas, kerakli hujjatlarni OTM qabul komissiyasi eletkron shaklda o`zi oladi.

Qabul komissiyasi xotin-qizlar ro`yxatini shakllantirib 5 kunda Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga yuboradi. Vazirlik 5 kunda ro`yxatni o`rganib chiqib, xotin-qizlarning yashash joylaridagi hokimliklarga yuboradi

Hokimliklar xotin-qizlarni tanlab olish uchun komissiya tuzadi (namunaviy ro`yxat bu erda). Komissiya 5 kunda ro`yxatdagi har bir xotin-qizlarning yashash joyiga borib sharoitini o`rganadi.

Komissiya quyidagilar asosida ro`yxatdan 150 kishini tanlab oladi:

o`rganish natijasiga ko`ra aniqlangan ma'lumotlar;

xotin-qizlarning o`qishga kirishda to`plagan ballari;

hududlardagi (tuman (shaharlar)lardagi) kadrlarga bo`lgan ehtiyoj;

xotin-qizlar o`qiyotgan kursi (kursning nima ahamiyati bor degan savol bo`lishi mumkin, sababi 1-kurslarga 40 ta kvota ajratilgan, qolgan kvota yuqori kurslarga).

Saralab olingan 150 nafar xotin-qizlar ro`yxati Oila va xotin-qizlar qo`mitasiga yuboriladi hamda qo`mita 10 kunda tavsiyanoma tasdiqlab hokimliklarga qayta yuboradi.

O`qishdan haydalsa nima bo`ladi?

Hotin-qizlar o`qish joyini yoki ta'lim yo`nalishini o`zgartirsa, shuningdek talabalar safidan chetlashtirilsa, kontrakt bo`yicha imtiyoz bekor qilinadi.

Hokimliklar tanlab olingan xotin-qizlarning kontraktini har chorak yakunigacha 4 ga bo`lib to`lab beradi.

Hotin-qizlar komissiya faoliyatidan norozi bo`lsa, sudga murojaat qilishi mumkin.

To Top ↑
To Top ↑